MAVZU. O`ZBEKISTONDA O’KAZILADIGAN BAYRAM VA TOMOSHALAR . REJA: Gul bayramlari.
«Qovun sayli» va «Ona-Er saxovati» bayramlari.
«Birinchi qadam» - bolalar bayrami.
Tematik kontsert programmasi.
O`zbek an`anaviy bayramlarini tashkil qilish.
Xalqning progressiv an`analari va bayramlari deyilganda xalq hayoti va turmushiga singib ketgan, avloddan-avlodga meros bo`lib kelayotgan, muayyan davr taqozosiga ko`ra, ma`lum vaqt ichida muntazam uyushtirib turiladigan madaniy-ommaviy shakllar yoki tadbirlar tushuniladi. O`zbek xalqi bunday an`anaviy bayramlarga juda boydir. Bunga qadim zamonlardan to hozirgi kungacha hayotda muhim o`rin tutgan «Lola sayli», «Uzum sayli», «Xirmon to`yi» kabi tabiat va mehnat bayramlarini misol keltirish mumkin.
«Har bir millatning urf-odatlari turli davrlarda, turli tarixiy va iqtisodiy sharoitda, madaniyatning turli bosqichlarida vujudga keladi. Jamiyatda moddiy va ma`naviy hayotning o`sishiga qarab, ular o`zgarib boradi, ya`ni ma`lum sharoitning talabiga javob bera olguncha saqlanadi va aks holda yo`qolib ketadi».
Gul bayramlari. Gul bayramlari tabiatdagi eng go`zal mo``jizalarning biri – gullarga bag`ishlangan shodiyonadir. Ma`lumki, gul - bu hayotning ko`rki, shodlik manbai. SHuning uchun ham gul bilan uchrashish - go`zallik bilan uchrashish, go`zallik bilan uchrashish esa, xursandchilik, baxtiyorlik, bayram kayfiyati demakdir.
Go`zallikni tabiatan nafis his etuvchi ko`pgina xalqlar qadimdan «go`zallik malikasi» - gulga bag`ishlab turli marosim va sayillar yaratganlar.
SHaharda, jumladan, O`zbekiston territoriyasida qadim zamonlardan beri qir-adirlarda maysalar yashnashi, gullar qiyg`os ochilishi munosabati bilan turli sayillar o`tkazilgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, Xorazm va Buxoroda «qizil gul sayli», Farg`ona vodiysi, Qo`qon va Toshkent atroflarida «Lola sayli», ba`zi tog`li rayonlarda, xususan, CHust va Denov rayonlarida «Sumbula sayli» kabi bayramlar uyushtirilgan. SHuni ta`kidlash kerakki, an`anaviy (lola) gul sayillari va zamonaviy gul bayramlari kelib chiqishi jihatidan ma`lum ma`noda bir-biridan farq qiladi. Ba`zi tadqiqotchilar bu ikki o`ziga xos sayil va bayramlarni bir-biridan ajratolmay, umumiy tarzda izoh beradilar. Biroq ularda o`zlariga xos asosiy xususiyatlari mavjud bo`lib, ana shular haqida ba`zi aniqliklar kiritish maqsadga muvofiq bo`ladi.
An`anaviy gul (lola) sayillari bahor fasli tabiat qo`yni - sayilgohlarda uyushtirilsa, zamonaviy gul bayramlari esa yozning oxiri - «baxmal mavsum»da shahar va qishloqlar gullarga burkangan bir paytda madaniyat va istirohat bog`larida o`tkaziladi. Gul sayillari qadimdan an`anaviy tarzda uyushtirilib kelingan, gul bayramlari esa rivojlangan davrda shakllangan bayramdir. O`zbek xalqi hayotida gul sayillariga oid boy an`analar bo`lgani sababli, ular asosida qiziqarli zamonaviy gul bayramlari vujudga kelmoqda. Xalqdan meros bo`lib kelayotgan an`anaviy gul sayllari hozirgi davrga kelib yanada yangi mazmun bilan boyidi.
«Qizil gul sayli», asosan, hamal (mart) oyining oxirlarn Xorazm va Buxoro oblastlarida o`ziga xos qiziqarli shakllarda uyushtirilgan. A.X. Hamroev bergan ma`lumotlarga qaraganda, «Qizil gul sayli» (sayli-guli surx) taxminan, bir haftadan bir oygacha davom etib, uning qatnashchilari bir joydan ikkinchi joyga ko`chib sayil qilib yurishgan. Sayil o`tkazilayotgan qishloqlar va sayilgohlarda bir joyda kun bo`yi ashulalar aytishgan, raqsga tushishgan. Ikkinchi maxsus belgilangan joyda masxaraboz va dorbozlar tomosha ko`rsatishgan, uchinchi joyda, xo`roz, qo`chqor, tuyalar urishtirilgan, ko`pkarilar (uloqlar) tashkil qilingan. To`rtinchi joyda katta bozor uyushtirilgan, beshinchi joyda lazzatli taomlar pishirilgan va hokazo.
O`tmishdagi bunday xalq bayramlariga mahalliy amaldor va diniy arboblar «qora xalqning ko`ngilxushligi» deb, qizil gul bayramlarida qatnashishni o`zlariga ep ko`rmaganlar. Xorazmda «Qizil gul» maxsus marosim bilan ochilib, unda barcha xalq, hatto xotin-qizlar ham erkin qatnashgan. Aholi bir-birlarini gullar bilan tabriklashgan. Musobaqa va o`yinlar uyushtirilgan, san`atkorlarning chiqishlarini tomosha qilganlar. Yigitlarning o`zlariga yoqqan qizlarga olma, anorlar otishi sayilning o`ziga xos o`yinlaridan biri sifatida namoyon bo`lgan. Sayil davomida yosh yigit-qizlar ishqi tushib, tanlaganlariga yosh bolalar orqali har xil shirinliklar, holva, mayiz yuborishgan. O`z navbatida, qizlar ularni ma`qul ko`rsa, «javob» shirinliklarini yo`llashgan.
Buxoro va Xorazmda o`tkaziladigan gul sayillaridan shu narsa yaqqol ma`lum bo`ladiki, ular deyarli diniy elementlardan holi bo`lib, haqiqiy xalq sayillari sifatida uyushtirilgan.
Hozirgi kunda «qizil gul sayli» ma`lum ma`noda zamonaviylashib, mehnatkash xalqning dalalarga chiqib mazmunli dam olish shakliga aylangan.
Sumbula sayli ham bahorda tog` yonbag`irlarida turli gullar, jumladan, sumbulalar ochilgan vaqtda o`tkaziladi. Tabiat go`zalliklarining birlashgan joyi: bir tomoni tog`, ikkinchi tomoni suv (ko`l, daryo, soy), uchinchi tomoni o`rmonga ega bo`lgan er dam olish, go`zallikdan bahramand bo`lish uchun eng qulay joy hisoblanadi. O`zbekistonda bunday joylar kam emas. Masalan, CHust rayonidagi Toshqo`rg`on ana shunday tabiiy go`zalliklar birlashgan joy. Baland tog`lar, oppoq qorlardan hosil bo`lgan «G`ova» soyi va uning atrofidagi yovvoyi, mevali daraxtlar, turli qushlar va hayvonlar yashaydigan o`rmonzor aynan sayil qilish uchun eng qulay joy.
Lola sayli - bu bahor fasli qir-adirlarda lola qiyg`os ochilgan paytlarda shahar va qishloq ahli dalalar va bog`-rog`larga kollektiv bo`lib chiqib, nishonlanadigan bayram.
Etnograflarning bergan ma`lumotlariga qaraganda, «Lola sayli» bayramini xalq tomonidan saylangan «Lolachi»lar boshqarganlar. Bayram o`ziga xos marosimlar, maxsus aytiladigan qo`shiqlar, tomoshalar, o`yinlar bilan boy bo`lib, butun aholining sayilgoh tomon yo`l olishidan boshlangan.
«Lola sayli» hozirgi kunda aprel’ oyining ikkinchi yarmida O`zbekistonning ko`pgina joylari, jumladan, Toshkent oblastining Bo`stonliq, Parkent, Keles rayonlarida, shuningdek, Farg`ona vodiysi, Samarqand oblasti rayonlarida shanba va yakshanba kunlari uyushtirilmoqda. SHahar sanoat korxonalari, o`quv va madaniyat muassasalari mehnatkashlarning tabiat qo`yniga chiqib dam olishlari uchun maxsus avtobuslar tashkil qilishmoqda. Sayilgohlarga kollektiv bo`lib chiqqan kishilar o`yin-kulgi, ashula-raqslar uyushtirishmoqda, lazzatli taomlar tayyorlab yaxshi dam olishmoqda.
Bu o`rinda shuni alohida qayd etish o`rinli bo`ladi-ki, ayrim kollektivlar «Lola sayli» bayramini o`tkazish uchun maxsus tayyorgarlik ko`rmasdan shahardan tashqaridagi tabiat qo`yniga chiqib faqat «eb-ichishdan» nariga o`tolmay qoladilar. Ba`zi «sayilchilar» lolazorlarga chiqib, lolazorni payhon qiladilar va ularni kelgusi yil yana ochilishidan mahrum etadilar. «Lola sayli»ga lolalarni uzish uchun emas, lolazorlarda dam olish uchun chiqish kerak ekanligini unutmaslik lozim. YAna takror-takror aytish kerakki, lola saylining asosiy vazifasi - aholini mazmunli xordiq chiqarish, tabiat go`zalliklaridan bahramand bo`lish, uni sevish va qadrlashga o`rgatishdir. Binobarin, respublikamizdagi ayrim mas`uliyatli madaniy-oqartuv xodimlari «Lola sayli» o`tkazishga alohida e`tibor bilan qaramoqdalar. CHunonchi, «Lola sayli»ga chiqish Bo`ka rayon madaniyat uyida yaxshi yo`lga qo`yilgan. Bu erda rayon madaniy-oqartuv ishlarining mutasaddilari ma`lum kollektiv bilan qir-adirlarga chiqishdan oldin kishilarga «Lola sayli»ning qadimiy an`analari, tabiat go`zalliklarini e`zozlash hamda foydali dam olish yo`llari haqida suhbatlar o`tkazib, sayilning qiziqarli va mazmunli tartibda tuzilgan programmasi bilan tanishtiradi. Albatta, bunday tarzda uyushtirilgan lola sayli har bir kishiga ijtimoiy foyda keltirib, kishilarning tabiatdan ma`naviy ozuqa olishiga hamda vaqtning samarali o`tishiga ko`mak beradi.
O`zbek xalqi hayotida uzoq tarixga ega bo`lgan, tabiat qo`ynida o`tkaziladigan «Gul sayillari» («Lola sayli», «Sumbula sayli», «Qizil gul sayli») kabi an`analar tabiat go`zalligiga bag`ishlangan yangy bayramlarni rivojlantirishga yaxshi zamin bo`la oldi. YAngi zamonaviy gul bayrami an`anaviy gul sayillari bilan munosib uyg`unlashib ketdi va ularning zamirida barq urib rivojlanmoqda. YAngi «Gul bayrami» zamona talabi va ehtiyojlari asosida tabiat go`zalliklarini muhofaza qilish, aholi punktlarini obodonlashtirish, tevarak-atrofni bog`-rog`, gulzor, chamanzorga aylantirish, chiroyli qilishga ko`mak beruvchi bayram sifatida shakllandi.
«Gul bayrami» tez vaqt ichida O`zbekiston bayramlari orasidan mustahkam o`rin egalladi va yangi zamonaviy bayramga aylanib ketdi. Respublikamizda tabiatning eng go`zal payti - «baxmal mavsum» - yozning oxirlari, kuzning boshlarida madaniyat va istirohat bog`larida o`tkaziladigan bu bayram inson qo`li bilan etishtiriladigan «go`zallik malikasi» - gullarni yaxshi targ`ibot qilmoqda.
Keyingi vaqtlarda gul bayrami maktablar, pionerlar uyi, maktabdan tashqari muassasalarda keng tarqalmoqda. U yoshlar o`rtasida ekologik tarbiya olib, tabiatga nisbatan muhabbat uyg`otish, maktab bolalari va tabiatsevarlar etishtirishgan manzarali va gul o`simliklarini targ`ib qilish, eng aktiv tabiat jonkuyarlarini taqdirlash kabi ishlarda muhim rol’ o`ynamoqda.
Respublikamizda eng yirik va tantanali «Gul bayrami» Namanganda o`tishi hammaga ma`lum. Go`zal qalbli va nozik didli namanganliklar tabiat chiroyini, uning bebaho in`omlarini azaldan qadrlab, ularga alohida muhabbat bilan qarashgan. Aynan, «Gul bayrami»ning namanganliklar hayotiga singib, yaxshi an`anaga aylanib qolganligining sababi xam shundan bo`lsa kerak.
Namangan respublikamizning eng ko`kalamzorlashtirilgan, chamangulzorlarga boy shahri bo`lgani uchun xalqimiz uni «gullar shahri» deb bekorga aytishmaydi.
Namanganda «Gul bayrami»ni o`tkazish borasida tashkiliy ishlar yaxshi yo`lga qo`yilganligi uchun ham, bu bayram chiroyli va serjilo bo`lib o`tmoqda. 50-yillarning oxiridan boshlab, an`anaga kirgan «Gul bayrami» Namangan shaxar madaniyat va istirohat bog`ida har yili muntazam ravishda (avgust oxiri, sentyabr’ boshlarida) uyushtirilmoqda.
Bayramga tayyorgarlik ko`rish jarayonida tashkiliy komitet bir necha bor yig`ilib, unda bayramni samarali o`tkazish masalalari va bayram stsenariysi, ko`rgazma qanday bezatilishi, taklif qilingan badiiy kollektivlar programmalari muhokama qilinadi. Bayram afishalari, programmalarini e`lon qilishadi, bunda oblast’, rayon gazetalari va radiosining yordamidan foydalaniladi, bayram o`tkazish joylarini g`oyaviy-badiiy bezash, gullar ko`rgazmasini tashkil qilish ishlari amalga oshiriladi. Xullas, tashkiliy komitet «Gul bayrami»ni tayyorlashga va o`tkazishga «bosh-qosh» bo`ladi.
Namanganda o`tkaziladigan «Gul bayrami» paxta yig`im-terimiga kirishishdan oldin shanba, yakshanba kunlari tashkil qilinadi. U an`anaviy tarzda ertalab karnay-surnay sadolari bilan boshlanadi. Madaniyat va istirohat bog`iga kirishdagi jonli gullardan ishlangan portretlar, shiorlar qatnashuvchilarning diqqatini jalb qiladi. Bayram kuni Bobur nomli madaniyat va istirohat bog`i markaziy yo`lagining ikki tomonida gullar ko`rgazmasi tashkil qilinadi. Ko`rgazmada barcha tashkilotlar, kolxozlar, sovxozlar, o`quv yurtlari, maktablar, davolash muassasalari va gul ishqibozlari o`zlari etishtirgan gullari bilan ishtirok etadilar.
Ularning har biri o`zlari etishtirgan gullarning eng yaxshi namunalarini fotoal’bomlar, gul urug`lari, jonli gullardan yasalgan portretlar, panno, gilam, emblemalar kabi eksponatlarni bezab, ko`rgazmaga qo`yishadi. Ikki tomoni gullar bilan bezalgan markaziy xiyobonlar bo`ylab kezar ekansiz, olam-olam zavq olasiz.
Parknpng boshqa yo`laklari va maydonlarida tashkil qilingan yarmarkalar ham kishi diqqatini tortadi.
Maxsus belgilangan joyda konsul’tatsiya stollari ishlab turadi. O`sha erda tajribali gulchilar havaskor gulchilarga maslahatlar beradi. Ularni qiziqtirgan savollariga javob berishadi. Bayramda gulchilar va bayram qatnashchilarining diqqatini tortadigan yana bir narsa, «Gul viktorinasi»dir. Unda gullarning navlari, parvarishlash sirlari va usullari haqida savol-javoblar, bahslar avjiga chiqadi.
«Gul bayrami» fayziga fayz qo`shishda badiiy-ommaviy tadbirlar, ommaviy tomoshalarning roli kattadir. Bayram qatnashchilari tabiatga, «go`zallik malikasi» - gulga bag`ishlangan katta kontsert, mushoira, xalq talantlarining chiqishlari, askiya, kurash, shaxmat seansi, ommaviy o`yinlar, duxovoy orkestr va estrada ansamblining chiqishlari, badiiy fil’mlar namoyishi, badiiy mushakbozlik tomosha qilishadi. SHuningdek, bayramdagi xalq tantanalari, dorbozlar, masxarabozlarning chiqishlari, ommaviy o`yinlar g`oyatda qiziqarli o`tadi. SHuni alohida ta`kidlab o`tish kerakki, bayramda askiya alohida o`rin tutib, yuzlab tomoshabinlarni o`ziga «sehrlab» qo`yadi. «Gul bayrami»ning yakunida (finalida) g`olib gulchilarni sharaflovchi katta bayram mushakbozligi uyushtiriladi. Bayram yakunida barcha namanganliklar va bayram qatnashchilari mushakbozlikdan hosil bo`ladigan turli badiiy shakllar, «gul yulduz»larini maroq bilan tomosha qilishadi.
NAZORAT SAVOLLARI:
Xalqning an`analari va bayramlari deganda nimani tushunasiz?
Gul sayllari va zamonaviy gul bayramlarini farqi nimada?
Lola sayli qachon nishonlanadi?
Respublikamizda eng yirik «Gul bayrami» qaysi shaharda o`tkaziladi?