Maktabgacha ta’lim metodikasi



Yüklə 1,95 Mb.
səhifə33/77
tarix03.10.2023
ölçüsü1,95 Mb.
#151684
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   77
Majmua TO\'M 3-KURS -10.01.2021

Termometr–harorat o’zgarishi bilan suyuq moddalarni kengayishini aniqlashda qo’llaniladi. Ob-havoni kuzatishda, suvni haroratini, tabiatshunoslik darslarida o’simliklar ustida tajribalardan foydalanishda termometr qo’l keladi.
Ekran – ovozli ko’rgazma vositalari. Ularga o’quv filmlari, diafilm, gram yozuvlar, o’quv ko’rsatuvlari kiradi. Bu ekran qo’llanmalari harakatdagi voqea-hodisalarni ifodalaydi. Ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lmagan, uzoq o’lkalarda mavjud tirik va jonsiz tabiat ujurlarini harakatdagi holatini tabiiy muhitda ko’rish imkonini beradi. O’quvchilar ham ko’rib, ham eshitish orqali bilim oladilar. Tabiatshunoslik darslarini jihozlash. O’quvchilar birinchi sinfdan boshlab tabiatni va tabiat bilan bog’liq holda mehnat faoliyatini ekskursiyalar va predmetli darslarda va o’qish kitobidan tabiatshunoslik mazmunidagi maqolalar hamda “Atrofimizdagi olam” darsligini o’qish jarayonida bevosita kuzatishlar yo’li bilan o’rganadilar. Bu mashg’ulotlarda o’quvchilarning fikrlash faoliyatini tashkil qilishga yordam byeruvchi har xil jihozlardan va avvalo ko’rgazmali qurollardan foydalaniladi.
Ko’rgazmali qurollarga tabiiy yoki haqiqiy ob‘yektlar va ularning mulyaji, surati, rasmi, sxemasi kiradi. O’qitishda diafilm va kinofilmlar, teleko’rsatuvlar va o’qitishning boshqa texnika vositalari tobora keng qo’llanilmoqda. Har qaysi ko’rgazmali qurollar muayyan maqsadni ko’zlab qo’llaniladi.
Tabiiy qurollar-bu tabiat jismlaridir. Ular o’rganilayotgan material to’g’risida ancha haqiqiy tasavvurlar beradi va bolalarda bevosita qabul qilish asosida tabiatshunoslik tushunchalari hosil bo’lishiga imkon beradi.
Shunga ko’ra sinfda yoki tabiatshunoslik kabinetida jonli tabiatni o’rganish uchun har xil xona o’simliklari, shuningdek o’z joylarining daraxtlari uchun xos bo’lgan shoxchalar, barglar, gullar, meva va urug’lar bo’lishi zarur. Tabiatshunoslik darslarida jonli tabiat burchagida o’stirilayotgan o’simliklardan, shuningdek, gerbariy va ekskursiyadan olib kelingan o’simliklardan foydalaniladi. Tabiatni o’rganishda o’tkaziladigan darslar vaqtida va ekskursiyalarda tabiiy sharoitlardagi jonli tabiat ob‘yektlaridan foydalaniladi.
Shuningdek, tabiiy ob‘yektlardan hayvonlarni o’rganishda ham foydalanish ma‘qul. Garchi ko’pgina hayvonlarni bolalarga sinfda (jonli tabiat burchagida) ko’rsatish mumkin bo’lsa ham ekskursiyalarga alohida etibor berish kerak bo’ladi, chunki bunda o’quvchilar faqat ularning tashqi ko’rinishini ko’rishgina emas, balki xarakterli harakatlari va xo’lq-atvorlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Tirik hayvonlar bo’lmaganda ularning chuchelalari (tulumlari), mulyajlari yoki fotosuratlari va rasmlaridan foydalanish mumkin. Biroq ular to’g’risida tirik hayvonlarni tabiiy sharoitlarda ko’rsatuvchi kinofilmlar ancha qiyinroq tasavvurlar beradi.
Jonsiz tabiatni o’rganishda ham tabiiy tarqatma materiali, masalan, har xil rangdagi granit, slyuda, kvarts, dala shpati, loy, qum, kaltsit (bor, marmar, ohak tosh), tuz (o’g’itlash uchun), tosh tuzi va kaliy tuzi, har xil toshko’mir, temir, mis rudalarining namunalari, shuningdek metallar hamda qotishmalar (temir, cho’yan, po’lat, alyuminiy), tuproq namunalari va boshqalar bo’lishi kerak.
Bolalarda bevosita qabul qilish mumkin bo’lmagan tabiat jismlari va hodisalari to’g’risida aniq va to’g’ri tasavvurlar hosil qilish uchun ko’rsatiluvchi qurollardan foydalaniladi. Tabiatshunoslik kursini o’rganish uchun zarur bo’lgan ko’pchilik ko’rsatuv jihozlari maxsus do’konlarda sotiladi. Chunonchi, 3-4 sinflarda tabiatshunoslikni o’rganish uchun “Jonajon o’lka tabiati” turkumidagi jadvallar chiqarilgan. Tabiatshunoslik bo’yicha devoriy o’lkashunoslik suratlaridan, shuningdek zoologiya faniga oid jadvallardan foydalanish mumkin, ular tabiatning o’lkashunoslik ob‘ektlari to’g’risida tasavvur va tushunchalar -shakllantirishga yordam beradi. 2-3 sinflar uchun tabiatshunoslik bo’yicha chiqarilgan turli mavzudagi jadvallardan, shuningdek, “Tabiiy o’simliklar”, “Madaniy o’simliklar”, “Uy hayvonlari”, “Hayvonlarning xilma-xilligi” mavzularini suratlar turkumidan foydalanilgan holda ham o’rganish mumkin.
1-4 sinflarda bosma rasmlari, ularni ifodalovchi matnlari, o’quvchilar uchun savol va topshiriqlari bo’lgan “Kuzatishlar kundaliklaridan foydalanish zarur”. Kuzatishlar kundaligi bilan o’quvchilar faqat sinfdagina emas, balki uyda ham ishlaydilar. Kundaliklaridagi muntazam yozuvlar o’quvchilarga o’z kuzatishlarini tahlil qilishga, tabiat hodisalari o’rtasidagi sabab bog’lanishlarni, shuningdek, tabiat va odamlar mehnatining o’zaro aloqasini aniqlashga yordam beradi.
Xarita va globus. O’quvchilar 4-sinfda xarita va globus to’g’risida dastlabki tasavvurlarni oladilar, shuning uchun sinfda O’zbekiston Respublikasining tabiiy xaritasi, yarim sharlar tabiiy xaritasi, tabiiy zonalar xaritasi, foydali qazilmalar xaritasi bo’lishi kerak. Shuningdek atrof joyning shartli belgilariga ega bo’lgan yirik masshtabli rejasi va o’quvchilar yashayotgan hamda o’qiyotgan shahar yoki aholi punktining rejasidan ham foydalaniladi.
O’quvchilarning sinfda va uyda individual ishlashlariga mo’ljallangan “Bizning vatanimiz” atlasi, shuningdek 4-sinf uchun kontur xaritalar keng qo’llaniladi. Sinfdagi ishda diametri 42,5 sm li katta globusdan, individual ishda esa diametri 15 sm li globusdan foydalaniladi.
Proektsion apparatlar. Proektsion apparatlarga shishadagi diapozitivlarni namoyish qiladigan proektsion chiroq, tiniq pardadagi diapozitivlarni namoyish qiladigan kodoskop va filmoskoplar kiradi. Sanoatimizda tayyorlangan maktab proektsion apparatlari maxsus qo’llanma bilan ta‘minlangan. Darsda diapozitivlarni namoyish qilishdan oldin o’qituvchi qo’llanma mazmuni bilan tanishishi va mavjud apparatlar bilan ishlash uslublarini amaliy ravishda egallagan bo’lishi kerak.
Tabiatshunoslik darslarida kodoskop ham qo’llaniladi, unda fabrika usulida bajarilgan tiniq pardada chizilgan maxsus transporantlar va shuningdek yasama qurollar (rangli sxemalar), rasmlar, kesmalar yonidan ko’rinishlar va boshqa qurollar qo’llaniladi.
Transporant shu bilan qulayki, u har xil jarayonlarni (masalan, ko’lni o’t bosishi, manbalar, ya‘ni buloqlar hosil bo’lishi, tabiatda suvni doira bo’ylab aylanishi va bosh.) dinamikada (harakatda) ko’rsatish imkonini beradi. Bunday samaraga transporant kadrlarni izchillik bilan qo’yib borish bilan yerishiladi. Kodoskop bevosita apparat stolchasida odatdagi flomasTer, sharikli ruchka yoki qalam bilan tiniq pardada chizilgan har qanday rasm, sxema yon ko’rinishini ekranda ko’rsatishga imkon beradi.
Ekran qurollari (diafilmlar, diapozitivlar, slaydlar) mustaqil rolni yoki asosiy to’ldiruvchisi sifatida yordamchi rolni bajarishi mumkin. Ekran qurollari devoriy suratlar kabi zaruriyatga qarab namoyish qilinadi. Bir darsning o’zida 5-6 kadrdan foydalanish tavsiya qilinadi. Ayrim hollarda 10 tacha kadrlardan foydalansa bo’ladi. Ular hujjatli, ko’rinishli yoki multifikatsiyalashgan bo’lishi mumkin. Ulardan maqsadga yo’nalgan holda foydalanish zarur. Ekran qurollarining kadrlarini e‘tibor bilan ko’rish lozim, lekin uzoq vaqt emas, chunki bunda plyonka va oyna qizib ketadi va shakli o’zgarishi yoki yorilib ketishi mumkin. Bundan tashqari yorug’lik surati kuchli ta‘sirlovchi sifatida ko’rish organini tezda charchatadi va shuning uchun ham tezda o’quvchilarning me‘dasiga tegadi. Murakkab kadrlardan foydalanishning eng ko’p vaqti 1-2 minut. Agar darsning maqsadi o’tilganlarni takrorlash bo’lsa, unda yorug’lik suratlarining (kadrlarining) soni 20-25 gacha ko’paytirilishi mumkin.
Esda tutish kerakki, ko’rsatilgan suratni o’quvchilarning o’zlari tushuntirishlari kerak. Faqat o’quvchi ko’rganlarini noto’g’ri tushuntirayotganda, mavzudan chetlaganda, muhimlarini ko’rmagandagina o’qituvchining aralashuviga yo’l qo’yiladi.
Tajribalar o’tkazish uchun jihozlar. Tajribalar va laboratoriya mashg’ulotlari uchun (darslarda va yosh tabiatshunoslar to’garagida) maxsus jihozlar: o’lchov asboblari, lupa, laboratoriya uskunalari, idishlar, materiallar, yordamchi asboblar kerak. O’lchov asboblariga har xil suyuqliklarning muayyan hajmini o’lchash uchun menzurkalar, Termometrlar va shu kabilar kiradi. Jihozlarni ko’rgazmali qurollar do’konlaridan sotib olish mumkin. Ayrim asboblarni o’quvchilarning o’zlari tayyorlashlari mumkin. Laboratoriya uskunalariga laboratoriya shtativlari, uchoyoqlar, spirt lampalari, asbeslangan to’r, probirka qo’yadigan shtativlar, qisqichlar, shuningdek idishlar (probirkalar, shisha voronkalar, kolbalar), oq shisha pufakchalari, idishlar to’plami - choy stakanlari, lampochkalar va boshqalar kiradi.


Jonli tabiat burchagi
Tabiatda davomli (uzoq vaqt davom etadigan) kuzatish va tajribalar uchun jonli tabiat burchagi tashkil qilinishi kerak. U yerda hayvon va o’simliklarni saqlash va zaruratga qarab ulardan tabiatshunoslikni o’rganishda foydalanish mumkin. Burchak shuningdek, o’quvchilarning darsdan va sinfdan tashqari ishlari uchun baza hisoblanadi. Bu yer da ular yilning istagan vaqtida ish olib borishlari mumkin.
K.D.Ushinskiy quyi sinflarda tabiatni o’rganishni bolani doimo o’rab turgan va ularga tanish bo’lgan o’simlik va hayvonlardan boshlash kerak deb tavsiya qilgan. Bu tamoilga darslarda ham, sinfdan tashqari mashg’ulotlarda ham amal qilish kerak. Bu tamoilni amalga oshirishga jonli tabiat burchagidagi ishlar imkon beradi. Shu vaqtning o’zida u o’quvchilarda jonajon o’lkaga muhabbatni tarbiyalaydi, tabiat to’g’risidagi ularning bilimlarini kengaytiradi.
Tabiatga o’tkaziladigan ekskursiyalar jonli tabiat burchagi tashkil qilishning boshlanishi bo’lishi mumkin. Suv havzasidagi hayot bilan tanisha turib, o’quvchilar mollyuska, ninachi qurtlari, har xil qo’ng’izlar, gambuziya, peskar (tanga baliq), shuningdek, suv o’simliklarining barchasi akvarium, shisha bankalar yoki boshqa yaroqli idishlarga joylashtiriladi. Bog’ va polizlarda ko’pincha meva, rezavor meva hamda sabzavot o’simliklari zararkunandalarining g’umbak va qurtlari uchraydi. Ekskursiya vaqtida ularni yig’ib, jonli tabiat burchagida ular ustida hasharotlar taraqqiyotining butun tsiklini tekshirib borish va yeb to’ymas qurtning harakatsiz g’umbakka aylanishini, g’umbakdan yetuk kapalak chiqishini ko’rish uchun kuzatishlar tashkil qilish mumkin. Jonli tabiat burchagiga keltiriladigan tirik ob‘ektlar alohida daftarda hayvon yoki o’simlikni keltirish vaqti (kuni), kimdan qabul qilinganligi, hayvonning nomi va uning holatini ko’rsatib qayd qilib borilishi kerak.
Jonli tabiat burchagi uchun xona. Jonli tabiat burchagi uchun alohida xona ajratgan ma‘qul. Bunday imkoniyat bo’lmaganda o’simlik va hayvonlarni tabiatshunoslik xonasi yoki sinfda joylashtiriladi. Jonli tabiat burchagi uchun xona yorug’ bo’lishi, dyeraza ro’parasiga qo’yilgan har xil tagliklarga suv hayvonlari hamda o’simliklari bo’lgan akvariumlarni qo’yish qulay bo’ladi.
Agar jonli burchak alohida xonada bo’lsa, unda qushlarni ham saqlash mumkin. Barcha qush qafaslariga tozalash oson bo’lishi uchun harakatchan taglik va oziq uchun harakatchan yashik o’rnatiladi. Maktab tabiat burchagida sa‘va, to’ti, chittak, bulbul kabilarni saqlagan yaxshi. Qafaslar devor yoki dyerazalarga ilib qo’yiladi, ammo shamol g’urillab o’tadigan joyga qo’ymaslik kerak, bunday joy qushlar uchun halokatlidir. Terrariumlar xona o’rtasiga yoki devor bo’ylab qo’yilgan stolchalarga o’rnatiladi. Sut emizuvchilarning (olmaxon, dengiz cho’chqasi) katakchalari xonaning qorong’iroq qismida polga qo’yiladi. Agar tabiatshunoslik xonasi katta bo’lmasa, o’simlik va hayvonlarning bir qismini sinflarda joylashtiriladi va ular kerak bo’lganda foydalaniladi.
Jonli tabiat burchagini jihozlash. Burchakda hayvonlar uchun ajratilgan joy ularning tabiatdagi hayot sharoitlariga muvofiq bo’lishi kerak. Akvariumni zoodo’kondan olish ma‘qul. Ammo akvarium sifatida xohlagan shisha idishdan foydalanish mumkin, lekin shuni hisobga olish kerakki, baliqlar to’rtburchak idishda yaxshi ko’rinadi. Akvariumdagi baliqlar soni uning katta-kichikligiga (o’lchamiga) va undagi o’simliklarning soniga muvofiq bo’lishi kerak, bunda yutiladigan va chiqariladigan kislorodning balansi ta‘minlansin.
Akvariumda yashovchilarga doimiy parvarish zarur. Oziqni zoodo’kondan sotib olish mumkin. Baliqlarni ular shartli refleks hosil qilishi uchun muayyan vaqtda oziqlantirilishi kerak. Bolalar Termometr bilan o’lchab, suv haroratini tekshirib borishga o’rganishlari lozim.
Sudralib yuruvchilar va suvda ham quruqda yashovchilar uchun xilma-xil ko’rinish va katta-kichiklikdagi Terrariumlar quriladi. Odatdagi Terrarium metaldan yoki yog’ochdan tayyorlangan yashik bo’lib, yon va tepa devorlari shisha va to’rdan iboratdir. Shisha devor Terrariumda yashovchilarni kuzatish, yon devor hamda tepasining to’rdan bo’lishi toza havo bilan ta‘minlash imkoniyatini beradi. Terrariumning metall tagiga tuproq sepiladi, unga o’simliklar o’tqaziladi va suvli idish joylashtiriladi. Terrariumga unda yashovchilarning yashirinib olishi uchun toshlar qo’yiladi. Suvga va quruqqa ehtiyojmand suv baqalari va tritonlar uchun akvaTerrarium, ya‘ni quruqlik oroli bo’lgan akvarium quriladi, uni akvarium tagiga tuproq solingan va suv sathidan biroz ko’tarilib turadigan shisha banka qo’yib tayyorlash qiyin emas. Quruqlik maydonchasini suv ostiga o’rnatish yoki suzuvchi qilish mumkin.
O’simlik va hayvonlar namunalarini yig’ish, kuzatishlar tashkil qilish. Jonli tabiat burchagining aholisi (yangi o’simlik va hayvonlari) uning asosini tashkil qiladi, unga qarab jihozlar tanlanadi. O’simlik va hayvonlar to’plami tabiatshunoslik dasturiga qarab, o’lkashunoslik xususiyatlarini hisobga olib belgilanadi. Barcha xona o’simliklari ularning nomlari, qachon va qayerdan olinganligi to’g’risida ma‘lumotlar yozilgan etiketkalarga ega bo’lishlari zarur.
O’simliklardan avval shundaylarini tanlash kerakki, ular yordamida namlik, issiqlik, yorug’lik, suv iste‘mol qilishdagi farqlarini, jumladan, quruq iqlimga (kaktus, aloe), nam iqlimga (asparagus, tradeskantsiya) moslangan o’simliklarni, tropik o’simliklarni (begoniya), mo’tadil iqlim o’simliklarini (navro’zgul), yorug’lik sevuvchi (xina) va soyaga chidamli (xina, yovvoyi qulupnay ) o’simliklarni namoyish qilish mumkin bo’ladi.
Keyin shunday o’simliklar tanlanadiki, ular, masalan, yorongul, fuksiya, begoniya, kaktus, elodeya, binafsha kabilarning har xil turlari yordamida turlicha tajribalar o’tkaziladi. Tradeskantsiyada qalamchalar bilan ko’paytirishni namoyish qilish yax-shi bo’ladi. Begoniya, fuksiya, yoronguldan ham foydalanish mumkin. Barglardan ko’paytirishni uzumbark, binafsha yoki begoniya reksda ko’rsatish mumkin.
Jonli tabiat burchagida tajribalar o’tkazish uchun har xil madaniy o’simliklarning urug’laridan: loviyaning quruq, ivitilgan yoki undirilgan urug’larida» (1-sinf), rediska, qizil lavlagi, sabzi urug’laridan (2-sinf), pomidor va g’o’za chigitidan (3-sinf) keng foydalaniladi. Tajribalar tabiatshunoslik va qishloq xo’jaligi mehnati dasturiga muvofiq o’tkaziladi.
Jonli tabiat burchagida hayvonlarning har xil turlari bo’lishi kerak. Barcha akvariumlarda chig’anoqli mollyuskalar bo’lishi kerak, chunki ular akvarium devorlarini suv o’tlaridan tozalaydi va atmosfera havosidan nafas olgani uchun akvariumdagi boshqa hayvonlar uchun zarur bo’lgan suvdagi havoni yutmaydi. Baliqlardan yashash sharoitlariga uncha talabchan bo’lmaganlarini, masalan, guppi, qilich baliq, tilla baliq, to’rsimon dumli baliq, teleskop, kometa kabilarni saqlash yaxshi. Aylanchiq baliq, suv qandalasi kabi suv havzalarining vakillarini alohida shisha bankalarda saqlash kerak., chunki ularni baliqlar yeb qo’yadilar. Shuningdek yirtqich hisoblangan gambuziyani ham alohida saqlash zarur.
Tabiatshunoslikni o’qitish jarayonida akvarium katta rol o’ynaydi, o’quvchilar suv hayvonlarining harakatlanishini kuzatadilar, ularning tana qismlarini ko’radilar, qanday ov qilishlarini kuzatadilar. Baliqlarni harakatda ko’ra turib, bolalar ularning harakat organlariga e‘tibor beradilar, baliqlar hayotida rang qanday rol o’ynashligini aniqlaydilar. Gambuziya va tangabaliqlarning ko’payishini kuzatishga alohida e‘tibor beriladi. Kuzatishlar kundaliklarida tangabaliq lichinkalari va gambuziya chavoqlarining paydo bo’lishi va rivojlanish muddatlari yozib boriladi. Akvariumda hayvonlardan tashqari o’simliklar (shoxbarg, urut, elodeya, ryaska) ham saqlanadi, ular bilan o’quvchilar dasturni o’tish davomida tanishib boradilar.
Dasturga muvofiq kichik yoshdagi maktab o’quvchilari baqa va qurbaqaning rivojlanishini (itbaliq, dumli baqacha va yetuk baqaning vujudga kelishini) ham kuzatadilar. Jonli tabiat burchagida bolalar ularni solishtirishlari, tana qismlarini qarab chiqishlari, ularning tuxumlari qanday farq qilishini, tuxumdan itbaliq rivojlanishini ko’radilar. Terrariumda o’quvchilar, shuningdek kaltakesak va toshbaqalarning xo’lq-atvori, harakatlanishi, tashqi xususiyatlarini kuzatishlari mumkin.
Tabiatshunoslik o’qituvchisi o’quvchilarning jonli tabiat burchagidagi o’simlik va hayvonlarni sistemali ravishda parvarish qilib borishlariga, gullarni muntazam sug’orishlari, barglarni yuvishlari, hayvonlarni boqishlari hamda toza joyda saqlashlariga yerishish kerak. Buning uchun o’quvchilarning navbatchiligi yo’lga qo’yiladi.
Jonli tabiat burchagidagi tajriba, kuzatish va amaliy ishlar o’qituvchining diqqat markazida bo’lishi va u tomonidan nazorat qilib borilishi kerak. Barcha ishlar reja bo’yicha ko’rilishi zarur, reja tuzishda mavsumiylik tamoyiliga amal qilish lozim. Burchakdagi ishlar yillik, yarim yillik va choraklik tuziladi. Reja tuzishda o’quvchilarning qiziqishlari, umumiy taraqqiyoti, shuningdek, ishning uddalay olinadigan bo’lishi hisobga olinadi. Rejada maqsad va mavzuni belgilash, ishning mazmuni va shakllari ochib byerilishi, amalga oshirish metodlarini ko’rsatishi, o’quvchilar egallashi mo’ljallangan amaliy ko’nikmalar belgilangan bo’lishi kerak. Ayrim mavzularni ham rejalashtirish mumkin. (Jonli tabiat burchagidagi ishlar rejasining taxminiy shakliga qarang.)
Jonli tabiat burchagidagi ishlar rejasining taxminiy shakli

  • Mavzu va ishning mazmuni

  • Mavzu bo’yicha soatlar

  • Ishning boshlanishi va oxiri

  • Amaliy ko’nikmalar

  • Bajarilishi uchun mas‘uliyatli shaxs

Ish rejasining bajarilishini maxsus jurnalda qayd qilib borish zarur. Jurnal sifatida umumiy daftar xizmat qilishi mumkin, unda o’qituvchi o’quvchilar bajargan ishning hajmi va olingan natijalar ko’rsatiladi. O’quvchilarning kuzatishlar kundaliklari hisobga olishning shaklidir, unda kuzatishlar qisqacha yozib boriladi, rasmlar chiziladi, quritilgan o’simliklar yopishtiriladi.


O’lkashunoslik burchagi


1-sinfdan boshlab o’quvchilar o’z o’lkalari, o’z joylarini o’rganadilar, tabiat ustida kuzatishlar olib boradilar, ekskursiyalar o’tkazadilar. Boshlang’ich maktabda o’qish vaqtida ularda boy faktik material to’planadi, bu material o’lkashunoslik burchagida joylashtiriladi. Vaqt o’tishi bilan o’lkashunoslik burchagida boshlang’ich maktabni ilgarigi bitiruvchilari yiqqan eng qimmatli materiallar to’planib boradi, undan tabiatshunoslikni o’qitishda sistemali ravishda foydalaniladi.
O’lkashunoslik burchagi tabiatshunoslik xonasida yoki alohida sinfda barpo etiladi. Material uch bo’limga ajratiladi: bizning o’lka, ob-havo kalendari va tabiat belgilari.


Bizning o’lka” ko’rgazmasida quyidagilar joylashtiriladi:

  • O’z aholi manzilining nomi ko’rsatilgan yoki (agar u xaritada bo’lmasa) uning turgan joyi taxminan ifodalangan xaritasi.

  • O’z joyini nomi ko’rsatilgan O’zbekiston tabiiy xaritasi.

  • Maktab joylashgan joy ifodalangan o’z aholi manzilining rejasi.

  • O’z joyining yuzasi shakllarining fotosuratlari.

  • O’z o’lkasi sanoat ishlab chiqarishini yorituvchi materiallar. Mahalliy sanoat mahsulotlaridan namunalar.

  • O’lka qishloq xo’jaligini aks ettiruvchi materiallar (shu joyda o’stirilayotgan qishloq xo’jaligi o’simliklari har xil turlarining fotorasmlari va gerbariylari).

  • Turgan joyining daryosi, uning quyilishi hamda boshlanishi va hokazolar ko’rsatilgan suv boyliklari to’g’risidagi ma‘lumotlar.

  • Joy tuprog’i to’g’risida ma‘lumotlar (shu rayonning tuproq tiplari ko’rsatiladi).

  • O’lkaning o’simliklari to’g’risida ma‘lumotlar (madaniy va yovvoyi o’simliklar gerbariylari va fotosuratlari).

  • Hayvonlar to’g’risida ma‘lumotlar. Jonajon o’lka uchun tipik bo’lgan hayvonlarning fotosuratlari va rasmlari joylashtiriladi.

Tabiatga va ishlab chiqarishga o’tkazilgan ekskursiyalardan olib kelingan materiallardan tayyorlangan kollektsiyalar. Kartondan kesilgan shartli belgilar bo’lgan o’lka xaritasida foydali qazilmalarning joyi ko’rsatiladi.
Bu qiziq...” sarlavhasi ostida qiziqarli savollar, tabiat to’g’risidagi asarlardan parchalar, topish uchun hayvonlar organlarini - tumshug’i, tirnog’i, qanotlari yoki ularning yon ko’rinishlari (siluetlari) tasvirlagan rasmlar, bolalarning ekskursiyalardagi kuzatishlari vaqtida chizilgan rasmlar joylashtiriladi.
O’lkashunoslik burchagiga o’quvchilar tayyorlagan, shahar, viloyat, nohiya tarixi aks ettirilgan albomlar qo’yish, unda mahalliy sanoat mahsulotlarini ko’rsatish ham mumkin. Bu bo’limda tabiat muhofazasi masalalari (davlat muhofazasiga olingan o’simlik va hayvonlarning fotosuratlari yoki rasmlari va shu kabilar) aks ettirilishi, viloyat yoki o’lkada joylashgan qo’riqxona va zakazniklar nomlari ko’rsatilishi kerak.
Ob-havo kalendari ko’rgazmadan iborat bo’lib, uning markazida chislo va oyi ko’rsatilgan, shu kungi ob-havo to’g’risida ma‘lumotlar joylashtiriladi. Pastrog’ida Termometr, mehnat darslarida o’quvchilar tayyorlagan flyugyer joylashadi. Ob-havoni ta‘riflash uchun kartondan qirqilgan shartli belgilardan foydalaniladi. Termometr modelida ko’chadagi gradusnik bo’yicha havo harorati ko’rsatiladi. Shu yer da keyingi bir necha yillarning ob-havo kalendari va harorat o’zgarishlari grafigi ham joylashtiriladi.
Ko’rgazmaning uchinchi bo’limida shu joyning ob-havosi va uning belgilari to’g’risidagi materiallar qo’yiladi. Bo’lim yorqin rasmlar bilan bezatiladi.
O’lkashunoslik burchagida, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish va tiklashda, joy atroflarini ko’kalamzorlashtirishda va shu kabilarda qatnashuvchi “Yashil tabiat soqchilari” ning ish rejasi ham qo’yiladi.
O’lkashunoslik burchagining materiallari tabiatshunoslik darslarida keng qo’llanilishi kerak, chunki ular faqat o’lka tabiati va xo’jaligi to’g’risidagi bilimlarni chuqurlashtiribgina qolmasdan, balki ilgari o’rganilganlarni mustahkamlashga ham yordam beradi. O’lkashunoslik materiallarini yig’ish maktabning hayoti bilan bog’lanishini mustahkamlaydi, o’quvchilarning tabiat muhofazasi bo’yicha ishlarda baholi-qudrat qatnashishlariga imkon beradi.


Sinov savollari:

  1. Tabiatshunoslik darslarida o’quv qurollarining qanday turlaridan foydalaniladi?

  2. Tabiiy ko’rgazmali qurollarga nimalar kiradi?

  3. Proektsion apparatlar deganda nimani tushunasiz?

  4. Tabiatshunoslik darslarida xaritaning qanday tiplaridan foydalaniladi?

  5. Laboratoriya va tajribalar uchun maxsus jihozlarga nimalar kiradi?

  6. Jonli tabiat burchagi deganda nimani tushunasiz?

  7. Jonli tabiat burchagi qanday tashkil etiladi?

  8. Jonli tabiat burchagini qanday jihozlanadi?

  9. O’lkashunoslik burchagi qanday joylashtiriladi?

  10. O’lkashunoslik burchagi qanday bo’limlardan iborat?




Yüklə 1,95 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin