II-QISM II - TEIL GRAMMATIKA 2-MAVZU : MORFOLOGIYA 2.1 Kirish (Einleitung)
Grammatika fani tilning grammatik qurilishi haqidagi ta’limot bo‘lib, unda so‘zlarning gapda o‘zgarishi va birikishi haqidagi qoidalar o‘rganiladi.
Grammatika bir-biri bilan uzviy ravishda bog‘langan ikki asosiy qism-morfologiya va sintaksisdan tarkib topgan.
Morfologiya(grekcha morfe- shakl va logos-so‘z; ta’limot) grammatikaning bir qismi bo‘lib, unda so‘z turkumlari, so‘z turkumlariga xos grammatik kategoriyalar, so‘zlarning yasalishi va grammatik o‘zgarishi, tuzilishi va shunga oid qonuniyatlar o‘rganiladi.
Sintaksis (grekcha sintaksis-tuzish) gap haqidagi grammatik ta’limot bo‘lib, unda so‘zlarning birikishi, gap va uning tuzilishi hamda turlari o‘rganiladi.
Tildagi har bir so‘z ma’lum leksik va grammatik ma’noni ifodalab keladi.
So‘zning ob’ektiv borliq (narsa, belgi, harakat kabilar) haqidagi tushunchani anglatishi uning leksik ma’nosidir. So‘zning morfologik tuzulishiga, ularning o‘zaro bog‘lanishiga ko‘ra ifodalanadigan ma’no so‘zning grammatik ma’nosidir. Masalan, (er) arbeitet so‘zining ish-harakatni anglatishi leksik ma’no bo‘lsa, hozirgi zamonni, uchinchi shaxsni, birlikni va aniqlik maylini bildirib kelishi grammatik ma’nosidir.
So‘zning grammatik ma’nosi uning grammatik formalari orqali belgilanadi.
2.2 So‘zning morfologik strukturasi So‘zning morfologik sutrukturasi morfemalardan tashkil topadi.
Morfema (grekcha morphe – shakl) so‘zning bo‘linmas eng kichik ma’no anglatadigan qismidir. U so‘z tuzilishida dastlabki morfologik elementdir.
So‘zning morfologik strukturasini hosil etuvchi morfemalar xususiyatiga ko‘ra ikki turga: o‘zak morfema va affiksal morfemaga bo‘linadi
O‘zak (Wurzel). O‘zak tilda so‘zning asosiy leksik ma’nosini ifoda etadi. Uning sostavida grammatik ma’no ifoda etadigan boshqa elementlar, shuningdek so‘z yasovchi morfemalar bo‘lmaydi. Masalan: schön, die Schönheit, verschön-ern, be-schön-ig-en, die Ver-schön-erung, die Be-schön-ig-ung. So‘zlarining hammasi uchun schön o‘zak hisoblanadi.