§ 3. Advokaturaning maxsus huquqiy layoqatliligi. Advokatura va yuridik yordam Avvalda qayd etilganidek, advokatura institutini uning dualistik xarakteri ajratib turadi. Bu qonunchilikning aksariyat jinoiy ishlarda advokatning ishtiroki majburiyligini talab qilishi bilan ham izohlanadi. Bu advokatura sud ishining, demakki, davlat hokimiyati mexanizmining uzviy elementi ekanligini anglatadi. Shu bilan birga, advokatura davlat hokimiyati sifatida sud hokimiyati organlari tizimiga kiritilmagan, advokatlik birlashmalarining sud, prokuratura, tergov va surishtiruv organlari bilan munosabatlari gorizonatl tamoyil asosida quriladi. O‘z navbatida, adolatli sudlovni amalga oshirishda qatnashish uchun advokatlarga alohida huquq layoqati berilgan, u “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonun va O‘zbekiston Respublikasi protsessual qonunchiligining tegishli me'yorlari bilan tartibga solinadi. Bu advokaturani maxsus huquq layoqatiga ega, uning a'zolarining huquqlari va majburiyatlari qonun chiqaruvchi tomonidan maxsus qonun asosida belgilanadigan tashkilot sifatida ko‘rish mumkin, degan xulosaga kelish imkonini beradi. Advokaturaning yuridik yordam ko‘rsatuvchi sub'ekt sifatidagi maqomini bevosita “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mustahkamlaydi. Uning 1- moddasida advokaturaning vazifasi belgilab berilgan - “Advokatura, Konstitutsiyaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet el fuqarolariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yuridik yordam ko‘rsatadi”. Boshqacha qilib aytganda, advokatura oldiga barcha jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoyalashga, adolatli sudlovni amalga oshirishga, qonuniylikka rioya qilish va uni mustahkamlash, fuqarolarni qonunlarni aniq va so‘zsiz bajarish, boshqa shaxslarning huquqlari, obro‘si va qadr-qimmatiga hurmat ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish vazifasi qo‘yilgan. “Yuridik yordam ko‘rsatilishida ommaviy va xususiy manfaatlarning” uyg‘unligi “va advokatlik faoliyati uchun tashkiliy sharoitlarning yaratilishi advokaturaning aniq tashkiliy qurilmaga ega mustaqil institut sifatidayuzaga kelishining omillaridan biri bo‘ldi”: