2-BOB. JAHON VALYUTA TIZIMINING RIVOJLANISH BOSQICHLARI Valyuta tizimi o'zining zamonaviy shakliga kelguncha uzoq tarixiy davrni bosib o'tgan. Birinchi jahon valyuta tizimi stixiyali ravishda sanoat inqilobidan so'ng oltin monometalizmi asosida oltin-tanga standarti shaklida shakllangan. Yuridik jihatdan esa mazkur tizim 1867 yil Parij shahrida bo'lib o'tgan konferensiyada, davlatlararo kelishuv sifatida rasmiylashtirilgan. Ushbu jahon valyuta tizimi jahon pulining yagona shakli sifatida oltinni rasmiy tan olgan edi.
XIX asrda xalqaro savdoning rivojlanishi bilan ko'pchilik davlatlar o'zlarida "oltin standarti"ni kiritdilar, ya'ni shu davrdan boshlab mazkur davlatlar valyutalarining kursi va qiymati shu valyutalar zaminida yotgan oltin miqdorining qiymati bilan belgilanadigan bo'ldi. Davlatlarning markaziy (milliy) banklari o'z navbatida milliy qog’oz pullarni taalluqli oltin miqdoriga (baho masshtabiga asosan) almashtirishga majbur edilar.Masalan, Buyuk Britaniyaning 1 funt sterlingi (soverenign) 1821 yilda 7,322385 gramm, Germaniyaning 1 markasi 1873 yilda 0,385422 gramm, Rossiyaning 1 rubli 1887 yilda 0,774234 gramm sof oltin qiymatini ifoda etar edi.7 Valyutalarning bir biriga nisbatan kursini aniqlash uchun ularning zaminida yotgan oltin miqdorlari o'zaro solishtirilar edi. Yuqoridagi keltirilgan ma'lumotlarga asosan Buyuk Britaniyaning 1 funt sterlingi 18,9984 Germaniya markasiga (7,322385/0,385422) yoki 9,4576 Rossiya rubliga (7,322385/0,774234) teng edi. Milliy valyutalar zaminidagi oltin miqdorlari 1914 yilgacha o'zgarmagan va tabiiyki, ular o'zgarmaguncha ularning bir-biriganisbatan kurslari ham barqaror edi. Shu sababli "oltin standarti" - bu, qat'iy yoki barqaror valyuta kurslari tizimi edi, desak mubolag’a bo'lmaydi. Bu tizim bir qator ijobiy tomonlarga ega. Xususan boshqa metallarga qaraganda oltin tabiatda kam uchraydigan va noyob metall bo'lganligi sababli davlatlar tomonidan uning miqdorini ko'paytirish nihoyatda mushkul. Bundan chiqdi, davlatlar va markaziy (milliy) banklar o'z xohishlari bilan oddiygina pul muomalasi hajmini o'stirishga va inflyatsiyani rag’batlantirish imkoniga ega emas edilar.Birinchi jahon urushigacha dunyoning yetakchi davlatlarida inflyatsiyaning nisbatan past bo'lish holatlari va yetakchi valyutalar kurslarining keskin tebranishi kuzatilmagan. Bunday holat o'sha yillarda pul sarmoyalari va ishchi kuchi resurslari bir mamlakatdan boshqa mamlakatga erkin hech qanday to'siqsiz oqib o'tishi mumkinligi bilan asoslangan. 1880 yildan to 1913 yilgacha "oltin standarti" tizimi davlatlarga o'z xarajatlarini inflyatsiya hisobiga moliyalashtirish imkonini bermaganligi sababli barcha davlatlarda ijtimoiy mahsulotning hajmi tez sur'atlar bilan o'sdi. Birinchi jahon urushining tugashi bilan ko'pchilik davlatlar o'zlarida yana qaytadan "oltin standartini" kiritishga urindilar. Biroq ularning bunday harakatlari zoe ketdi, chunki mavjud sharoitda "oltin standarti"ni kiritish uchun zarur omillar yo'q edi.
Birinchi jahon urushi oqibatida jahon bozorida davlatlararo munosabatlarda paydo bo'lgan valyuta tartibsizligi uzoqqa cho'zilmadi va valyuta munosabatlarining "oltin standarti" o'rniga maydonga oltinga hamda yetakchi kapitalistik davlatlar valyutalariga asoslangan "oltin-deviz standarti" chiqadi. Bunda xorijiy valyutadagi davlatlararo hisob-kitoblar uchun mo’ljallangan to'lov vositalari devizlar deb atala boshlandi.
Birinchi va Ikkinchi Jahon urushlari orasidagi jahon valyuta tizimini "oltin-deviz standarti" tizimi deb atasa bo'ladi. Bu davr ayniqsa davlatning iqtisodiyotga kuchli aralashuvi bilan xususiyatlidir. Deyarli barcha davlatlarda bojxona to'siqlari kiritilib, oqibatda kapitalga, ishchi resurslariga bo'lgan talab va taklifning erkin aloqasi jahon bozorida chegaralandi.
Ikkinchi Jahon valyuta tizimi 1922 yilda Genuya shahrida bo'lib o'tgan konferensiyada davlatlararo kelishuv sifatida yuridik jihatdan shakllangan edi. Mazkur xalqaro konferensiya arafasida jahonning 30dan ziyod davlatlarining pul tizimlari oltin-deviz standartiga asoslangan edi. Davlatlarning milliy kredit pullari xalqaro to'lov va zahira vositalari sifatida ishlatila boshlandi. Biroq Birinchi va Ikkinchi Jahon urushlari orasidagi davrda zahira valyutasi maqomi rasmiy ravishda biror-bir valyutaga hali biriktirilmagan edi.
Davlatlarning "oltin standarti" tizimidan qaytishi oqibatida devizli banklar va davlatlar qog’oz pullar muomalasini kengaytirish imkoniga ega bo'ldilar. Birinchi jahon urushidan so'ng ba'zi davlatlarda qog’oz pullar emissiyasining hajmi qar qanday tarixiy chegaralardan oshib ketdi va bu o'z navbatida inflyatsion jarayonlarning gurkirab o'sishiga olib keldi. Inflyatsiya jarayonlarining kuchayishi pul xo’jaligidagi barcha zaruriy hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun kerak bo'lgan barcha ma'lumotlarning buzib ko'rsatilishiga olib keldi. Bir davlat bozoridan boshqa davlatlar bozorlariga valyutalar oqimining hajmi va sur'ati keskin kuchaydi. Londonning dunyoning yetakchi valyuta bozori sifatidagi mavqei pasaydi. Maydonga N'yu-York va Parij singari yangi yetakchi valyuta bozorlari chiqib, London dunyo bankiri vazifasini uzil-kesil yo'qotdi.
1925 yilda Angliya banki avvalgi kurs asosida "oltin standarti"ni kiritdi. Ammo u mavjud bozordagi sharoitlarga muvofiq emas edi. Amerika va Fransiya banklari esa 1931 yilda Buyuk Britaniya funt sterlingidagi zahiralarini ko'paytirgan holda "oltin standarti" tizimini qabul qilmadilar.