Marketingning quyidagi turlari mavjud:
Mahsulotga mo’ljal olingan marketing. Korxona faoliyati yangi mahsulot
yaratishga yoki chiqarilayotganini takomillashtirishga yo’naltirilganda qo’llaniladi.
Iste’molchiga mo’ljal olingan marketing korxona faoliyati bozordan kelib
chiqadigan talablarni qondirishga yonaltirilgan hollarda qo’llaniladi. Bunda
marketingning bosh vazifasi – potensial talablarni o’rganish, bozor “tirqishi”ni
izlash. Korxonalarning faoliyatida marketingning ikkala turini bir vaqtning o’zida
qo’llash maqsadga muvofiqdir. Mana shunday kombinatsiyalashgan marketing
faoliyati
integrallangan marketing deb ataladi.
Demarketing – ishlab chiqarish quvvatlarining yetarli darajada emasligi,
tovar resurslari va xomashyoning cheklanganligi tufayli tovar yoki xizmatlarga
bo’lgan talabni kamaytirishga yo’naltirilgan marketing turi. Demarketing asosan
kamyob tovarlar va xizmatlar bo’yicha qo’llaniladi. Talabni pasaytirish uchun
narxlarni ko’tarish, reklamadan voz kechish va boshqa usullar qo’llanilishi
mumkin.
Sinxromarketing – talab ishlab chiqarish quvvatlaridan sezilarli darajada
baland yoki aksincha, ushbu tovarni ishlab chiqarish hajmi bozorning talabidan
ko’p bo’lgan sharoitlarga yo’naltirilgan.
Konsentratsiyalangan marketing – marketing harakatlarini bir yoki bir
nechta kichik bozorda jamlashni ko’zda tutadi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi marketingning ham
zamonaviy turlari paydo bo’lishiga olib keldi. Jumladan, internet-marketing,
SMM, PR-marketing va boshqalar. Ular umumlashtirilgan holda “raqamli
marketing” deb atalmoqda. Internetda ulkan axborot imkoniyatlari mavjud. Bu
yerda har qanday reklama xabari, audio, video, flash texnologiyasidan foydalangan
holda, matn, grafika va multimedia ko’rinishida bo’lishi mumkin. Ushbu veb-
resurs keng maqsadli auditoriyaga samarali ta’sir ko’rsatishga imkon beradi.