9.2. Relyatsion ma’lumotlar ombori.
Ma’lumotlar omborining afzalliklaridan yana biri bir necha ma’lumotlar
omborini bir-biri bilan bog‘lab, ma’lumotlar jamg‘armasini yarata olishdir.
Elektron jadvallar bilan tanishganimizda ularning ham alohida-alohida
sahifalarga joylashgan bir necha jadvallardan iborat bo‘lishi va biron sahifadan
turib, boshqa sahifada joylashgan katakchalardagi ma’lumotlardan foydalana
olishimiz mumkinligi bilan ham tanishganmiz. Elektron jadvallarda bunday
bog‘lanishlar odatda kamdan-kam uchrasa, ma’lumotlar jamg‘armasida omborlar
orasidagi bog‘lanishlar juda keng qo‘llaniladi.
Masalan, xodimlarning oylik maoshini hisoblash uchun tuzilgan
ma’lumotlar ombori xodimlarning ismi-sharifi va mansabini xodimlar bo‘limi
ma’lumotlari omboridan oladi. Ish haqi tarqatilgach, ish haqining umumiy
miqdori g‘aznaning kirim-chiqimlari saqlanadigan ma’lumotlar omboriga
jo‘natiladi. Bu yerdagi bog‘lanishlar doimiy bo‘lib, ma’lumotlar omboridagi
axborotlarning ko‘p qismi boshqa omborlardan olinadi.
Bunday bog‘lanishlarning tabiati bilan yaqinroq tanishish uchun "kutubxona"
ma’lumotlar omborini yaratamiz. Masalani soddalashtirish uchun kutubxonadan
faqat o‘quvchilargina foydalanadi va kutubxonada faqat darsliklar bor, deb faraz
qilamiz. Kutubxona faoliyatining asosiy maqsadi o‘quvchilarni darsliklar bilan
ta’minlashdan iborat. Buning uchun kutubxonada necha turdagi darsliklar va har
bir darslikdan qancha borligi, maktabdagi o‘quv sinflari ro‘yxati va
o‘quvchilarning bu sinflar bo‘yicha taqsimlanganligi haqidagi ma’lumotlar kerak
bo‘ladi. Bu ma’lumotlarning "kutubxona" ma’lumotlar omboridagi boshqa
axborotlardan farqi shundaki, ular boshqa axborot omborlarida yaratiladi va biz
yaratayotgan ma’lumotlar omborida tayyor axborotlar sifatida foydalanilishi
mumkin.
Haqiqatan ham, kutubxonada mavjud bo‘lgan darsliklar ro‘yxati, soni va
narxlari buxgalteriya ma’lumotlari omborida "moddiy boyliklarning harakati"
sifatida mavjud. O‘quvchilar ro‘yxati esa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor
o‘rinbosarining ma’lumotlar omboridan olinishi mumkin. O‘quvchilar haqidagi
ma’lumotlar ombori qanday axborotlardan iborat bo‘ladi? Shu haqida fikr
yuritaylik.
O‘quvchilar to‘g‘risidagi kerakli ma’lumotlar ularning ismi-sharifi,
tug‘ilgan sanasi, turar joyi manzili, telefoni, ota-onasi, o‘qiydigan sinfi,
fanlardan olgan bilimlarining choraklar bo‘yicha bahosi va boshqa ma’lumotlardan
iborat bo‘ladi. Bu ma’lumotlardan faqat bir qismi "kutubxona" ma’lumotlar
omborida foydalanish uchun ajratib olinadi. Masalan, o‘quvchining uy manzili yoki
informatika fanidan olgan baholari haqidagi ma’lumotlar kutubxona uchun kerak
emas, lekin uning ismi-sharifi, sinfi haqidagi ma’lumotlar kutubxonachi uchun
zarur.
102
Demak, "kutubxona" ma’lumotlar omborini yaratayotganimizda o‘quv jarayoni
ma’lumotlar omboridagi axborotlarning bir qismidan foydalanamiz. Xuddi
shunga o‘xshash, kutubxonada mavjud darsliklar haqida ma’lumotlar
yig‘ayotganimizda buxgalteriya ma’lumotlar omboridagi axborotlarning bir qismi
bizga kerak bo‘lmaydi. Masalan, darsliklarning qaysi tashkilot tomonidan yetkazib
berilganligi va bu tashkilotga qachon pul o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar
kutubxona uchun zarur emas.
Agar biz yuqoridagi ma’lumotlar omborlaridan o‘zimizga kerak
ma’lumotlarni ajratib olib, ular asosida yangi ma’lumotlar omborlarini
tuzadigan bo‘lsak, u holda ba’zi bir muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Masalan,
biror sinfga yangi o‘quvchi kelib, u haqidagi ma’lumotlar o‘quv jarayoni
axborotlari omboriga kiritilgani bilan kutubxona bu o‘zgarishlardan bexabar
qoladi. Yoki maktabga yangi darsliklar keltirilsa va ular haqidagi ma’lumotlar
buxgalteriya ma’lumotlar omboriga kirilsa ham, bu "kutubxona" ma’lumotlar
omborida aks etmaydi. Shu sababli bu ma’lumotlarni "kutubxona" ma’lumotlar
omboriga qaytadan kiritishga to‘g‘ri keladi, bu esa xatolar o‘tib ketishi
natijasida turli omborlarda turli axborotlar saqlanishiga olib keladi.
Demak, biz "kutubxona" ma’lumotlar omborini yaratayotganimizda boshqa
ma’lumotlar omborlaridan foydalanishimiz va ish jarayonida ular bilan doimo
bog‘lanib turishimiz kerak bo‘ladi. Boshqa ma’lumotlar omborlari bilan
birgalikda ishlaydigan, ya’ni bir necha ma’lumotlar omboridan iborat bo‘lgan va bu
omborlar o‘zaro chambarchas bog‘langan bo‘lsa, bunday ma’lumotlar ombori relyatsion
ma’lumotlar ombori deb ataladi. Relyatsion (relation) so‘zi ingliz tilidan
tarjima qilinganda “munosabat”, “bog‘lanish” degan ma’nolarni bildiradi.
Ismi-sharifi
Sinf
Kod
Abdullayev A.
8-a
1121
Bahromov Sh.
8-a
1127
Davronov H.
8-b
1168
Davronova Z.
8-b
1170
Muhiddinov M.
8-b
1176
Naimov K.
8-a
1129
Noilov H.
6-d
875
Saidahmedov S.
7-a
960
Sirojov S.
5-a
666
To‘laganov B.
6-d
891
Ma’lumotlar omborlari orasidagi bog‘lanishlarni o‘rganib chiqamiz.
Bog‘lanishlarning o‘zi 4 turda bo‘lishi mumkin:
a) birga-bir;
b) birga-ko‘p;
s) ko‘pga-bir;
d) ko‘pga-ko‘p;
103