ikkinchidan, advokatura deb qadimda advokatlarning silsilasi, ya'ni o‘zini ushbu kasbga bag‘ishlagan shaxslar guruhi nomlangan.20 XIX asrda advokatura deganda tor ma'noda huquqni himoya qilish tushunilgan, keng ma'noda esa - huquqni himoya qilish va sudda vakillik qilish nazarda tutilgan. Huquqni himoya qilish deganda muhtojlarga qonunni maxsus o‘rganuvchi insonlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilishi tushuniladi. Huquqni himoya qilish va sudda vakillik turlicha ehtiyojlar asosida yuzaga kelgan va ularning faoliyat sohasi bir-biriga muvofiq kelavermagan. Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida advokatura va sudda vakillik ikkita turlicha institut sifatida mustaqil rivojlangan. G‘arbiy yevropada huquqni himoya qiluvchilar advokat nomiga ega bo‘ldilar. Eng qadimiy yuridik institut - advokaturaning O‘zbekistonda rivojlanishi, dunyoning aksariyat mamlakatlarida bo‘lgani kabi, oilaviy vakillikdan boshlangan, bunda oila boshlig‘i sud oldida oilaning har bir a'zosi manfaatlarini himoya qilgan. Bunda faqat qondoshlari emas, oilaning boshqa a'zolarini ham, shuningdek oila boshlig‘idan himoya va rahnamolik so‘ragan boshqa shaxslarga ham vakillik qilgan. O‘zbekiston hududida advokatura institutining rivojlanishini shartli ravishda quyidagicha tasvirlash mumkin.
Birinchi bosqich - yuridik yordam institutining yuzaga kelishi (muftilar - musulmon huquqi bilimdonlari sifatida)
Ikkinchi bosqich - O‘zbekistonda advokatura instituti yuzaga kelishi
Uchinchi bosqich - advokatura instituti tashkiliy-huquqiy asoslarini isloh qilish bosqichi
To‘rtinchi bosqich - mustaqil O‘zbekistonda advokatura institutini isloh qilish bosqichi
Beshinchi bosqich - advokatura institutini yanada isloh qilish bosqichi.
Avvalambor, nohaqlikdan himoya qilish va adolat uchun kurash har bir insonning burchi sanaladi. Haqiqat va huquqiy ma'rifatga intilish mana shu bilan izohlanadi. Ko‘plab Markaziy osiyolik olimlar - Ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Moturudiy, al-Buxoriy, Navoiy, Ulug‘bek va boshqalar huquqshunoslik (fiqh)ni o‘rganganlar va qonun (shariat) talablariga rioya qilganlar. Shu bilan birga, ular boshqa insonlarga qonunni behurmat qilishning katta zarar ekanligini tushuntirganlar.
O‘rta asrlar qohinlar sudlari qoshida maxsus xizmatchilar, musulmon huquqi bilimdonlari - muftilar va a'lamlarning mavjudligi bilan xarakterlanadi, ular sudya (qozi), da'vogar, ayblovchi, javobgar yoki sudlanuvchining topshirig‘iga ko‘ra, rivoyat, ya'ni bahsning namunaviy hal etilishini yoki shariat me'yorlariga ko‘ra ayblovni tuzadilar. Chunonchi, Buxoro amirligi bosh qozisi (qozikalon) huzurida 12 nafar mufti xizmat qilgan, ular tashrif buyuruvchilarga, qoziga murojaat qiluvchiga shikoyat tuzishda va boshqa amaliy yozuvlarni tayyorlashda mukofot evaziga yordam berganlar21.
Inqilobdan avvalgi Turkistonda podsho sudlarida jinoiy va fuqarolik ishlari ko‘rilishida, butun Rossiyada bo‘lgani kabi, advokat-sud maslahatchilari, ishonchli vakillar va ularning yordamchilari qatnashgan. 25 yoshga to‘lgan, 5 yillik sud idorasi amaldori yoki sud maslahatchisi, ishonchli vakil yordamchisi siatida sudda ishlash tarjiasiga ega shaxslar bu ishda ishlashi mumkin edi. Ba'zi sud maslahatchilari kengashlarida nomzodlar uchun ularning amaliy tayyorgarligini tekshirish maqsadida imtihonlar o‘tkazilardi22.