Leksikografiya va dialektologiya kafedrasi sotsiolingvistika



Yüklə 1,4 Mb.
səhifə12/44
tarix24.12.2023
ölçüsü1,4 Mb.
#191004
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   44
Sotsiolingvistikamajmua3-kurs

Sotsiolekt – umumiy ijtimoiy xususiyatlariga ko‘ra birlashgan ayrim guruhlarning lisoniy ehtiyojlarini qondirish uchun nutq amaliyotida ishlab chiqilgan til shakli. Standart tildan farqli o‘laroq, sotsiolektda ba’zi o‘rinlarda chetga chiqish mumkin. Til ham xuddi tashqi ko‘rinish singari sinflar haqida guvohlik beradi. Sotsiolekt verbal hulq va ijtimoiy ahvolning muvofiqligini ifodalaydi.
Ko‘pchilik davlatlarda mansab pog‘onalaridan ko‘tarilish uchun sotsiolektni bilish zarurdir. Ayniqsa, Buyuk Britaniyada amaldorlik va mavqe sotsiolektga bog‘liq bo‘lgan. Bu yerda U (Upper class “yuqori sinf”) nutqi no-U nutqiga qarama-qarshi qo‘yilgan. Tabiiyki, sotsiolektlar ham oliy zodagonlar, o‘rta (oliy, o‘rta, quyi), ishchilar (oliy, o‘rta, quyi), quyi, past (avom xalq) singari sinflarga ko‘ra farqlangan.
G‘arbda sotsiolekt tushunchasi ijtimoiy sinflar, tabaqalarning nutqini ifodalasa, sobiq SSSRda sotsiolekt kasbiy leksika: dengizchilar, konchilar va h.k. tili sifatida izohlangan.
Hozirgi rus sotsiolingvistikasida sotsiolektga quyidagicha ta’rif berilgan: Milliy til doirasidagi biron ijtimoiy guruh (kasbiy, tabaqaviy, yosh va h.k.)ga xos bo‘lgan lisoniy xususiyatlar majmuyiga sotsiolekt deyiladi. Masalan, askarlar (askarlar jargoni), o‘quvchilar (maktab jargoni) nutqi, jinoyatchilar jargoni, xippilar argosi, talabalar slengi, turli sohalarda ishlovchilarning kasbiy “tili”, argolari va h.k. sotsiolektlarga misol bo‘la oladi13.
“Sotsiolekt” termini turli-tuman, bir-biriga o‘xshamaydigan, ayni paytda umumiy xususiyatlarga ega bo‘lgan lisoniy shakllarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Mazkur shakllar ijtimoiy chegaralangan kishilar guruhining kommunikativ ehtiyojlariga xizmat qiladi.
Sotsiolektlar kommunikatsiyaning butun bir tizimini ifodalamaydi. Chunonchi, u so‘zlar, so‘z birikmalari, sintaktik konstruksiyalar, urg‘u xususiyatlari va h.k. ko‘rinishidagi nutqning o‘ziga xosligidir. Sotsiolektlar asosini milliy tildan deyarli farq qilmaydigan lug‘at va grammatika tashkil qiladi. Masalan, jinoyatchilar argosida o‘ziga xos ma’no, xususan, metaforik ma’no kasb etgan so‘zlar mavjud: ment – “militsioner”, etap qilish – “qamoqqa jo‘natish”, narkota – “narkotik, giyohvand moddalar bilan shug‘ullanish” va h.k. Biroq mazkur so‘zlarning turlanishi, tuslanishi va gapdagi bog‘lanishi umumtil qoliplari va qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Hatto, so‘zlar ham umumtil leksikasiga mansub bo‘ladi.
“Argo”, “jargon” fransuzcha (argot, jargon)dan kelib chiqqan, “sleng” inglizcha (slang)dan olingan. Bu uch termin ko‘pincha sinonimlar sifatida qo‘llaniladi. Biroq mazkur terminlar ortidagi yashirin tushunchalarni chegaralab olish maqsadga muvofiqdir.
Jargon biron ijtimoiy guruh vakillarining o‘z nutqi bilan ko‘pchilikdan ajralib turish maqsadida, o‘zicha mazmun berib ishlatadigan so‘z va iboralari. Masalan, oq (aroq), qizil (vino) – ichuvchilar nutqiga xos; strelka (uchrashuv) yoshlarning nutqida; ko‘k, ko‘kat (AQSh dollari), dodasi (biron narsaning zo‘ri) – ko‘proq bozorchilarning nutqida qo‘llaniladi.
Nemis sotsiolingvistikasida yoshlarning ayrim guruhlari tomonidan qo‘llaniladigan, turli sabablar ta’sirida vujudga kelgan maxsus shakllarga jargon deyilgan. H. Lofflerning ta’biricha, bu til makon va zamonda chegara bilmaydi. Har bir avlod o‘zining yoshligida o‘ziga xos u yoki bu shakldan foydalangan14.
Rus tilida bir qator leksemalarning turli ijtimoiy guruh jargonlari ta’sirida yangi ma’no kasb etganini ko‘rish mumkin: базар (suhbat), баян (shpris), гнать (yolg‘on gapirmoq), грузить (ongiga singdirmoq), доход (zaif odam), кинуть (aldamoq), мусор (militsioner)
Tilshunoslikka oid aksariyat adabiyotlarda “jargon” bilan “argo” termini farqlanmasdan, aralashtirib yuborilgan. Aslida argo va jargon o‘ziga xos xususiyatlari va qo‘llanish doirasi ko‘ra bir-biridan farqlanadi.
Argo – jargondan farqli o‘laroq, biron ijtimoiy guruh tomonidan boshqalar uchun atayin tushunarsiz qilib qo‘llaniladigan u yoki bu darajadagi yashirin, yasama til. Masalan, o‘g‘rilar argosida shmon qilmoq, gopstop qilmoq iboralari “o‘g‘irlamoq” ma’nosida, giyohvandlar argosida dori “giyohvand modda” ma’nosida ishlatiladi. Argolar jargonga nisbatan o‘zining yashirinlik xususiyati bilan ham ajralib turadi. Shuning uchun ular ko‘proq jamiyatning yashirin tabaqalari hisoblangan josuslar, jinoyatchilar, o‘g‘rilar, giyohvandlar, fohishalar va h.k.lar nutqida uchraydi.
Sleng - G‘arb tilshunosligi an’analariga xos termin sanaladi. “Sleng” terminiga haligacha aniq ta’rif berilmagan. Turli lug‘atlarda va sotsiolingvistikaga oid adabiyotlarda uning “jargon” (guruhlar jargoni, yoshlar jargoni) terminiga yaqin turishi qayd qilingan15.
Sleng so‘zining qachon paydo bo‘lgani noma’lum, biroq u ilk bor yozma ravishda XVIII asrda Angliyada qayd qilingan va o‘sha davrda “haqorat” ma’nosini anglatgan. 1850-yillarga kelib, mazkur termin “noqonuniy” oddiy leksikaning ifodasi sifatida keng qo‘llanila boshladi. Ayni paytda uning jamiyatning quyi tabaqalari qo‘llaydigan slang-lingo va “rang-barang” aholi foydalanadigan argot singari sinonimlari ham paydo bo‘lgan 16.
Sleng – muayyan kasb egalari yoki ijtimoiy guruhlarning og‘zaki nutqida qo‘llaniladigan, emotsional-ekspressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘z va iboralar. Slenglar ko‘proq yoshlarning nutqida uchraydi. Masalan, olmaxon “o‘zini oladigan, nozlanadigan odam”, g‘isht “xunuk”, sindirdi “lol qoldirdi” va h.k.
Sleng – jonli, harakatdagi til shakli bo‘lib, u mamlakat va jamiyat hayotidagi har qanday o‘zgarishdan ta’sirlanadi. Sleng qo‘llanish doirasiga ko‘ra: hammaga ma’lum va barcha tomonidan qo‘llanuvchi umumiy sleng (general slang) va muayyan guruhlarga ma’lum bo‘lgan, tor doirada qo‘llanuvchi xususiy sleng (special slang)ga ajraladi.
Slenglarning ko‘p so‘zlari va iboralari (ayniqsa, ularning dastlabki shakllanishi davrida) keng ommaga tushunarsiz bo‘ladi. Chunki aksariyat slenglar ko‘chma ma’noda ishlatiladi. Shuningdek, slengizmlar ko‘pincha chet tillardan, ularning dialektlaridan va jargonlaridan o‘zlashtirilgan bo‘ladi. Masalan, “tusovka”, “telejka”, “tachka”, “stukach” rus tilidan, “yuzer” (user), “chat” (chat), ingliz tilidan o‘zlashtirilgan.
Umuman, argo, jargon va sleng – sotsiolektning turlari hisoblanadi. Mazkur til shakllarining har biridagi o‘ziga xos xususiyat u yoki bu guruhlarning kasbiy alohidaligi yoki ularning boshqa jamoalardan ijtimoiy cheklanganligiga bog‘liqdir. Kompyuter jargoni (sleng) kasbiy cheklangan subkodga, o‘g‘rilar argosi, talabalar slengi ijtimoiy cheklangan subkodlarga misol bo‘ladi. Ba’zan guruh ham kasbiy, ham ijtimoiy alohidalik kasb etadi. Bunday guruhning nutqi ham kasbiy, ham ijtimoiy jargonning xususiyatlariga ega. Masalan, askarlar jargonini olsak, binobarin, harbiylik kasb sanaladi, bu kasb bilan shug‘ullanuvchilar esa boshqa jamoalardan alohida, o‘z holicha yashaydi.
Koyne termini (yunoncha “umumiy til”) birinchi marta eramizdan avval IV-III asrlarda shakllangan umumyunon tiliga nisbatan qo‘llanilgan. Zamonaviy sotsiolingvistikada koyne aholi turli guruhlarining ijtimoiy va lisoniy aloqalari jarayonida shakllangan dialektlararo og‘zaki muloqot vositasi hisoblanadi.
Turli hududiy dialektlarning xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan qurama dialektlar yoki ushbu mintaqada mavjud bo‘lgan tillardan biri koyne rolini bajarishi mumkin. Koynelar oldi-sotdi, harbiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar maqsadida qo‘llaniladigan, muayyan dialektlar yoki tillar asosida shakllangan dialektlararo yoki millatlararo muloqot tili sifatida namoyon bo‘ladi.
Koynelarni shahar va qishloq koynesiga ajratish mumkin. “Koyne” tushunchasi ayniqsa, ko‘pchilikning turli nutqiy malakalari aralashgan katta shaharlarning lisoniy hayoti uchun dolzarb hisoblanadi. Shahar sharoitidagi guruhlararo muloqot hamma uchun tushunarli bo‘lgan kommunikatsiya vositalarini ishlab chiqishni talab qiladi. Shahar aholisi turli guruhlarining kundalik muloqot ehtiyojiga xizmat qiluvchi shahar koynelari ana shunday paydo bo‘ladi.
Shuningdek, koynelar mintaqalarga, ya’ni muayyan til (yoki tillar) tarqalgan ma’lum hududlarga ko‘ra ham ajratiladi. Masalan, ko‘p tillilik mavjud bo‘lgan Mali Respublikasida (Afrikada) qurama dialektlar shakliga ega bo‘lgan baman tili koyne sifatida qo‘llaniladi.
“Koyne” tushunchasi, odatda, og‘zaki muloqot vositasini ifodalasa-da, ba’zan bu tushuncha tilning yozuv shakllariga nisbatan ham qo‘llaniladi. Masalan, London koynesi ham kundalik so‘zlashuvda, ham shahar boshqaruvi, mahkama tizimida ishlatilgan. Yoki “koyne” termini o‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa davlatlarida ilm, din, huquqshunoslik, san’at sohalarida millatlararo muloqot vositasi vazifasini o‘tagan lotin yozuviga nisbatan ham qo‘llanilgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, muayyan koynelar ayrim adabiy tillarning shakllanishiga asos bo‘lishi mumkin. Masalan, London koynesi ingliz adabiy tiliga, Pekin koynesi xitoy adabiy tiliga, Edo koynesi esa yapon adabiy tiliga asos bo‘lib xizmat qilgan. Shu bilan birga, butun boshli adabiy tillar ham koyne rolini bajarishi mumkin. Masalan, “Ispan tili o‘qituvchilari Yevropa Assotsiasiyasi” (АЕРЕ)ning ma’lumotlariga ko‘ra, ispan tili hozir dunyoda o‘rganilayotgan xorijiy tillar orasida birinchi o‘rinni egallaydi, ingliz tili chet tili sifatida emas, balki bir “koyne” sifatida qabul qilinadi.

Yüklə 1,4 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   44




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin