Ochiq maydondagi ommaviy teatrlashtirilgan tomoshalar yirik voqealarni keng nishonlash, bayram kayfiyatini yaratish, ommani g`oyaviy birlashtirish uchun tashkil qilinadi. SHaharlarda, yirik aholi punktlarida muhim sana hamma uchun umumiy bo`lganligi sababli, har bir madaniyat muassasasi o`zining bor kuchi va imkoniyatlarini birlashtirib, katta ommaviy teatrlashgan tomoshani tashkil etadi. Har bir bayram mohiyati, mazmuni va ommaning unga bo`lgan munosabatidan kelib chiqib tashkil qilish uchun park, yoki katta maydon, yoki stadion kabi joylar tanlanadi.
Ochiq maydonlarda o`tkaziladigan teatrlashtirilgan tomoshalar haqida so`z yuritar ekanmiz, ularni tashkil qilish imkoniyatlaridan keraklicha foydalanmayotganimizni qayd etishimiz lozim. Bu madaniy-ma`rifiy ishlarning asosiy muammolaridan biridir.
Ko`pgina madaniyat xodimlari ommaviy tadbirni kam o`tkazayotganligiga yoki uning kerakli darajada tashkil etilmayotganligiga sharoitning etishmasligi, zal hamda sahnaning yo`qligini bahona qiladilar. Bu muammolarga javob topmoq uchun butun dunyo san`at tarixida o`z o`rnini egallashi mumkin bo`lgan ochiq maydonlarda o`tkazilgan o`zbek xalqining ommaviy tomoshalariga nazar tashlashning o`zi kifoya.
Milliy o`zbek an`anaviy tomoshalarini shartli ravishda ikkiga bo`lish mumkin: 1. «Kichik tomoshalar» - har qanday vaqtda, har joyda bir necha masxaraboz-qiziqchilar yordamida tashkil etiladi (ular Xorazmda - «Tuhva», Farg`ona vodiysida - «Kulgi-hikoya» nomi bilan yuritilgan). 2. «Katta tomoshalar» - asosan, muhim xalq bayrami kunlari yuzlab-minglab kishiga mo`ljallab, maxsus maydonlarda o`tkazilgan (ular Farg`onada - «Katta masxarabozlik», Buxoroda — «CHavqi», Xorazmda - «Xatarli o`yin» nomi bilan yuritilgan).
NAZORAT SAVOLLARI: Teatrlashtirilgan tomosha deb nimaga aytiladi?
Teatr tomoshalari spektakllarining asosini nima tashkil qiladi?
Milliy o`zbek an`anaviy tomoshalari necha turga bo`linadi?
Ochiq maydonda o`tkaziladigan yirik tomosha qanday nomlanadi?
Teatrlashtirilgan bayram tomoshalari qanday tashkil topgan?