Kurs ishi topshirdi: D. To’ychiyeva Tekshirdi: S. Qurbonov Andijon-2022 Mavzu: Navoiy dunyoqarashining g’oyaviy manbalarini o’rganish haqida. Reja


Navoiyning o‘z asarlaridagi ma’lumotlar



Yüklə 45,49 Kb.
səhifə2/5
tarix14.06.2022
ölçüsü45,49 Kb.
#61409
1   2   3   4   5
Navoiy dunyoqarashining g’oyaviy manbalarini o’rganish haqida

Navoiyning o‘z asarlaridagi ma’lumotlar.
Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ilk ma’lumot beruvchi manba bu shubhasiz ulug‘ shoirning o‘z asarlaridir. Shoir garchi o‘z tarjimai holini maxsus yozib qoldirmagan bo‘lsa-da, lekin Navoiyning deyarli barcha asarlarida uning shaxsiyati, ijodiy va ijtimoiy faoliyati haqida muayyan fikrlar keltiriladi. Xususan, “Vaqfiya”, “Munshaot” asarlarida ulug‘ shoirning ijtimoiy faoliyati aks etsa, “Majolisu-n-nafois”, “Xamsa”, “Munojot”, “Xazoyinu-l-maoniy” kabi asarlarida shaxsiy hayoti, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”, “Xamsatu-l-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” kabi asarlarida shoir qalamiga mansub ba’zi asarlarning yozilish tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarni uchratish mumkin. Navoiyshunos olim Sh.Sirojiddinov bu ma’lumotlarni quyidagi guruhlarga ajratishni tavsiya qiladi:

  • Yoshlik davri.

  • Murabbiylari.

  • Tutingan farzandlari.

  • Suhbatdoshlari.

  • Navoiy va Jomiy hamkorligi.

  • Navoiy va saroy.

Zamondoshlarining asarlarida keltirilgan ma’lumotlar.
Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki baxtli sayyoralarning kelib chiqishi va daryolarning qo‘shilishi”) asari shoir haqida ma’lumot beruvchi ilk manbadir. Bu asar 1467-1470 yillar oralig‘ida yaratilgan va bevosita hazrat Navoiyning nazorati ostida yakunlangan. Bu asardagi ma’lumotlar keyinchalik boshqa tarixiy asarlarda aynan takrorlanadi. O‘sha davrning yana bir tarixchisi Muhammad ibn Xovandshoh Mirxondning “Ravzatu-s-safo” (“Soflik bog‘i”) asarida ham Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Asar 7 jilddan iborat bo‘lib, Navoiyning bevosita topshirig‘i va homiyligida yaratilgan. “Ravzatu-s-safo” O‘rta Sharq va Osiyo tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, Navoiy haqidagi ma’lumotlar asarning asosan 7-qismida – Sulton Husayn Boyqaro saltanati davri tavsifida uchraydi.
Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkiratu-sh-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) asari Alisher Navoiy nomi zikr etilgan ilk tazkiradir. Tazkirada besh asr davomida yashab faoliyat yuritgan 150 ga yaqin ijodkor haqida ma’lumot keltiriladi. Asar 1486 yilda yaratilgan bo‘lib, muqaddima, 7 qism va xotimadan iborat. Hazrat Navoiy hayoti va faoliyatiga doir ma’lumot asarning xotima – muallifga zamondosh shoirlar haqidagi qismida keltirilgan.
Mu’iniddin Muhammad al-Zamjiy al-Isfizoriyning “Ravzatu-l-jinnot” (“Jannat bog‘i”, 1492) asarida hazrat Navoiyning Bodgis viloyatining Chihil duxtaron qasabasida rabot qurdirgani, Farididdin Attor mozori ustida ravoqli imorat solgani haqidagi ma’lumot keltiriladi.
Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, “Haft avrang” (“Yetti taxt”), “Nafahotu-l-uns” (“Do‘stlik tarovati”) asarlarida ham Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar keltiriladi. Xususan, Sa’diy SHeroziyning “Guliston” i ta’sirida yaratilgan “Bahoriston” asari 8 ravza (bob)dan iborat bo‘lib, 7-ravzada 39 shoirdan biri sifatida Alisher Navoiyga to‘xtalib o‘tiladi va uning komil axloqi ijodidan ham yuksakroq ekanligi ta’kidlanadi.
Husayn Boyqaroning “Risola”sida ham hazrat Navoiyning turkiy tildagi ijodi, xususan, she’riyati hamda “Xamsa” asariga yuksak baho berilib, buyuk shoir “so‘z mulkining kishvaristoni, sohibqironi” deb ulug‘lanadi.
G‘iyosiddin Humomiddin Xondamirning “Xulosatu-l-axbor” (“Xabarlar xulosasi”, 1498-1499) va “Habibu-s-siyar” (“Do‘stlar siyrati”, 1515-1523) asarlarida Husayn Boyqaroning Xuroson taxtiga o‘tirishi va Alisher Navoiyning Hirotga qaytishidan boshlab, ulug‘ shoirning vafot etishigacha bo‘lgan davr oralig‘idagi voqealar bayon qilinadi. Tarixchining “Makorimu-l-axloq” asari esa Navoiyning yuksak axloqiga bag‘ishlangan maxsus risola bo‘lib, shoir tarjimai holiga doir muhim faktik ma’lumotlarning keltirilganligi bilan ahamiyatlidir.
Zayniddin Vosifiy qalamiga mansub “Badoye’u-l-vaqoye’” (“Go‘zal voqealar”) xotiralar to‘plamining to‘rt bobi (XIV-XVII) Alisher Navoiy shaxsiyatiga bag‘ishlangan. Unda hazratning fe’li-sajiyasi, zamondoshlari bilan ijodiy muloqotlari, Navoiy bilan bog‘liq turli qiziqarli voqealar haqida so‘z boradi.
Shuningdek, Abdulloh Hotifiyning “Layli va Majnun”, Husayn Voiz Koshifiyning “Javohiru-t-tafsir” (“Tafsir javohirotlari”, 1493-1494), Atoulloh Asiliyning “Ravzatu-l-ahbob” (“Do‘stlik bog‘i”), Atoulloh Mahmud Husayniyning “Badoye’u-s-sanoye’” (“Badiiy san’atlar”), Shamsiddin Muhammad Badaxshiyning “Risolai muammo”, Husayn bin Muhammad Husayniyning “Risolai muammo” (1499), Ahliy SHeroziyning “Kulliyoti Ahliy SHeroziy”dagi muvashshah-qasidai masnu’si va boshqa ko‘plab asarlarda ham Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va ijtimoiy faoliyati haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan.
XVI-XIX asrlardagi tazkira, lug‘at, tarixiy va badiiy asarlar.
Alisher Navoiy haqidagi ma’lumotlar XV asrdan keyingi tazkira, tarixiy va badiiy asarlarda ham keltirib o‘tiladi. Xususan, Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” tazkirasi Navoiyning “Majolisu-n-nafois” tazkirasi asosida yaratilgan bo‘lib, tazkiraning birinchi bob, to‘rtinchi faslida “Amir Haydar Alisherning muqaddas yodi” sarlavhasi ostida buyuk shoirning “Xamsa”si va turkiy g‘azallarining umumiy hajmi, forsiy tildagi she’rlaridan parcha keltiriladi .
Faxriy Hirotiyning “Latoifnoma” asari Alisher Navoiyning forsigo‘y xalqlar orasida mashhur bo‘lishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur asar aslida “Majolisu-n-nafois”ning fors tiliga qilingan tarjimasidir. Asarning muallif tomonidan qo‘shimcha tarzda kiritilgan 9-majlisi bevosita hazrat Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. “Latoifnoma”da buyuk shoirning ota-bobolari, Sulton Husayn Boyqaro bilan bolalikdan davom etib kelgan do‘stlik rishtalari, Navoiyning Samarqanddagi hayoti, davlat arbobi sifatidagi faoliyati, mol-davlati hajmi, vafoti tafsilotlari bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar keltirilgan. Faxriy buyuk shoir asarlaridan 14 tasi nomini ham sanab o‘tadi.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari Alisher Navoiy shaxsiyati va uning ijodiga berilgan bahoning o‘zgachaligi bilan alohida ajralib turadi. Asarda Navoiyning sulton Husayn Boyqaro bilan hammaktab ekanligi, Sulton Abu Sa’id Mirzo tomonidan surgun qilinganligi, Samarqandda Ahmad Hojibek homiyligi ostida yashaganligi, tab’i nozikligi, olti masnaviy (“Xamsa” va “Lisonu-t-tayr”), to‘rt devon (“Xazoyinu-l-maoniy”) tartib berganligi, “Munshaot”ni tuzganligi haqida ma’lumotlar keltirilishi asnosida shoirning “Mezonu-l-avzon” va “Devoni Foniy” asarlari xususida ba’zi tanqidiy fikrlar ham bildiriladi.
Mirzo Haydar Do‘g‘lotning “Tarixi Rashidiy” asari ikki jilddan iborat bo‘lib, asosan 1541-1545 yillar oralig‘ida yozib tugallangan. Asarda hazrat Navoiyning Sulton Husayn bilan bolalikdan do‘st ekanligi, keyinchalik uning saroyida xizmat qilganligi, fazlu hunar ahliga homiylik qilganligi, ko‘plab imoratu binolar, masjidlar qurganligi, tab’i nozikligi bilan bog‘liq fikrlar boshqa tarixiy manbalardagi ma’lumotlarga mos kelgani holda shoirning otasi uyg‘ur baxshi(kotib)laridan ekanligi va oddiy odam bo‘lganligi haqidagi qarashlar tarixiy asosga ega emas deb aytish mumkin.
Lutf Alibek Ozarning “Otashkadai Ozariy”, Som Mirzo Safaviyning “Tuhfai Somiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Majmu’au-l-fusaho” (“Go‘zal so‘z egalarining to‘plami”) kabi asarlarida ham hazrat Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq fikrlar muayyan darajada bayon qilib berilgan.
Bu davrda Alisher Navoiy asarlarini chuqurroq o‘rganish uchun maxsus lug‘atlar ham tuzila boshlaydi. Navoiy hayotining so‘nggi yillarida uning asarlari asosida “Badoye’u-l-lug‘at” (tuzuvchi Tole’ al-Iymoniy al-Haraviy), bir oz keyinroq “Lug‘ati Navoiy” yaratiladi. 1560 yilda Aloyi binni Muhibiy “Al lug‘atu-n-Navoiyat va-l-istishhodatu-l-chig‘atoiyat” (“Navoiy lug‘ati va chig‘atoy tili dalillari”) lug‘atini tuzadi. Shuningdek, bu davrda Navoiy asarlaridagi ko‘pgina so‘zlarni usmonli turk tilida tushuntirish maqsadida “Abushqa” lug‘ati ham yaratiladi. XVIII asrda Mirzo Maxdiyxon tuzgan “Mabonu-l-lug‘at” (“Lug‘at poydevori”), XIX asrda Fath Ali Kojariyning “Lug‘oti atrokiya” (“Turklar lug‘ati”), Muhammad Xoksor tomonidan 1798 yilda tuzilgan “Muntaxabu-l-lug‘at” (“Tanlangan lug‘atlar”) hamda Shayx Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy” kabi asarlarida ham Alisher Navoiy ijodidan olingan parchalarga keng o‘rin ajratiladi.
Navoiy ijodining ilmiy mezonlar asosida o‘rganilishi.
O‘tgan asrning 20-30 yillaridan boshlab yurtimizda Alisher Navoiy ijodini chinakam ilmiy mezonlar asosida o‘rganishga kirishildi. Bu sohadagi dastlabki qadam sifatida Abdurauf Fitratning “Navoiyning forsiy shoirlig‘i ham uning forsiy devoni to‘g‘risida” (“Maorif va o‘qitg‘uchi” jurn., 1925) va “Farhodu Shirin” dostoni to‘g‘risida” (“Alanga” jurn., 1930) maqolalarini ko‘rsatish mumkin.
Butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqi miqyosida Navoiy tavalludining 500 yilligini keng nishonlash haqida qaror qabul qilinishi munosabati bilan “Xamsa”ning qisqartirilgan varianti (Sadriddin Ayniy, 1939), “Chor devon”, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”, “Mahbubu-l-qulub” asarlari nashr qilindi, turli tadqiqot va monografiyalar yaratildi, shoir asarlari rus, ukrain, tojik, ozarbayjon va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilindi. Olim Sharafiddinov (“Alisher Navoiy”, 1939), M.Shayxzoda (“Genial shoir”, 1940), V.Abdullayev (“Navoiyning Samarqanddagi hayoti va faoliyati haqida”, 1940) kabi olimlarning tadqiqotlari yaratildi; A.Borovkov, YE.E.Bertels, H.Olimjon, X.Zarif, O.Usmonov, M.Shayxzoda hamda boshqa ijodkor va olimlarning ilmiy maqolalarini o‘z ichiga olgan “Rodonachalnik uzbekskoy literaturi” (“O‘zbek adabiyotining asoschisi”, 1940) to‘plami e’lon qilindi.
Sobiq Ittifoq hududida 1941 yilda II jahon urushi boshlanganligi sababli Alisher Navoiy yubileyi 1948 yil may oyida nishonlandi va shu munosabat bilan YE.E.Bertels (“Navoi. Opit tvorcheskoy biografii”), O.Sharafiddinov (“Alisher Navoiy. Hayoti va ijodiyoti”), S.Ayniy (“Alisher Navoiy”)larning ilmiy risolalari e’lon qilindi.
XX asrning 60-yillaridan boshlab navoiyshunoslik yanada sermahsul ishlarni amalga oshirdi. “Xamsa”ning mukammal nashri (Porso Shamsiyev, 1960), “Xazoyinu-l-maoniy”ning akademik nashri (Hamid Sulaymonov, 1959-60) va Alisher Navoiy “Asarlar”i 15 tomligining e’lon qilinishi navoiyshunoslikdagi muhim voqealardan bo‘ldi. O‘tgan asrning 90-yillarigacha Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan tadqiqotlar ro‘yxatining o‘zi alohida bir kitobni tashkil qiladi (Alisher Navoiy:1441-1501 yil. Adabiyotlar ko‘rsatkichi, 1991). 1987-2003 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti hamda H.S.Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti tomonidan Alisher Navoiyning 20 jildlik “Mukammal asarlar to‘plami” e’lon qilindi . P.Shamsiyev, N.Mallayev, V.Zohidov, I.Sulton, H.Sulaymonov, A.Qayumov, S.G‘aniyeva, A.Rustamov, A.Hayitmetov, A.Abdug‘afurov, S.Erkinov, B.Valixo‘jayev, Y.Ishoqov, N.Komilov, R.Vohidov, M.Hakimov, L.Zohidov kabi olimlar navoiyshunoslik taraqqiyotiga alohida hissa qo‘shdilar.
Mustaqillik yillaridan boshlab Alisher Navoiy ijodini yangicha tamoyillar asosida o‘rganish boshlandi. I.Haqqulovning “Tasavvuf va she’riyat” (1991), “Navoiyga qaytish” (2007), S.Hasanovning “Navoiyning yetti tuhfasi” (1991), M.Muhiddinovning “Ikki olam yog‘dusi” (1991), H.Qudratullayevning “Alisher Navoiyning adabiy-estetik qarashlari” (1991), A.Hayitmetovning “Navoiyxonlik suhbatlari” (1993), “Temuriylar davri o‘zbek adabiyoti” (1996), A.Abdug‘afurovning “Buyuk beshlik saboqlari” (1995), R.Vohidovning “Alisher Navoiyning ijod maktabi” (1994), “Alisher Navoiy va ilohiyot” (1994), N.Komilovning “Tasavvuf” (1996-1999; 2009), S.Olimovning “Ishq, oshiq va ma’shuq” (1992), “Naqshband va Navoiy” (1996), N.Jumayevning “Satrlar silsilasidagi sehr” (1996), A.Hojiahmedovning “Navoiy aruzi nafosati” (2006), A.Qayumovning o‘n ikki jildlik “Asarlar” (2010), “Dilkusho takrorlar va ruhafzo ash’orlar” (2011), Alibek Rustamovning “Hazrati Navoiyning e’tiqodi”, (2010), Sh.Sirojiddinovning “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy tipologik, tekstologik tahlili” (2011), N.Komilovning “Ma’nolar olamiga safar” (Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar, 2012) kabi tadqiqotlari; M.Hamidovaning “Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining ilmiy-tanqidiy matni va matniy tadqiqi” (1994), M.Muhiddinovning “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi”(“Xamsa”larning birinchi dostoni asosida, 1995), Q.Ergashevning “O‘zbek nasrida insho” (Navoiyning “Munshaot”i misolida, 1996), M.Akbarovaning “Alisher Navoiy g‘azallarida qofiya” (1997), Sh.Sirojiddinovning “Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga oid XV-XIX asrlarda yaratilgan fors-tojik manbalari” (qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlil, 1998), A.Erkinovning “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqinining XV-XX asr manbalari” (1998), K.Mullaxo‘jayevaning “Alisher Navoiy g‘azaliyotida tasavvufiy timsol va badiiy san’atlar uyg‘unligi: (“Badoye’ ul-bidoya” devoni misolida, 2005), S.O‘tanovaning “Alisher Navoiy g‘azaliyotida rang simvolikasi” (2007), Z.Mamadaliyevaning “Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi ramziy obrazlar tizimi” (2011) kabi dissertatsion ishlari shular jumlasidandir.
Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibiga kiruvchi besh doston 2006 yilda asl matni va mukammal nasriy bayoni bilan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan lotin yozuvida nashr etildi.
Alisher Navoiy tavalludining 570 yilligi munosabati bilan shoir asarlarining 10 jildligi e’lon qilindi . Shuningdek, “Xazoyinu-l-maoniy” kulliyoti tarkibiga kiruvchi 4 devon ham nashrdan chiqdi.


Yüklə 45,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin