Advokatlar palatasining asosiy vazifalari quyidagilardir: advokatlik tuzilmalari faoliyatini markazlashgan holda muvofiqlashtirishni amalga oshirish; advokaturaning yanada rivojlanishiga, uning obro‘sini oshirishga, advokaturaning inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi rolining kuchayishiga ko‘mak berish; aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot bo‘yicha choralar ko‘rish; qonunchilik va huquqni tatbiq qilish amaliyotini takomillashtirish, huquqiy tartibga solishning yaxlitligini va qonunchilik me'yorlarini bir xilda tatbiq etishni ta'minlash bo‘yicha takliflar kiritish; advokatura faoliyatini tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashish, ular bo‘yicha takliflar berish; advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan munsoabatlarda va sudda ilgari surish va himoya qilish; advokatlarni ularning kasbiy faoliyati tufayli ta'qib etishdan, cheklashlardan va tajovuzdan himoya qilish uchun choralar ko‘rish; advokatlarni kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish; tumanlar va shaharlarda yuridik konsultatsiyalarni ochish yo‘li bilan aholining yuridik yordamdan foydalanishini ta'minlash; advokatura faoliyati to‘g‘risidagi statistik ma'lumotlarni to‘plash va o‘rganish, advokatlar ishining ijobiy tajribasini tarqatish, advokatlik tuzilmalari uchun uslubiy yordam ko‘rsatish; advokatlar tomonidan qonunchilikka, Advokatlar kasbiy etiasi qoidalariga, advokatlik siriga va advokatlik qasamyodiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish. Advokatlar palatasi qonunchilikka ko‘ra, boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin. Advokatlar palatasi yuridik shaxs sanaladi, mustaqil balansiga ega, qonunchilikka muvofiq banklarda hisobraqam va boshqa hisoblar ochadi, shuningdek muhr, shtamplar va o‘z nomi ko‘rsatilgan blankalarga ega. Advokatlar Advokatlar palatasi majburiyatlari bo‘yicha javobgar emaslar, Palata esa, advokatlarning majburiyatlari bo‘yicha javobgar emas. Advokatlar palatasi davlat ro‘yxatidan o‘tishi lozim, bu advokatlar ta'sis yig‘ilishi (konferensiyasi) qarori asosida va yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.O‘zbekiston Respublikasi hududida Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari tashkil etilishi mumkin, ular yuridik shaxslar sanaladi va Advokatlar palatasi tomonidan tasdiqlanuvchi nizomlar asosida ish yuritadilar. Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari rahbarlari Advokatlar palatasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadilar (tegishli hududda ish yurituvchi advokatlar orasidan) va lavozimdan ozod etiladilar.