Yoshlarning xulqida uchraydigan nuqsonlar: yolg‘onchilik, agressivlik, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda o‘quv maskanlarida beriladigan ta’lim-tarbiyaning ta’sirini oshirish yo‘llarini tadqiq etishda oila diagnostikasining muhim ahamiyati mavjud.
Pedagogika va psixologiya fanlarida ota-onalar bilan ish olib borishga doir turli xil yondashuvlar mavjud. Bulardan K.Leongard, G.Myunsterberg, Dembo-Rubinshten, E.Klimov, I.Grebennikov, A.Q.Munavvarov, M.Quronov, O.Musurmonova, L.Mahmudovalar tomonidan yosh va pedagogik-psixologiyaga asoslangan holda yaratilgan ma’rifiy-axborotli yondashuvlardir. Bu yondashuvlarning mazmun va mohiyatidan kelib chiqqan holda ota-onalarga uzluksiz va ma’lum tizim asosida yordam berish maqsadida oila uchun ommaviy ta’lim dasturlari ham ishlab chiqilgan. Bu dasturlar asosida oilaning yoshlar tarbiyasidagi rolini faollashtirishga muvaffaq bo‘linmoqda.
O‘zbek xalqining milliy xususiyatlari:axloqiylik, o‘zini-o‘zi anglash, milliy tuyg‘u, milliy madaniyat, milliy kiyinish va yurish-turishda o‘z aksini topadiki, o‘zbek oilasining tuzilishi va shaxslararo munosabatini o‘rganishda bularni chetlab o‘tish mumkin emas.
O‘zbek oilalari tuzilishiga quyidagi sifatlar xosdir:ko‘p bolalik; oilada otaning bosh tarbiyachi sifatida namoyon bo‘lishi; qarindoshchilik, bir necha avlodlarning birgalikda yashashi.
Oilashunos olimlar:S.T.Inamova, V.Karimova, O.Musurmonova, F.Habibullaevalar tomonidan oilaning asosiy funksiyalari turlicha klassifikatsiya qilingan. Bu o‘rinda oila funksiyalarini sanab o‘tish bilan kifoyalanmay, balki ularni bir tomondan odamlarning moddiy xo‘jalik-maishiy va ikkinchi tomondan, emotsional va ijtimoiy-psixologik ehtiyojlarini qondiruvchi funksiyalarga farqlash muhim.
Jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lmish - oilalarning vazifalari turli-tuman: Har bir oila ijtimoiy tizim sifatida jamiyat oldida quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi: iqtisodiy, reproduktiv, tarbiyaviy, rekreativ, felisitologik, kommunikativ, relaksatsiya, regulativ (boshqaruv).