Loyihaviy (rejali) ogohlantiruvchi ta’mirlash tizimi. Reja:
1.Ta’mirlash tizimi.
2.Ta’mirlashni rejalashtirish va tashkil etish.
3.Korxona bosh mexanigi vazifalari.
Jihozni rejali-ogohlantirish ta’mirlash sistemasi. Ta’mir turlari
Jihozni rejali-ogohlantirish ta’mirlash sistemasi (ROTS) deb oldindan ishlangan reja bo`yicha bajariladigan jihozni ta’mirlashning barcha tashkiliy va texnik ishlar ko`lamiga aytiladi.
ROTSning maqsadi korxonadagi barcha turdagi mashina va apparatlarni, transport qurilmalarni, avtomatik boshqaruv va muhandislik ta`minot sistemalari ishi to`xtovsizligini ta`minlash.
ROTSning asosiy vazifasi jihozning ta’mir orasidagi xizmat muddatini uzaytirish, ta’mirga ketadigan sarf-xarajatni kamaytirish, ta’mirlash ishlari sifatini oshirish.
ROTSning asosi – barcha ta’mir ishlari oldingan tuzilgan reja asosida bajariladi.
ROTS sistemasiga quyidagi xizmat ko`rsatish va ta’mir turlari kiradi: ta’mir oralig`idagi xizmat ko`rsatish, texnik ko`rik, joriy ta’mirlash, o`rta ta’mirlash, kapital ta’mirlash. Ta’mir oralig`idagi xizmat ko`rsatish. Bu ish har kun bajarilib, jihozni texnik to`g`ri ishlatilishini ko`rib borish va mexanizmlarni rostlash, kichik nosozliklarni yo`qotish ishlaridan iborat. Bu xizmat turi sex ishida tanaffus bo`lganda, texnologik rejimni buzmagan holda navbatchi chilangarlar tomonidan amalga oshiriladi.
Texnik ko`rik. Jihozni ishlatish davomida ish qobiliyatini quvvatlab turish va jihozni aniq ishlashini ta`minlash maqsadida jihoz texnik ko`rikdan o`tkaziladi. Bunda quyidagi ishlar bajariladi: jihozni tozalash va ishqalanish yuzalarini moylash, podshipniklar holatini tekshirish, o`lchash asboblari, uzatmalar holatini, rezba va shponkali birikmalarni tekshirish va boshqalar. Ko`rik paytida aniqlangan kichik nuqsonlan rostlash va sozlash yordamida bartaraf etiladi va navbatdagi ta’mirlash vaqtida bajariladigan ishlash ko`lamini aniqlanadi. Texnik ko`rik korxona ta’mir ishlarining reja-grafigida ko`rsatilgan muddatda, smena orasidagi tanaffuslarda yoki ish bo`lmaganda korxonaning ta’mir personali tomonidan amalga oshiriladi.
Joriy ta’mirlash. Jihozni ishlatish paytida navbatdagi rejali ta’mirgacha ish qobiliyatini kafolatli ta`minlash maqsadida joriy ta’mir o`tkaziladi. Bunda yig`ma birikma ochib yig`iladi, undagi nosozliklar aniqlanadi, yeyilgan detallar almashtiriladi yoki qayta tiklanadi, qistirmalar, zanjirlar va tasmalar holati tekshiriladi va kerak bo`lganda ta’mirlanadi yoki almashtiriladi, podshipniklar va yog`lash sistemalari tekshiriladi va tozalanadi hamda oraliqlar rostlanadi. Joriy ta’mir jihoz o`rnatilgan joyida ishlab chiqarish sexi kuchi yordamida ta’mirlash reja-grafigi asosida amalga oshiriladi. Joriy ta’mirlashni sifatli va vaqtida o`tkazish uchun javobgar shaxs sex mexanigi hisoblanadi.
Joriy ta’mirlash ishlariga ketgan sarf-xarajatlar korxona ishlab chiqarayotgan mahsulot tannarxiga qo`shiladi.
O`rta ta’mirlash. Bu ta’mirlashni bajarishdan maqsad jihozning texnik xarakteristikalarini ishlab chiqarish jarayonida yeyilgan va nuqsonga uchragan detallarni almashtirish yoki ta’mirlash yo`li bilan qayta tiklashdir. Ish hajmi jihatidan bu ta’mir turi joriy va kapital ta’mirlash o`rtasida turadi. O`rta ta’mirda jihoz o`rnatish joyida demontaj qilmasdan ochiladi va quyidagi ishlar bajariladi:
- mashina barcha mexanizmlari qisman yechilib, tekshiruvdan o`tkaziladi;
- ruxsat etilgan chegaraviy o`lchamdan ortiq yeyilgan detallar almashtiriladi yoki ta’mirlanadi;
- yeyilgan tros, zanjir, tasma va friktsion lentalar tekshiriladi va yangisiga almashtiriladi;
- barcha podshipniklar tozalanadi, tebranish va sirpanish podshipniklari reja asosida almashtiriladi;
- reduktorlar tekshiriladi va yuviladi;
- xasta bo`lgan yuzalar tozalanadi;
- tiqinlar, zichlagichlar, mahkamlovchi detallar tekshiriladi va kerak bo`lganda yangisiga almashtiriladi;
- kerak bo`lganda mashina ba`zi qismlari bo`yaladi;
- mashinani yig`ish, qismlar va mexanizmlar ishini rostlash va sinovdan o`tkazish ishlari.
O`rta ta’mirda mashina ayrim qismlarini kapital ta’mirlash mumkin. O`rta ta’mir ishlab chiqarish va ta’mirlash-mexanika sexlari ta’mirlash personali tomonidan sex mexanigi yoki bosh mexanik boshchiligida amalga oshiriladi.
Bu ta’mirga ketadigan sarf-xarajatlar, agar o`rta ta’mirlash har yili o`tkazilsa, mahsulot tannarxi hisobidan, agar ta’mirlash ishlari har yil o`tkazilmasa, sarf-xarajatlar jihozning amortizatsiyasi kamayishi hisobidan qoplanadi.
Kapital ta’mirlash. Ta’mirning eng qiyin va ko`p mehnat talab qiladigan turidir. Bunda mashina (agregat) demontaj qilinadi, butunlay birlamchi detallargacha ajratiladi va defektovka qilinadi, barcha yeyilgan detallar yangisiga almashtiriladi, shu jumladan asosiy detallar ham, bir-biriga ilashgan detallar qo`ndirilganligi va ruxsat etilgan o`lchamlari texnik shartlarga ko`rsatilgan talablarga to`g`ri kelishiga erishiladi. Mashina tashqi ko`rinishi yangilanadi. Boshqacha qilib aytganda, kapital ta’mir natijasida jihozning pasport xarakteristikalari qayta tiklanadi. Kapital ta’mirlash ishlariga quyidagilar kiradi:
- barcha yeyilgan detal va qismlarni almashtirish yoki o`lchamlarini texnik talablarga ko`rsatilgan kattaliklarga yetkazgan holda qayta tiklash (boshlang`ich ruxsat etilgan o`lchamlar va qo`ndirmalar (посадка) ishchi chizmalari va texnik shartlar bo`yicha olinadi);
- mashina detallari va qismlarini markazlashtirish va muvozanatlashtirish;
- mashina stanina va ramasini ta’mirlash (kerak bo`lganda poydevorni ham ta’mirlash);
- quvurlarni va havo yetaklanuvchi trubalarni yopuvchi-rostlovchi armaturasi bilan birga tekshirish, tozalash va ta’mirlash;
- boshqaruvchi va nazorat qiluvchi barcha avtomatik qurilma va asboblarni rostlash yoki yangisiga almashtirish;
- kerak bo`lganda mashina qismlarini yoki hamma joyini bo`yash;
- mashinani kompleks tekshirish, rostlash va sinovdan o`tkazish.
Kapital ta’mirlash ishlari bosh mexanik boshchiligida korxona ta’mirlash sexi xodimlari tomonidan bajariladi.
Kapital ta’mirga ketgan sarf-xarajatlar jihoz amortizatsiyasi kamayishi hisobidan qoplanadi.
ROTSning rejaviy ta’mirlaridan tashqari korxonada avariya holati yuz berganda o`tkaziladigan ta’mir bo`ladi. Bu avariyali ta’mir ish hajmi bo`yicha sodir bo`lgan avariya va jihoz qanday darajada ishdan chiqishiga qarab joriy, o`rta va kapital bo`lishi mumkin. Avariya holati deb ishlab chiqarish jarayonini buzgan holda mashina detallarining sinishi yoki shikast yetishi sababli mashinaning buzilish holati tushuniladi.
Avariya holatini keltirib chiqaruvchi sabablar:
- mashina konstruktsiyasida nuqson mavjudligi va detallarining sifatsiz tayyorlanishi;
- jihozni ishlatish qoidalariga rioya qilmaslik (sifatsiz texnik xizmat ko`rsatish, texnologik jarayon talablariga rioya qilmaslik, jihozni yuqori yuklama ostida ishlatish va h.k.);
- jihozni noto`g`ri o`rnatish va sifatsiz ta’mirlash;
- jihoz ishchi qismlariga begona predmetlarning tushib qolishi va h.k.