§ 6. Predmetning boshqa yuridik fanlar bilan o ‘zaro bog‘liqligi Advokatura, uning tashkil etilishi va faoliyat yuritishi eng muhim ijtimoiy jarayonlarni boshqaruvchi organlar va tashkilotlarning butun tizimining tabiiy, organik va majburiy qismi sanaladi.
Barcha yuridik ilm-fanlarni bir nechta nisbatan o‘ziga xos guruhlarga taqsimlash mumkin:
umumnazariy va tarixiy ilmlar (davlat va huquq nazariyasi va tarixi, siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixi, siyosatshunoslik);
tarmoq yuridik ilmlari (konstitutsiyaviy huquq, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy, mehnat, fuqarolik protsessual, jinoiy-protsessual huquq, ma’muriy sud ishi va sh.k.);
davlat organlari faoliyati tuzilmasini, tashkil etilishini, faoliyati tartibini (prokuror nazorati, sud qurilishi) o‘rganuvchi ilmlar;
xalqaro huquq o‘rganuvchi ilmlar (xalqaro ommaviy huquq, xalqaro xususiy huquq, kosmik huquq);
amaliy yuridik ilmlar (sud statistikasi, sud tibbiyoti, sud psixiatriyasi, kriminalistika, kriminologiya)6.
Advokatura to‘g‘risidagi ilm va unga muvofiq o‘quv yo‘nalishi ushbu barcha ilmlar va ularga muvofiq keluvchi o‘quv yo‘nalishlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Davlat va huquq nazariyasi, yuridik ilm sifatida, davlat va huquqning yuzaga kelishi, rivojlanishi va amalda bo‘lishining eng umumiy qonuniyatlari hamda ular bilan tabiatan bog‘liq ijtimoiy hodisalar va jarayonlar haqidagi bilimlar tizimini tashkil etadi. Aynan davlat va huquq nazariyoti boshqa barcha yuridik ilm va o‘quv yo‘nalishlari, jumladan advokatura to‘g‘risidagi ilm va o‘quv yo‘nalishi uchun bazaviy ilm sanaladi.
Bugungi kunda davlat va huquq nazariyoti ilmi tomonidan ishlab chiqilgan qator konsepsiya va kategoriyalar alohida ahamiyatga ega.
Birinchidan, bu zamonaviy yuridik ilmda mustahkam ildiz otgan huquqiy davlatkonsepsiyasidir. Huquqiy davlat jamiyatning davlat sifatida tashkil topganligini baholashda etalon vazifasini o‘taydi va, jumladan, barcha davlat va nodavlat tuzilmalarining faoliyatida qonuniylik tamoyilining rioya etilishini, ular tomonidan inson huqulari, yuridik shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasi ta'minlanishini nazarda tutadi.
Ikkinchidan, davlatning asoslanmagan va ortiqcha aralashuvidan himoyalangan individlarning xususiy manfaatlari sohasi sifatidagi fuqarolik jamiyatikonsepsiyasi. Bu konsepsiya asosida advokatura to‘g‘risidagi ilm tomonidan advokaturaning fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi huquqiy tabiati nazariyasi yaratilgan. Aynan advokaturaning davlat organlari tizimiga kirmayligi advokatlik faoliyatini amalga oshirish maqsadlariga to‘liq javob beradi va uning samaradorligini ta'minlaydi, bu esa, pirovardida, davlatning o‘ziga foydali bo‘ladi.
Davlat va huquq tarixi davlat, huquq, huquqiy vaziyatlar va jarayonlarni, ularning alohida elementlari va tarkibiy qismlarini rivojlanishda o‘rganadi, ularning o‘zgarishlari, bu o‘zgarishlarning sabab va oqibatlariga e'tibor beradi.
U advokatura institutining yuzaga kelishi omillari va sabablarini, jamiyat va davlat rivojlangani sari uning rivojlanishi tarixini, advokatura vazifalari va funksiyalarining o‘zgarishini, muayyan tarixiy davrlardagi advokatlik faoliyatini amalga oshirish xususiyatlaridavlat va huquq mavjudligining turli davrlarida advokaturaning fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish instituti sifatidagi rolini o‘rganish imkonini beradi. Tarixga, xususan, nafaqat advokatura, balki butun davlat va huquq tarixiga murojaat qilish advokatura instituti va advokatlik faoliyatining tendensiyalari va kelgusi rivojanish istiqbollarini, ularning mustaqilligini ta'minlash usullarini aniqlash imkoniyatini yaratadi.