www.ziyouz.com kutubxonasi
44
o‘ziga olganday bo‘lib.
Mulla Fazliddin pargorni yerdan ko‘tarar ekan:
— Yo‘q, aksincha, begim, sizning nazaringiz tushgan naqsh yanada yaxshiroq chizilgay!
— Men eshitdimki, mavlono musavvir ham emishlar.
— Aslida me’morlar musavvirlik san’atidan xabardor bo‘lmoqlari darkor.
— Undoq bo‘lsa mening suratimni chizib ko‘ring!
Kutilmagan bu taklifdan cho‘chigan mulla Fazliddin atrofga alanglab qaradi. To‘rxonada
boshqa hech kim yo‘q. Shunday bo‘lsa ham ovozini pasaytirib dedi:
— Bajonidil chizar edim... Faqat...
— Xavotir olmang, mavlono, men sir saqlashga qodirmen!
— Agar men chizgan surat narigi dunyoda jon talab qilsa, qaydan topurmen, begim?
Mulla Fazliddin bu so‘zlar bilan shariat surat chizishni man etganini, agar qo‘lga tushsa
joni xavf ostida qolishini aytmoqchi edi. Xonzoda begim uning ochiq aytolmagan fikrini
tushundi-yu, jilmaydi:
— Agar suratim uchun sizdan jon talab qilsalar, menga ayting, men o‘z jonimni
bergaymen!
...Mulla Fazliddin po‘lat sandiqda yashirib yurgan suratni mana shu gaplardan keyin
chizishga jur’at etgan edi. Shundan keyingi to‘polonlarda u Xonzoda begimni uzoq vaqt
uchratolmay yurdi.
Nihoyat, bultur kuzda mana shu Buratoqqa Xonzoda begimning o‘zi kelib qoldi. Bobur
Samarqandga ketishda o‘z onasi va egachisiga «O‘shdagi hujradan xabar olursizlar»,
deb tayinlab qo‘ygan ekan. Mezon oyida O‘shga mehmon bo‘lib kelgan Xonzoda begim
bitta kanizi bilan Buratoqqa chiqdi. Mulla Fazliddin o‘sha paytda yolg‘iz shogirdi bilan
ishlamoqda edi. Har bitta g‘ishtni, yog‘ochni, har bir ko‘za suvni pastdan olib
chiqqunlaricha tinkalari qurib ketardi. Marmar yo‘nib sangkorlik qilishga sangtarosh yo‘q.
Sirlangan koshin olish-ga pul yo‘q. Bu hammasi mulla Fazliddinni juda qiynab qo‘ygan.
Lekin bu mushkulotlarni Xonzoda begimga qandoq aytadi? Begimning marvarid qadalgan
ipak toqisi*dan tortib uchi qayrilgan qizil etikchasigacha butun borlig‘i shunday nafis
ko‘rinar, bu samoviy go‘zallik oldida tosh va g‘ishtdan gap ochish juda erish tuyulardi.
Biroq Xonzoda begim mulla Fazliddindan bo‘lajak hujraning rejasi chizilgan tarhni so‘rab
oldi. Qog‘ozga qarab turib:
— Gumbazini koshin bilan bezatmoqchi bo‘libsiz, koshiningiz yetarlikmi? — dedi.
Mulla Fazliddin endi dardini aytishga majbur bo‘ldi. Bu qiz me’morlik san’atidan ham
xabardor bo‘lib, anchagina kitob mutolaa qilgan ekan.
— Bobur mirzo zafar bilan qaytsalar, xudo rahmati otamning o‘sha orzularini ro‘yobga
chiqarurlar, — dedi. O‘shanda yana o‘zingiz bosh bo‘lursiz, mavlono!
Dunyoda hali hech bir tovush mulla Fazliddinga bunchalik yoqimli tuyulmagan edi.
Xonzoda begim har gal uni «mavlono», deb ulug‘lash bilan go‘yo porloq bir istiqbol va’da
qilganday bo‘lardi. Podshoh oilasidan me’morchilik san’atini shunchalik biladigan,
qadrlaydigan ittifoqdosh topilgani mulla Fazliddinning ko‘nglini ko‘taribgina qolmay,
qalbida g‘alati bir zavq va dadillik uyg‘otdi.
U sirpanchiq qoyatoshga ko‘tarilishdan ko‘ra tushish qiyinligini bilar edi. Shuning uchun
Xonzoda begimni pastga kuzatib tusha boshladi. Xalq «qilko‘prik» deb nom qo‘ygan tor
va xatarli tosh so‘qmoqdan o‘tayotganlarida Xonzoda begimning oyog‘idagi tagi silliq
charmdan tikilgan etigi toyib ketdi. Xonzoda begim muvozanatini yo‘qotib, yonida
borayotgan kaniziga qo‘l cho‘zdi. Ammo kaniz ham zo‘rg‘a kelayotgan edi, ikkovi barobar
chayqalib ketdi. Kaniz qo‘rqib chinqirib yubordi. Ular pastdagi chaqir toshlarga yiqilib
tushadigan bo‘lganda mulla Fazliddin oldinga sakrab o‘tib, ikkovini ikki qo‘li bilan
quchoqlab tutib qoldi. Yoshgina kaniz qo‘rqqanidan mulla Fazliddinning yelkasiga