Ta’limning onglilik va ijodkorlik tamoyili. Ta’limning onglilik tamoyili o‘qitish sifati bilan bog’liq. O‘quvchilar olgan bilim yuzaki, mexanik, yodlab olish tarzida kechsa u hech qanday samara bermaydi. Ta’lim sohasida milliy islohotlar amalga oshirilayotgan hozirgi paytda bozor iqtisodiyotiga mos raqobatbardosh, har tomonlama kamol topgan yoshlarni tarbiyalash har qachongidan ham muhim vazifa hisoblanadi. O‘quvchilarni darsga ongli ishtirok etishlari bir necha omillarga bog’liq: 1) O‘quv maqsadi (motiv). 2) O‘qitish uslubi. 3) O‘quvchilar psixologiyasi.
Ta’limning onglilik tamoyili amalga oshirilgan taqdirda o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, ijodkorlik xislatlarini shakllantirishga erishish mumkin. Mustaqil fikrlash, ijodiy yondashuv kabi tushunchalar tez o‘zgaruvchan bozor iqtisodi sharoitida yoshlardan talab etilayotgan asosiy vazifa hisoblanadi.
Ta’limning ko‘rgazmalilik tamoyili. Didaktika tarixiga nazar solsak ta’limning ko‘rgazmalilik tamoyiliga katta e’tibor berilganligining guvohi bo‘lamiz.Ko’rgazmalilik tamoyili YA.A Komenskiy tomonidan kashf etilgan deb aytiladi. Ta’limning ko‘rgazmaliligiga quyidagicha ta’rif berish mumkin. “Ta’lim mavhum tasavvurlar va so‘zlar asosida emas, balkim o‘quvchi bevosita idrok etadigan konkret obrazlar orqali amalga oshiriladi”. Ko‘rgazmalilik usuli turli yoshdagi o‘quvchilarda turlicha yo‘llar bilan amalga oshiriladi. Fizika fanini ko‘rgazmali usulda o‘qitish turli xildagi O‘TV, zamonaviy kompyuterlar vositasida amalga oshiriladi. Hozirgi paytda ko‘zga ko‘rinmas va tez kechadigan fizik jarayonlarni kompyuter orqali modellashtirish ta’lim jarayoniga kirib kelmoqda. Ko‘rgazmalilik usuli ta’limning samaradorligini oshirishga, o‘quvchilarni darsga qiziqish bilan ishtirok etishlarini ta’minlab o‘quvchilarni fizika fanidan chuqur va mustahkam bilim olishlariga imkoniyat yaratadi. Shuni ham yoddan chiqarmaslik lozimki, ko‘rgazmalilik usuli og’zaki bayon usuli bilan ham ohang olib borilishi lozim.
Didaktikada so‘z bilan ko‘rgazmalilikni qo‘shib olib borishning ikki yo‘li mavjud. Birinchi yo‘l o‘qituvchi mavzuni bayon etishdan avval ko‘rsatma qurollar yordamida hodisani namoyish etadi. Ikkinchi yo‘l ko‘rgazma qurol namoyish etishdan avval uning bayoni beriladi. Bu ikkala usuldan qaysi biri samaraliroq hisoblanadi? Bu ikkala usuldan qaysi birini tanlash dars mavzusiga bog’liq, birinchi usulda muammoli vaziyat vujudga keladi va u o‘quvchilar diqqatini oshiradi, dars mavzusini ongli o‘zlashtirishiga erishiladi, ikkinchi usulda esa vaqt kamroq sarflanadi.