Nazoratning maqsadi, vazifalari va unga qo‘yiladigan talablar. Nazoratning asosiy maqsadi - O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda sohaga doir boshqa me’yoriy hujjatlarga tayangan holda maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini takomillashtirish, zamonaviy fan yutuqlari asosida ta’lim-tarbiya ishlarini rivojlantirishdan iboratdir.
Nazoratning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi: — maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarishning eng samarali shakllarini aniqlash va amaliyotga tatbiq etish;
— maktabgacha ta’lim tizimini boshqarish darajasini yuksaltirish;
— maktabgacha ta’lim dasturlari, tarbiyalanuvchilarni har tomonlama rivojlantirish darajasini nazorat qilish;
— maktabgacha ta’lim tashkilotlari ishini nazorat qilish jarayonida aniqangan kamchiliklarni bartaraf etish chora - tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
— tashkilot faoliyatidagi ilg’or tajriba va ijobiy yutuqlarni o’rganish, umumlashtirish, ommalashtirish, rag’batlantirish;
— rahbarning xodimlar bilan ishlash malakasini o’stirishda nazorat ishlarini tashkil etish;
— maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga ta’lim - tarbiya ishlarini yanada rivojlantirishda uslubiy yordam ko’rsatish.
Nazorat(tekshiruv)ning samaradorligiga erishishning muhim omillariga quyidagilarni kiritish mumkin;
a) nazoratning rejali amalga oshirilishi va tizimliligi;
b) ishlar ahvolining har tomonlama va ilmiy-pedagogik jihatdan chuqur tahlil qilinishi;
v) ishlarga xolisona baho berilishi va xulosalarning asoslangani;
g) tekshiruvni o’z vaqtida boshlash va tugatish;
d) takliflarning bajarilishini nazorat qilish;
e) nazoratni amaliy yordam berish bilan qo’shib olib borish;
yo) har bir masalaga alohida yondashish;
j) nazoratda talabchanlik bilan pedagogik madaniyatni qo’shib olib borish.
Nazorat ishlarini tizimli tashkil etish uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun nazoratchi-uslubchi tomonidan 5 yilga mo’ljallangan istiqbol reja tuzilib, u shahar yoki tuman maktabgacha ta’lim mudiri tomonida tasdiqanadi. Rejada tekshirish muddati aniq ko’rsatiladi.
Nazorat ishlarini tashkil etishda ko’pincha ixtisoslashtirilgan, maxsus va sanatoriya tipidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tekshirishga alohida e’tibor beriladi, nazoratning maqsadi ham tashkilotning turiga qarab belgilanadi.
Nazorat qilish muddati tashkilotdagi guruhlarning soniga va tekshirish turiga qarab 10 kundan oshmasligi kerak.
Shahar, tuman bo’limlarini nazorat qilish 5 yilda bir marta amalga oshiriladi. Bunday ishlarga tajribali, o’z ishining ustasi bo’lgan maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlaridan iborat guruh tuzilib, uning tarkibiga mudiralar, uslubchilar, tarbiyachilar, hamshiralar, uslubiy kabinet xodimlari, malaka oshirish instituti mutaxassislari, jamoatchilik vakillari kiritilishi mumkin. Nazorat guruhi tarkibi, tekshiruv rejasi va muddati tegishli maktabgacha ta’lim bo’limlari tomonidan tasdiqlanadi.