Konflikt haqida umumiy tushuncha Konfliktning mazmuni va mohiya (1)
3-mavzu: Konfliktning rivojlanish bosqichlari va mexanizmi. Reja: 1. Konfliktlar haqida ilk tasavvurlar.
2. Yangi davrda konfliktlar xaqida tasavvurlar.
3. Konfliktologiya va marksizm
4.Konfliktlar haqidagi hozirgi zamon konsepsiyalari
O’tgan asrlarda ijod qilgan faylasuflar, tarixchilar, yozuvchilarning asarlarida, afsonalarida va g’oyalarida vujudga kelishi ehtimol bo’lgan konfliktlarning yuzaga kelish sabablari va ularni tugatish yo’llari haqida muayyan fikrlar bildirilgan. O’tmishda konfliktlarni hal etishning asosiy usuli sifatida urug’-qabila oqsoqollari, dohiylarining yakka hokimligi tushunilgan. Biroq ilk davlatchilik tuzilmalarining vujudga kelishi har doim ham jamiyatda uyg’unlikka olib kelmagan, ba’zida ijtimoiy notenglikni keskinlashtirgan, konfliktlarni yaqqol namoyon etgan va kuchaytirgan. Shu bois asrlar davomida insonlar urushlar bo’lmaydigan, nizolar va adovat barham topadigan mukammal kelajakka ishonch hissi bilan yashaganlar.
Qadimgi yunon faylasuflari birinchilardan bo’lib ijtimoiy konfliktlarning tabiatini to’g’ri tushunishga uringanlar. Mashhur qadimgi faylasuf-dialektik olim Geraklit (er.av. 530-470 y.y.) urushlar va ijtimoiy konfliktlar haqidagi fikrlarini borliqning tabiatiga bo’lgan qarashlarning umumiy tizimi bilan bog’lashga harakat qilgan. Uning fikricha, «koinotda hukm suruvchi yagona umumiy qonun - bu urushdir, u hamma narsaning otasi va shohidir. U kimlarnidir xudolar va kimlarnidir insonlar qilib yaratadi, insonlarining ba’zilarini qul, boshqalarini erkin qilib belgilaydi. Hamma narsa, shu jumladan inson muloqoti normalari ham abadiy aylanma harakat va bir-biriga aylanish ta’sirida bo’ladi. Dunyoda barcha narsa adovat va nifoq orqali tug’iladi»1. Geraklitning bu so’zlari ijtimoiy taraqqiyot jarayonida kurashning ijobiy rolini to’g’ri asoslashga bo’lgan dastlabki urinishlardan biri ekanligini ko’rsatadi.
Konfliktlar tabiati haqidagi ingliz faylasufi Frensis Bekon (1561-1626) tomonidan bildirilgan fikrlar ham o’ziga xosdir. U birinchi bo’lib mamlakat ichkarisidagi ijtimoiy konfliktlar sabablari majmuini chuqur nazariy tahlil qildi, ijtimoiy tartibsizliklarning moddiy, siyosiy, ruhiy sharoitlarini hamda ularni bartaraf qilish usullarini qarab chiqdi. U ijtimoiy tartibsizliklarni yuzaga kelishida moddiy sabablarning hal qiluvchi rolini chuqur anglab yetdi. Shulardan biri xalqning nochor moddiy ahvoli hisoblanadi.
F.Bekon konfliktlarni oldini olishning muayyan vositalariga ham e’tibor qaratgan. U ijtimoiy konfliktlarning moddiy sabablarini mumkin bo’lgan barcha usullar bilan, ular ichida alohida o’ringa ega bo’lgan jamiyatdagi ayrim tabaqalarning qoniqarsiz ahvolini mumkin qadar barcha vositalar bilan bartaraf qilish zarurligini ta’kidlagan.
J.J.Russoning «tabiiy holat» tabiatiga doir qarashlari uning ko’pchilik zamondoshlari tomonidan ma’qullangan. Mashhur nemis faylasufi I.Kant (1724-1804) esa, “Qo’shnichilik asosida yashovchi insonlar orasidagi tinchlik holati tabiiy holat emas, … aksincha, u urush holatidir, ya’ni agar to’xtovsiz dushmanchilik harakatlari bo’lmasa ham ularning doimiy tahdidi mavjud. Demak, tinchlik holati o’rnatilishi lozim”1. Bu yerda muayyan qarama-qarshi nuqtai nazarni borligini ko’rish mumkin. Bir tomondan, T.Gobbs kabi «tabiiy holat»ga «barchaning boshqalarga urush qilish» holati deb qarash, boshqa tomondan esa, J.J.Russo singari kelgusida tinchlik va totuvlikning butunlay yangi holatini o’rnatilishi imkoniyatiga bo’lgan ishonch aks ettirilgan.
Yangi davrning tarixiy doirasida ham ijtimoiy konfliktlarning sabablari va ularni oldini olish istiqbollari haqida turlicha fikrlar bildirilgan. Biroq bu fikrlar qanchalik turli-tuman bo’lmasin ularda jamiyat rivojlanishida odamlar o’rtasidagi totuvlik va hamjihatlikning hal qiluvchi rolini, o’rta asr qoldiqlariga, tartibsizliklariga va urushlarga umumiy salbiy baho berish, kelgusida «abadiy tinch» hayotga erishish imkoniyatiga bo’lgan umidlarni tan olinishi xosdir.