MUHABBAT JANNATGA KIRMOQ SHARTIDIR Biz, musulmonlarning dardiga sherik bo‘lmoq vazifasidadirmiz. Bizning o‘z dardimiz muhim emas… Tirikchiligimizni eplay olishimiz mumkin, har turli imkonga ega bo‘lishimiz mumkin, ammo mazlum qardoshlarmiz, birodarlarimiz bor, haqsizlikka duchor bo‘lgan birodarlarimiz bor, mahbus birodarlarimiz bor!.. Dunyoda ezilgan, ezib ishlatilgan birodarlarimiz bor, xo‘rlangan birodarlarimiz bor, qaram, tutqun birodarlarimiz bor… Va bir o‘yin ko‘zimiz oldida davom etmoqda, bilamiz, ko‘ryapmiz… Shuning uchun biz, musulmonlarning bir-birlariga do‘st bo‘lmog‘i shuurini rivojlantirmoqni eng muhim g‘oya, maqsad deb tutdik va buning uchun ish boshladik.
«Vallaziy nafsiy biyadihi» – «Jonim, nafsim qudrati qo‘lidadir», farmoniga bog‘liqdir:«Yasha!» desa, yashagayman, «O’l!» desa, o‘lgayman; nafsim, jonim O’z amrida bo‘lgan Allohga qasamki, ont ichamanki, «la tadxulul jannata hatta tu’minu…» jannatga kira olmassiz, toki mo‘‘min bo‘lmaguncha!.. «valaa tu’minu hatta tuhibbu…» – «mo‘‘min
bo‘la olmassiz, toki bir-biringizni yaxshi ko‘rmaguncha, sevmaguncha!..»
Demakki, jannatga kirmoq uchun mo‘‘min bo‘lmoq sharti bor. Mo‘‘min bo‘lmoq uchun esa birbirimizni sevmog‘imiz, yaxshi ko‘rmog‘imiz, bir-birimizning dardlarimiz bilan dardlanmog‘imiz, bir-birimiz bilan bog‘lanmog‘imiz, ko‘ngil bog‘larimizni – aloqalarmizni sog‘lom va baquvvat saqlamoq, birlik birdamligimizni chinakam, haqiqiy bo‘lmog‘i shart…
«Ashiddau ‘alal kuffori ruhamau baynahum…» «Kofirlarga nisbatan shiddatli, qattiq, o‘z oralarida marhamatli» tarzida bo‘lmog‘i lozim!..
Buning uchun do‘stlikning savobini qo‘lga kiritaylik. Allohning sevgisiga noil bo‘laylik; dori na’imi bo‘lgan, rizosining yurti bo‘lgan jannatga kirmoqdan mahrum qolmaylik, deb sevgi – mehr-muhabbat ishlarining ahamiyatiga ishonganimiz uchun bu boralarda faoliyat ko‘rsatishga kirishdik.
MUHABBATIMIZ OLAMSHUMULDIR «Mo‘‘min mo‘‘minning do‘stidir. Mo‘‘minlar bir-birlari bilan birdamlik qilsalar, imperializmning ularga qilayotgan ezishlarini, zulmlarini yenga olgaylar. Yurtlarini, o‘lkalarini qutqara olgaylar, qashshoqliklarining oldini olgaylar, boylik-davlatlarini qo‘ldan bermagaylar. Bir-birlarini qo‘llasalar, baxtli va baxtiyor bo‘lgaylar. Dushman ham hujum qilmoqqa botina olmas». Ana shundoq asosiy g‘oyalar bilan muhabbat va do‘stlikni rivojlantirish ishlariga yo‘naldik.
Bu ishlar faqatgina bir yurt hududiga taalluqli suhbat mavzuyi emas. Yurtdan tashqaridagi musulmonlar ham bizning birodarlarimizdir… Yugoslaviya ham bizning aloqa maydonimizdir, Yunoniston ham muomala hududimizga kirar, Bulg‘oriston ham kirar. Kavkaziyya ham kirgay, Markaziy Osiyo ham kirgay, Hindiston ham kirgay, Bangladesh ham kirgay, Janubiy-Sharqiy Osiyo ham, Chin ham kirgay…Ya’ni, biz har tomon bilan ham bog‘liqmiz, aloqadormiz. Shuning uchun ular bilan do‘stlashmoqqa, munosabatlar o‘rnatmoqqa, ularning dardlarini bilmoqqa qaratilgan ishlarni bajarmoqqa kirishdik… Va men jurnalimizni chiqaradigan vazifador birodarlarimizga aytdimki,
«Yurtimizdan ham ko‘ra yurtimiz tashqarisidagi musulmonlar bilan bog‘liq xabarlarni ko‘proq to‘plang va ko‘proq yoriting!..» Bizning birodarlarimiz yurtdan tashqarida ham o‘zlarining ko‘ngildoshlari, dindoshlari, birodarlari, qardoshlari borligini bilsinlar, eslasinlar, ular bilan bog‘lansinlar…
Bu muhim bir faoliyat edi. Hatto, shu darajaga bordikki, «Islom» jurnali Turkiyani gapirmaydi! Xuddi Turkiyada chiqmaydigandek…» degan tanqidiy fikrlar ham chiqdi.
«Qaerda yashaysan o‘zi, muborak? Ozgina Turkiyadan ham gapirsang-chi!..» deganlar bo‘ldi. Tabiiy, har kim har xil tanqid qilishi mumkin. Ba’zilari do‘stona emas, illo bir ayb qidirmoq dardida… Ish shu darajaga kelib qoldi. Tabiiy, biz alhamdulillah, deymiz. Keyin, ayrim gazeta va jurnallar, «Siz tasavvufiy bir guruhsizlar, avval boshda muhabbatdan va hokazolardan gapirib, endi boshqa mavzularga o‘ta boshladingiz…» deb bezovta bo‘la boshladi. Alhamdulillah, ularning bezovtaligi, boyagilarning tanqidlari bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanimizni qo‘rsatadi, bu mamnuniyat hissini bag‘ishlovchi bir holatdir.
Muhabbatning amaliy natijasi
Albatta, muhabbat bog‘lamoq, yaxshi qo‘rmoq, tanimoq, do‘stlashmoq muhim bir narsalar… Musulmonlar bir-birlarini albatta sevgaylar, tashvish-dardlariga sherik bo‘lgaylar!.. Ammo buning amaliy natijasi faqat bir adabiyotmi, sevgi adabiyotimi?.. Yo‘q! Bu muhabbat vositasida har turli yordamlar qilingay… Och bo‘lsa, nonini baham ko‘rgay, yalang‘och bo‘lsa, kiyintirmoqqa uringay… Mazlumning yonidan o‘rin olgay, u bilan yelkama-elka ishlab, kufrga qarshi mujodala qilgay, qarshilik qilgay va g‘ayrat ko‘rsatgay…