Leksikografiya va dialektologiya kafedrasi sotsiolingvistika


-ma’ruza. VARIATIVLIK TURLARI. IJTIMOIY VARIATIVLIK. GENDER VARIATIVLIK



Yüklə 1,4 Mb.
səhifə16/44
tarix24.12.2023
ölçüsü1,4 Mb.
#191004
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   44
Sotsiolingvistikamajmua3-kurs

3-ma’ruza. VARIATIVLIK TURLARI. IJTIMOIY VARIATIVLIK. GENDER VARIATIVLIK.
Reja:
1. Lisoniy variativlik
2. Ijtimoiy variativlik
3. Erkak va ayol nutqining variativligi


Tayanch so‘z va iboralar: lisoniy variativlik, “til bilish”, ijtimoiy variativlik, tilning ichki differensiatsiyasi, stratifikatsion va vaziyatli variativlik, erkak nutqining variativligi, ayol nutqining variativligi.

Agarda biz muloqot jarayonida bir til vositasining tasarrufidan boshqa til vositasining tasarrufiga o‘ta olsak, masalan, adresatning almashinishida o‘sha mavzuni muhokama qilishda davom etsak, demak, bizning ixtiyorimizda ayni mavzu haqida turlicha gapirishga imkon beradigan vositalar majmui bo‘ladi. Bu tilning favqulodda muhim xususiyati bo‘lib, u so‘zlovchining muayyan tilda nafaqat o‘z fikrlarini erkin ifodalash, balki uni turli usullar orqali berish imkoniyati bilan ham ta'minlaydi. Til egasining ayni bir ma'noni turlicha ifodalay olishi, uning qayta ifodalash qobiliyati deyiladi. Mazkur qobiliyat aytilgandan ma'noni chiqarib olish qobiliyati va to‘g‘ri iboralarni noto‘g‘ri iboralardan farqlash mahorati bilan birga, “til bilish” deb nomlanadigan murakkab psixik malaka asosida yotadi.


Variativlik nutqiy kommunikatsiyaning barcha darajalarida – turli til vositalarini bilishdan tortib, to so‘zlashuvchining bir tilga tegishli turli fonetik va urg‘u variantlariga yo‘l qo‘yilishini tushunib yetishigacha bo‘lgan darajalarda namoyon bo‘ladi. Masalan, Toshkent shahrida piyola so‘zini ikki xil talaffuz qilish kuzatiladi: “pila” va “pela”. Bu fonetik variativlikka misol bo‘ladi. Yoki Farg‘onada narvon o‘rniga shoti, Xorazmda sabzi o‘rniga gashir so‘zlarining qo‘llanilishi leksik variativlikka misol bo‘ladi.
Bir xil ma'noga ega bo‘lgan lisoniy belgilarning shaklidagi, tashqi ko‘rinishidagi nomutanosiblikka, har xillikka variativlik deyiladi.
Lisoniy variativlik sotsiolingvistikaning an'anaviy tarzda ko‘p o‘rganiladigan muammolardan biri. Sotsiolingvistik nuqtai nazardan variativlik hodisasi turli til variantlarining til egalari tomonidan ijtimoiy va nutqiy muloqot sharoitlaridagi farqlarga bog‘liq holda qo‘llanilishi sifatida tadqiq qilinadi.
Variativlikni nemis tilshunoslari individual nutqiy aktlar emas, balki so‘zlashuvchilarning muayyan guruhiga xos bo‘lgan, ijtimoiy o‘zaro bog‘langan til qo‘llanishining shakllari va usullari deb izohlashadi 22. K. Naringzning ta'kidlashicha, til variantlari mavjudligining manbalari va sabablari haqidagi masala, albatta, til va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini aniqlashga olib keladi. Har qanday til jamoatida ijtimoiy xususiyatlar bilan bir qatorda til xususiyatlari jihatidan ham bir-biridan farqlanadigan turli guruhlar mavjud bo‘ladi. Bundan tashqari, turli kommunikativ vaziyatlarda kommunikativ akt qatnashchilari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga bog‘liq bo‘lgan turfa til variantlari ham qo‘llaniladi.
E'tirof etish joizki, barcha til jamoatlari va tillar uchun universal bo‘lgan vaziyatlar va shakllarning to‘plami mavjud emas. Tilning ichki differensiatsiyasi jamiyat ijtimoiy strukturasining oqibati va ifodasi hisoblanadi.
Til va nutqning ijtimoiy variativligi ikki: stratifikatsion va vaziyat o‘lchovlarining mavjudligi bilan xarakterlanadi. Stratifikatsion (lot. stratum-‘qatlam’ + facere-‘qilmoq’) variativlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyatning ijtimoiy strukturasi bilan bog‘liq bo‘ladi23.
Amerikalik sotsiolingvist U. Labovning “Nyu-Yorkda ingliz tilining ijtimoiy stratifikatsiyasi” nomli asarida ijtimoiy variativlikning ikki tomonlama tabiati hamda stratifikatsion va vaziyatli variativlik o‘rtasidagi o‘zaro aloqa atroflicha yoritib berilgan. Labov variativlik ikki xil turining “doimiy modeli”ni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Bir tomondan ayrim nutqiy ko‘rsatkichlar va ijtimoiy struktura (ayni nutqiy kontekstda quyi ijtimoiy tabaqaga mansub bo‘lgan informantlar yuqori ijtimoiy tabaqaga mansub bo‘lgan informantlarga nisbatan noadabiy shakllardan keng foydalagan) o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik belgilangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan barcha informantlarda rasmiy holatlarda adabiy shakllarni qo‘llash ko‘rsatkichini ortgani qayd qilingan24. Demak, stratifikatsion va vaziyatli variativlik o‘rtasida chambarchars o‘zaro aloqa mavjud.
Shuningdek, Labov ijtimoiy variantlar (lisoniy hamjamiyatning qatlam va guruhlari)ni so‘zlashuvchi ijtimoiy xarakteristikasining ko‘rsatkichi deb ta'riflaydi25.
Ijtimoiy variativlik hodisasini Buyuk Britaniya misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Buyuk Britaniyada Estuary English (yee) (Londondagi past ijtimoy qatlam vakillarining so‘zlashuv tili), Kokni (Cockney– ma'lumoti kam bo‘lganlar tomonidan norasmiy doiralarda qo‘llanuvchi London dialektining varianti) va Received Pronunciation (RP) (Londondagi oliy ijtimoy tabaqa vakillarining tili) kabi variantlar mavjud. Ba'zan RP egasi o‘zining ijtimoiy holatini oshkor qilishdan qochib, o‘z nutqida Kokniga xos bo‘lgan tubandagi fonetik xususiyatlarni ishlatadi: a) “t” tushiraladi: wha(?)- what (nima), li(?)le – little (kichkina); “l” vokallashadi: hi(w)- hill (tepalik), mi(w)k- milk (sut)26.
Sotsiolingvistikada ijtimoiy variantivlikdan tashqari, erkak va ayol nutqiga xos variativlik ham mavjud. Masalan, yapon tilida erkak va ayollarning nutqiy muomalasi bir-biridan keskin farq qiladi (bu o‘rinda barcha tillarda mavjud bo‘lgan gender xususiyatlari emas, aynan erkak va ayol nutqining variantlari nazarda tutilgan – Sh.Usmanova). Erkakning “ayolcha” gapirishi yoki aksincha, ayolning “erkakcha” gapirishi jiddiy kulgili holatlarni keltirib chiqaradi. Yapon tilidagi erkak va ayol variantlarining farqi til tizimining barcha sathlarida namoyon bo‘ladi.
Fonemalar va ularning moslashuvidagina bir xillik mavjud bo‘lib, ularning urg‘usida farqlanish ko‘zga tashlana boshlaydi. Ayniqsa, grammatika va leksika sathida ikki variantning bir-biridan ajralishi ko‘proq kuzatiladi.
Masalan, 1-shaxs va 2-shaxs kishilik olmoshlari misolida (3-shaxsda alohida farq kuzatilmaydi), faqat 1-shaxsning eng takallufli vatakusi shakli erkak va ayollar tomonidan birday qo‘llaniladi. Erkaklar, asosan, boku (odatda), ore (betakalluf) va vasi (betakalluf, hozir eskirgan); ayollar - atasi (betakalluf) va atakusi (takallufli, eskirib borayotgan) kishilik olmoshlarini ishlatishadi. Vatasi olmoshi erkaklar tomonidan ham, ayollar tomonidan ham qo‘llaniladi, biroq ayollar uchun standart, erkaklar uchun takallufli (vatakusi ga nisbatan), shuningdek, katta yoshdagilarga xos olmosh sanaladi.
Grammatik farqliliklar orasida gap oxirida keladigan modal-ekspressiv yuklamalar ko‘proq ajralib turadi. Yapon tili iltimos, murojaat, tasdiq va h.k. ma'nolarni hamda so‘zlovchining u yoki bu turdagi hissiyotlarini ifodalagan yuklamalarga boyligi bilan xarakterlanadi. Bunday yuklamalarni boshqa tilga tarjima qilish o‘ta qiyinchilik tug‘diradi. Erkaklar nutqiga: dzo, dze, na:, ya:, ayollar nutqiga: va, no, ma:, kasira, ara yuklamalari xosdir. Har ikkala variantdagi yuklamalar chekka hududlarga ko‘ra ham farqlanishi mumkin. Ayrim yuklamalar ma'nosiga ko‘ra farqlanadi: yo yuklamasi erkaklarda betakalluf, ayollarda esa takallufli qo‘llaniladi. Bunday turdagi farqlar kichik yoshdan boshlab shakllanadi27.
Boshqa grammatik farqliliklar hurmat shakllarini qo‘llashda namoyon bo‘ladi. Adabiy til me'yorlariga ko‘ra, atoqli otlardagi –kun betakalluf qo‘shimchasini faqat erkaklargina qo‘llay olishlari mumkin; ayollar bunday vaziyatlarda -san (hurmat darajasiga ko‘ra erkak variantda takalluf, ayol variantda neytrallik ifodalaydi) qo‘shimchasidan foydalanadilar.
Qayd qilingan barcha farqlar so‘zlashuv tiliga tegishli bo‘lib, yozuvda, shuningdek, og‘zaki-kitobiy matnlar (teleyangiliklar yoki ma'ruzalar)da yozuvchining yoki so‘zlovchining jinsi u qadar aniq namoyon bo‘lmaydi.



Yüklə 1,4 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   44




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin