§ 1. Fuqarolik jamiyati va advokatura Advokatlar doimo o‘zlarini fuqarolik jamiyati tuzilmalari safida ko‘rib kelganlar va bunda insonparvarlik hodisasi sifatida huquq yo‘lida va fuqarolik jamiyati yo‘lida xizmat qilishni advokaturaning asosiy, majozan aytganda, strategik vazifasi ekanligini nazarda tutadilar.
Fuqarolik jamiyati konsepsiyasi uzoq evolyusiyani boshidan kechirdi. Bu atama huquqshunoslik lug‘atiga qadim gi davrdayoq, Arastu tomonidan kiritilgan, u, insonni ijtimoiy mavjudot deb sanab, fuqarolik jamiyatida o‘zaro siyosiy tuzilmaning muayyan shakli bilan bog‘langan erkin va teng fuqarolar hamjamiyatini ko‘rgan.
XVII asrda ingliz faylasufi va yuristi Tomas Gobbs “insonlarning tabiiy holati” tushunchasini kiritdi, uni ba'zilar fuqarolik jamiyati tushunchasiga tenglashtiradilar, bu bilan ushbu tushunchani qo‘pollashtiradilar. Aslida T. Gobbs “tabiiy holat” deganda davlat tuzilmasi va aralashuvidan tashqaridagi hayotni nazarda tutgan va insonning tabiiy huquqlari va erkinliklari anarxiyaga olib borishidan ogohlantirgan, u holatda har kim foyda haqidagi o‘zining egoistik tushunchasiga ko‘ra harakat qiladi va bu oxir-oqibatda jamiyatni halokatga boshlaydi.
Gobbs o‘zining mashhur “Levifian” asarida (1651 y.) bunday istiqbolga yo‘l qo‘ymaslik yo‘lini ko‘rsatadi: “O‘zingga nisbatan ravo ko‘rmaganingni boshqalarga nisbatan qilma” Bu “adolatning oltin qoidasi”ni u fuqarolik qonunlar chop etish va odamlarni bo‘ysunishga majbur qiluvchi davlat hokimiyatini mustahkamlash yo‘li bilan amalga oshirishni ko‘zda tutgandi.
Davlatni odamlarni har qanday kulfatlardan, ichki tartibsizliklar va tashqi hujumlardan asrovchi afsonaviy dengiz maxluqi - Levifian bilan taqqoslab, Gobbs tabiatdagi “hammaga qarshi hamma urushi” holatiga chek qo‘yish uchun odamlar o‘rtasidagi “ijtimoiy shartnoma” g‘oyasini taklif etdi.13.
Afsuski, afsonaviy Levifian emas, voqyeiy davlatning o‘zi odamlarga xavf va tahdid tug‘dira boshladi, “ijtimoiy shartnoma”ni esa endi davlatga, uning cheksiz ishtahasiga va o‘z fuqarolarining tabiiy huquqlariga chang solishiga qarshi turish uchun tuzishga to‘g‘ri keldi. Fuqarolik jamiyatida mana shunday “ijtimoiy shartnoma” mavjud va bu jamiyat yetarlicha voyaga yetgan bo‘lsa, davlat odamlar uchun ishlaydi, ularga xizmat qiladi. Va aksincha, fuqarolik jamiyati bo‘lmasa yoki yetarlicha rivojlanmagan bo‘lsa, davlat o‘z huquqlarini suiiste'mol qiladi, xalqni ezadi, uning huquq va manfaatlarini hurmat qilmaydi.
Har bir xalqqa unga nisbatan salbiy munosabat davri tanish, buning sababi qisman advokaturaning nomukammal bo‘lganligida, qisman jamiyatning sud shakllariga ko‘nikmaganligida ko‘rinadi. Chunonchi, Buyuk Fridrix advokatlarni “zuluklar va xavfli qumursqalar” deb atagan va 1870 yilda advokaturani butkul yo‘qotib yuborish haqida farmon chiqargan, advokatura Germaniyada faqat 1878 yil 3 iyuldagi qonun bilan qayta tiklangan. Napoleon I Kambaseresga yozgandi: “Advokatning hukumatga qarshi ishlatayotgan tilini kesib tashlash imkoniyati bo‘lishini istayman”. Lekin totalitar (imperiya) fikr yuritishdan ozod mamlakatlarda advokatura doimo yuqori mavqyeni egallagan. Asta-sekin salbiy sunoabat advokatura zimmasidagi o‘ta muhim ijtimoiy ahamiyatni anglash va uning zaruriyatiga aminlik bilan almashdi.14 Advokatura, huquqiy institut sifatida, davlatga mansub emas. U majburlash kuchiga ega emas, lekin faqat ma'naviy avtoritet, fikr yuritish kuchi, individlar, jamoalar, tashkilotlar va davlatning o‘zining majburiy ijtimoiy ahamiyatga ega xatti-harakati haqidagi bilimlar kuchiga ega.
Har bir individ kerakli xatti-harakat haqida o‘z tasavvuriga ega. Biroq, bunda u o‘zining tasavvurlari boshqa odamlarning tasavvurlari bilan kelishilgan bo‘lishiga ehtiyoj sezadi, aks holda u doimiy mojarolarga, atrofdagi jamiyat bilan permanent urushga mahkumdir. Buning uchun u faqat advokatga murojaat qila oladi va advokat unga o‘z tasavvurlarini hammabop tarzda ifodalashgagina yordam bermay, ularning ijtimoiy tasavvurga muvofiqligini ham aniqlaydi.
Shaxslar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga keladi, zero birovning egoizmi boshqaning egoizmiga halaqit beradi. Birinchidan, tasodifiy mojarolar, noxush holatlarning oldini olish haqida qayg‘urish zaruriyati, ikkinchidan, shaxsiy manfaatga jamiyatning e'tiborini qaratish zaruriyati tug‘iladi. Adolatli sudlov noxush holatlarning oldini olishga qodir emas, chunki u faqat bahs ro‘y bergach, mojaro natijasiga nisbatan munosabat bildiradi. Shu sababli ushbu vazifa xususi munosabatlarning ichki kelishuvi orqali, bevosita jamiyatning o‘zi tomonidan, uning maxsus institutlari vositasida hal etilishi lozim. Aks holda, davlatning politsiya kuchlari yuzaga kelayotgan muammolarning asosini bartaraf qilishga kirishadilar, mojarolarni o‘z uslublari - qo‘rqitish, oldini olish uchun jazolash va shu kabilar, hatto mojaro tomonlarini bartaraf qilishgacha bo‘lgan usullar bilan oldini oladilar.
Fuarolik jamiyatining eng to‘liq konsepsiyasini Gegel yaratdi. Chunonchi, fuqarolik jamiyati va siyosiy davlatni bir-biridan farqlab, Gegel fuqarolik jamiyati deganda amalda burjuaziya jamiyatini ko‘zda tutgan. “Fuqarolik jamiyati, aslida, o‘z g‘oyalarida fuqarolarning huquqlarini ifodalagan zamonaviy dunyodagina yaratilgan”.15 Jamiyat zarur hollarda advokatlar yordamidan qanchalik faolroq foydalansa, politsiya yordamiga shunchalik kamroq muhtoj bo‘ladi.