www.ziyouz.com kutubxonasi
318
Bugun kechasi Bobur ichkarida hadeb behalovat bo‘lavergandan keyin Tohir savdarlarni
chaqirib, uni to‘shagi bilan hovlidagi usti ochiq marmar supaga chiqartirdi.
Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi.
Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana
girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday ko‘rindi. Bobur
ko‘zini yumdi:
— Badanimda... qon uyushib qolayotganday... — dedi Tohirga.
Tohir uning yelkalarini, qo‘llarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur
bundan sal yengil tortganday bo‘ldi-yu, ko‘zini ochib yana osmonga qaradi.
Yulduzlar endi joy-joyida to‘xtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning g‘arb
tomonidagi Yetti Og‘ayni yulduzlari ufqqa og‘ib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir to‘p
bo‘lib Hulkar yulduzlar ko‘tarilib kelyapti.
— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa bo‘lib chiqar edi, — dedi Tohir.
Bobur ham bolaligi o‘tgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Og‘ayni yulduzlari
o‘sha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib o‘tib, g‘arbga botib ketardi. O‘sha yerda ham Yetti
Og‘ayni ufqqa bosh qo‘ygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib
borardi. Bobur o‘smirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka o‘xshatar
edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik
yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida
Andijonda ko‘rgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga so‘nggi
bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sog‘lom yigitga
aylanib, Andijon chorbog‘ining supasida yotganday bo‘ldi.
Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli
osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi...
Tun yarmidan oshganda Tohirning o‘kirib yig‘lagani qorong‘i bog‘ni zir titratdi...
* * *
Mavlono Fazliddin Kobulda Boburga anvoyi rangli marmarlar bilan ziynatlangan serfayz
bir maqbara qurishga ulgurdi, lekin Xonzoda begim nomiga madrasa qurish unga nasib
bo‘lmadi, uning bu orzusini oradan yuz yillar o‘tgandan so‘ng Boburning chevarasi Shoh
Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahalda ulug‘ hind me’morlari ro‘yobga chiqargan
bo‘lsalar ehtimol.
Tohir «Boburnoma»dan ko‘chirilgan nusxalarni adibning Andijondagi, Toshkent va
Samarqanddagi muxlislariga eltib topshirgach, o‘zi Robiya bilan birga Quvaga qaytdi.
Ular umrlarining qolgan qismini tug‘ilgan yurtlarida o‘tkazdilar. Biroq o‘g‘illari Safarbek
mavlono Fazliddinning farzandlari bilan birga Agrada umrbod qoldilar va o‘sha yerda oila
qurib, hind xalqiga qo‘shilib ketdilar.
Bobur tuzgan ulkan davlat o‘z qudrati va madaniy yodgorliklari bilan jahonga tanilib,
uch asr umr ko‘rdi-yu, tarixda qoldi. Uning o‘g‘il avlodlari bugungi kunga yetib
kelolmadilar — eng oxirgi boburiylar o‘tgan asrlarda ingliz mustamlakachilari davrida
mahv etildi.
Faqat Bobur o‘z qo‘li bilan yozgan asarlar haligacha tirik bir qalbning haroratiga to‘lib,
odamlarga hamon ma’naviy oziq va zavq beryapti. To‘g‘ri, uning bir umri qorong‘i
osmonda olovli iz qoldirib uchgan yulduzdek tez so‘ndi. Lekin o‘lmas asarlari sahifasida
salkam besh asrdan beri davom etib kelayotgan ikkinchi umri— bu yulduzning tundan
tongga qarab uchganini va o‘z nurini kelajakka yo‘naltirganini aytib turibdi. Bobur qalb
o‘tiga yo‘g‘irib yaratgan madaniy meros bugungi sernur avlodlarni bahramand qilgani
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
319
sari uning ana shu ikkinchi umri ham qorong‘i tunlardan keyingi yorug‘ kunlarda astoydil
obod bo‘lyapti.
1969—1999
Islom.uz
ma'rifat markazidan olindi.
www.ziyouz.com
-2007
Dostları ilə paylaş: |