I. Kirish Pedagogik konfliktologiya» fanining o’quv-uslubiy majmuasi bakalavriatning «Pedagogika va psixologiya» ta’lim yo’nalishi davlat ta’lim standartlari va «Pedagogik konfliktologiya» fanining fan dasturida belgilangan talablarga muvofiq egallanishi lozim bo’lgan bilim, ko’nikma, malaka va kompetentsiyalarni shakllantirish, fanga oid jahondagi ilm-fan, texnika, texnologiyalarning so’nggi yutuqlarini, ilg’or xorijiy tajribalarni keng yoritish va ularni hisobga olgan holda fan mavzularini shakllantirish, o’quv jarayonini kompleks loyihalash asosida kafolatlangan natijalarga erishish, mustaqil bilim olish va o’rganish hamda nazoratni amalga oshirishni ta’minlaydigan o’quv-uslubiy vosita bo’lib, talabaning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga yo’naltirilgan o’quv-uslubiy manbalar, didaktik vositalar va materiallar, elektron ta’lim resurslari, o’qitish texnologiyasi, baholash metodlari va mezonlarini o’z ichiga oladi.
Oila – jamiyatning boshlang‘ich ijtimoiy bo‘g‘inidir. U o‘zida oila a’zolarining ehtiyojlari, qiziqishlari, maillari, tarbiyasi va boshqa ijtimoiy faoliyat turlarini aks ettiradi. Ota-onalarning bola shaxsiga ilmiy dunyoqarash asoslari, ma’naviy-axloqiy, nafosat, mehnat va boshqa ijtimoiy omillarni shakllantirish maqsadida tizimli ta’sir ko‘rsatish jarayoniga oilaviy tarbiya deyiladi. Oilalar Respublikamiz va qishloqlarning yagona ijtimoiy-iqtisodiy umumiyligi asosida rivojlanadi. Ayni paytda oilaviy turmush va oilaviy tarbiya o‘zining milliy xususiyatlariga ham egadir. Pedagogik diognostikada oila tarbiyasi o‘z milliy va demokratik xususiyatlari bilan bir-biridan farqlanishini hisobga olish, oilaviy tarbiyada oilaning moddiy farovonligi, madaniy-ma’naviy saviyasi, osoyishtaligi, oila a’zolarining soni, tarkibi alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘quv maskanlarida beriladigan ta’lim-tarbiya darajasi bilan o‘quvchi-talaba shaxsining oilaviy turmush tarzi orasidagi aloqadorlikning pedagogik jihatdan ta’minlanganligi hamda ta’lim oluvchilarning yutuqlari, ularda shaxsiy sifatlarning tarkib topib borishini jadallashtiradi.