Nazorat uchun savollar: 1. Mustaqil O'zbekistonda oilalar farovonligini oshirish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
2. Oilada bolani to'g'ri tarbiyalash shart-sharoitlari deganda nimani tushunasiz?
3. Maktabgacha ta’lim tashkilotining oila bilan ishlash shakllaridan misol keltiring.
4. Ota-onalar majlisi kim tomonidan o'tkaziladi?
5. Ota-onalar qo'mitasga kimlar saylanadi?
7-MAVZU: NAZORAT QILISHNING USUL VA USLUBLARI REJA: 1. Nazorat qilishda rahbarning boshqaruv uslubi. 2. Maktabgacha ta’lim tashkiloti bo`yicha metodik ishlarni tashkil etish vazifalari. 3. Metodika uyushmasining ishini tashkil etish va unga rahbarlik qilish.
Tayanch tushunchalar: Pedagogik bilimlar - bola tarbiyasiga oid bilimlar.
Nazoratchi - nazoratchi-uslubchi.
Operativ — muayyan vazifalarni tez va izchil amalga oshirilishi.
Ob’ektiv — xolis, xolisona.
Ota-onalar qo’mitasi — maktabgacha ta’lim tashkilotida jamoatchilik asosida tashkil etiladigan guruh.
1.Nazorat qilishda rahbarning boshqaruv uslubi Nazorat qilish deganda - davlat nazorati, Maktabgacha ta’lim bo’limlari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va rahbarlari faoliyatini tekshirish shakllari tushuniladi.
Bu, avvalo, sohaga oid amaldagi qonu hujjatlari, jumladan, «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun asoslarini, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining, «Maktabgacha ta’lim to’g’risida»gi Nizom, «Maktabgacha ta’lim konsepsiyasi», «Maktabgacha ta’lim dasturi», «Ilk qadam» o’quv dasturining bajarilishini, maktabgacha ta’limi idoralari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini, shuningdek maktabgacha ta’lim-tarbiya masalalari bilan bog’liq bo’lgan ariza va shikoyatlarni tekshirishni anglatadi.
Bundan tashqari, nazorat - har bir maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatidagi mavjud nuqson va kamchiliklarni o’z vaqtida bartaraf etish, ta’lim-tarbiya, pedagoglar va tarbiyachilar ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan muhim vositadir. Nazorat qilishning metodologik asosini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, amaldagi qonunchilik hujjatlarida, «Maktabgacha ta’lim konsepsiya»sida belgilab berilgan tamoyil va mezonlar tashkil etadi.
O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi - uning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va nazorat qiluvchi tamoyillariga asoslanadi. Davlat o’z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko’zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik tamoyillari asosida amalga oshiradi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42 - moddasida «Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g’amxo’rlik qiladi», degan qoida mustahkamlab qo’yilgan. Davlat boshqa sohalarda bo’lgani kabi maktabgacha ta’limi bo’limlarida nazorat ishlarini amalga oshirishda ham o’rin tutadi.
Nazorat qilishda qonun ustuvorligi tamoyili muhim ahamiyat kasb etadi. U amaldagi barcha qonunlar va me’yoriy- huquqiy hujjatlarning Konstitutsiya asosida yaratilishi va unga muvofiq bo’lishini taqozo etadi. Ulug’ Sohibqiron Amir Temur ta’kidlaganidek: «Qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo’ladi». Shu bois maktabgacha ta’lim tashkilotlarida nazoratning oqilona va izchil amalga oshirilishi, maqsad va vazifalarning bajarilishini uzluksiz monitoring qilib borilishi mavjud kamchiliklarni o’z vaqtida bartaraf etishga xizmat qiladigan, tashkilot va unda faoliyat yuritadigan pedagog-tarbiyachilar ish samaradorligi va muvaffaqiyatini belgilab beradigan muhim omil hisoblanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotida tegishli qonun-qoidalarning to’g’ri bajarilishini nazorat qilish mudira hamda nazoratchi-uslubchi zimmasiga yuklatiladi.