§ 9. Advokatning jabrlanuvchi yoki jarayonning boshqa ishtirokchilari nomidan vakillik qilishi Qonunchiligimizning barcha tarmoqlari uchun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi me'yorlar mavjudligi xarakterlidir. Bu me'yorlar insonni turli tajovuzlardan himoya qiluvchi va ular yetkazgan zararning qoplanishini ta'milovchi yuridik kafolatlar tizimini tashkil qiladi. Eng katta zarar yetkazadigan, shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlarining eng xavfli buzilishi jinoyat sanaladi, shu sababli undan jabrlangan fuqarolar alohida yordam muhtoj bo‘ladilar. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi JPKga muvofiq, jabrlanuvchiga keng protsessual huquqlar berilgan, ularning katta qismini ular shaxsan yoki o‘z vakili orqali amalga oshirish huquqiga egalar. Jabrlanuvchi tomonidan o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini vakil orqali himoya qilinishi, bir tomondan, eng muhim protsessual huquqlaran biri sanaladi, boshqa tomondan - jarayon ishtirokchisiga uning huquqlarining real amalga oshishini ta'minlovchi protsessual kafolat sanaladi. Jinoiy ish yurituvida vakilga ega bo‘lish zaruriyati ko‘p vaziyatlarda jabrlanuvchi o‘zining protsessual huquqlarini amalga oshira olmay qolishi bilan bog‘liqdir. buning sabablari turlicha. Masalan, olingan travma natijasida uning salomatligi jarayon ishtirokchisi bo‘lish imkonini bermaydi yoki ma'naviy jarohat shunday og‘irki, jabrlanuvchi sud ishida faol qatnasha olmaydi va unda o‘z vakiliga ega bo‘lishni afzal biladi. Shunisi ham borki, ko‘p hollarda jabrlanuvchilar qonunchilik masalalarida kam ma'lumotga ega shaxslar bo‘ladilar. Albatta, surishtiruvni amalga oshirayotgan shaxs, tergovchi va sud jabrlanuvchiga uning protsessual huquqlarini tushuntirishi lozim, biroq bu huquqni yuridik bilimlarga ega shaxs to‘liqroq va samaraliroq amalga oshirishi mumkin, shu sababli jabrlanuvchilar jinoiy ishlarda tez-tez o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilishni advokatlarga ishonib topshiradilar. Ishda advokatning jabrlanuvchining vaikli sifatida qatnashishi jabrlanuvchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida, ishonchli va samarali amalga oshirish imkonini beradi. Tergov va sud organlari yuridik konsultatsiyalarga voyaga yetmagan yoki layoqatsiz bo‘lgan, ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari vafot etgan, qonuniy vakil tayinlanmagan jabrlanuvchining vakilligini amalga oshirish uchun advokat ajratishni so‘rab tez-tez murojaat qilib turadilar. Bunday vaziyatlar jabrlanuvchining qonuniy vakilining mavqyei jabrlanuvchining manfaatlariga zid ekanligi aniqlanganda ham yuzaga keladi. Masalan, voyaga yetmagan jabrlanuvchining onasi ayblanuvchi - ota tomonini oladi. Aniqki, bunday vaziyatlarda tergovchi yoki sud o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortgan qonuniy vakil boshqa vakil bilan, jumladan advokat bilan almashtirilishi uchun choralar ko‘rishlari lozim. Shu sababli, qonunda voyaga yetmaganlar, ko‘rlar, soqovlar, karlar va o‘zlarining jismoniy yoki ruhiy kamchiliklari oqibatida o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o‘z manfaatlarini himoya qila olmaydigan boshqa shaxslarga zarar yetkazgan jinoyatlar bo‘yicha ishlarda, ularning qonuniy vakillari ishda qatnashayotganligi yoki yo‘qligidan qat'iy nazar, jabrlanuvchilar vakillarining majburiy ishtirok etishi vaziyatlarini ko‘zda tutilishi zarur. Chunki jabrlanuvchilarning bu toifalari o‘zlarining jismoniy yoki ruhiy o‘ziga xosliklari tufayli himoyalashning yuqori darajasiga muhtojlar, buni esa faqat professional yurist - advokat yetarli darajada ta'minlay oladi. Advokat-jabrlanuvchi vakilining qatnashishining majburiyligi yana ma'naviy-psixologik va ma'naviy-pedagogik xarakterdagi mulohazalar bilan ham taqozo etiladi, ularga ko‘ra, voyaga yetmaganni ish materiallarining muayyan qismi bilan tanishishdan to‘sish kerak bo‘ladi. masalan, ishdagi unga noma'lum bo‘lgan, ota-onasining obro‘sini tushiruvchi materiallar ko‘rsatilmaydi. Bu holatda tegishli materiallar bilan tanishish, ularni o‘rganishda qatnashish bilan uning vakili - advokat shug‘ullanishi kerak bo‘ladi. jinoiy ish jarayonida jabrlanuvchining vakili sifatida advokat ishtirokining majburiyligi tortishuvchanlik tamoyili bilan ham talab etiladi; jinoiy-protsessual qonunchilikda faqat advokat-himoyachining majburiy ishtirok etishi holatlarini beklgilab qo‘yilishi bu tamoyilni buzadi.