Meros – o‘tgan avlodlar tomonidan yaratilgan, bizgacha yetib kelgan ijtimoiy-ma’naviy, moddiy hodisalar, madaniy boyliklar, urf-odatlar, marosimlar, ahloq normalaridir. Meros taraqqiyot uchun ham zarur omil bo‘lgandagina, qadriyat darajasiga ko‘tarila oladi.
Meros bilan qadriyatlarni baholash mezonlari bir-biridan farq qiladi. Moddiy va ma’naviy merosni baholashda uning tarixiy shakllanish sharoitlari va imkoniyatlarini o‘rganishga katta e’tibor beriladi. Merosning bugungi kundagi ahamiyatini bilish uni qadriyatlar jumlasiga kiritishdir.
Ijtimoiy taraqqiyot doim yangilanib, takomillashib turadigan uzluksiz jarayon ekan, buning negizida muayyan qadriyatlarni baholash mezonlari ham o‘zgarib boradi.
Qadriyatlarni baholashda taraqqiyotning muayyan bosqichida maydonga chiqqan ijtimoiy kuchlarning manfaatlari ham ma’lum ahamiyat kasb etadi. Qadriyatlarga tor siyosiy, guruhiy, sinfiy manfaatlar asosida yondashish ularning ahamiyati va imkoniyatini noto‘g‘ri talqin qilishga olib keladi. Ijtimoiy va ma’naviy hayotdagi asosiy masala – ayrim, tor maqsadlar bilan bog‘langan qadriyatlarni bayroq qilib ko‘tarib yurishda emas, balki istiqlol va taraqqiyot manfaatlari yo‘lida ulardan ongli foydalana bilishdadir.
Qadriyatlar mohiyati jihatidan moddiy va ma’naviy qadriyatlarga bo‘linadi. Inson kuchi, aql-zakovati bilan yaratilgan tabiat go‘zalliklari, arxitektura, san’at va madaniyat asarlari – barchasi moddiy, ya’ni noosfera qadriyatlar jumlasiga kiradi. Ahloq, odob, bilim, ilm, malaka, imon, insof, e’tiqod va boshqalar ma’naviy qadriyatlardir. Moddiy va ma’naviy qadriyatlar bir-biri bilan bog‘liqdir. Ular o‘z navbatida, quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi.`
Inson yashab turgan moddiy muhit bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar. Qadriyatlarning bu turiga iqlim sharoiti, tabiat go‘zalliklari, milliy-davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan kurikxonalar, tabiatning inson yashashi, mehnat qilishi uchun zarur bo‘lgan sharoit va imkoniyatlari kiradi. Tabiiy muhit sharoiti va imkoniyatlari ham inson ehtiyojlari, yashash imkoniyatlari bilan uyg‘unlashgan taqdirdagina qadriyat, deb baholanadi. Shu ma’noda olib qaraganda, tabiat sharoitlarini qadriyat deb qarash unga ma’lum maqsad va manfaat asosida yondashayotgan inson tomonidan berilgan bahodir. Tabiatning inson manfaati asosida o‘zlashtirilgan, o‘zgartirilgan qismi ham qadriyatdir.
An’analar, urf-odatlar va marosimlarda namoyon bo‘ladigan axloqiy qadriyatlar. Bu qadriyatlar asosan ob’ektiv taraqqiyot va sub’ektiv ruhiyatning ifodasi bo‘lib, kishilarning o‘zaro munosabatlarida, turmush tarzi va faoliyatida, yurish-turishida, axloqi va odobida ko‘zga tashlanadi. Axloq insonning ichki ruhiy e’tiqodi, odob esa uning amalda namoyon bo‘lishidir. Turli urf-odatlar, marosimlar kishilarning kundalik turmush tarzida, axloqiy qadriyatlar esa ularning yurish-turishi, o‘zaro munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Ma’naviy kamolotni o‘zida mujassamlashtirgan inson ham oliy qadriyat hisoblanadi.
Insonning aql-idroki va amaliy faoliyati zaminida shakllangan mehnat malakalari va ko‘nikmalari, bilim va tajribalari, qobiliyat va iste’dodlarida namoyon bo‘ladigan qadriyatlar. Bu qadriyatlar insonning mehnat malakalari, ijtimoiy qiziqishlari, mehnat mahsuloti turlarini yaratish sohasidagi amaliy imkoniyatlari, bilimi, iste’dodi va qobiliyatlaridir. Rassom qo‘lida qalam ushlagani uchun emas, balki tajribada shakllangan bilim va iste’dod egasi bo‘lgani uchun ham buyuk san’at asarlarini yarata oladi.
Ba’zi sharoitlarda yashagan xalqlar ko‘proq savdo, tijorat, hunarmandchilik bilan band bo‘lgan. Bunday faoliyat asrlar davomida amalga oshishi faoliyatning ma’lum turlariga intilish va qiziqishning avloddan-avlodga o‘tadigan ko‘nikmalari, malakalarini keltirib chikaradi. Shu asosda shakllangan qadriyatlarni sof milliy qadriyat deb bo‘lmaydi. Bunday qadriyatlar yashash va mehnat qilish sharoitlari tarixan bir-biriga yaqin bo‘lgan barcha xalqlarda uchraydi.
O‘zbeklar asrlar davomida O‘rta Osiyoning ko‘plab xalqlari singari savdo, tijorat, dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelganlar. Mehnatga hurmat bilan qarash, dehqonchilik, savdo, hunarmandchilik, tijorat ishlariga intilish o‘zbeklarning qon-qoniga singib ketgan. Doim halol mehnat bilan band bo‘lgan o‘zbeklar, og‘ir sharoitlarga tushib qolganda ham, dunyoning biror mamlakatida xor-zor bo‘lgan emas.
Savdo va tijorat ishiga ko‘proq ishtiyoq bilan qarash yaxshi yashashga, mo‘may pul topishga intilish emas, balki minglab yillar davomida shakllangan kishilarning e’tiqodiga singib ketgan, hunar, kasb bilan bog‘liq bo‘lgan an’analar va qadriyatlarga amal qilishning ifodasidir. Bu – abadiy, o‘zgarmas holat emas. Davr o‘tishi, siyosiy, ijtimoiy, iktisodiy sharoitlar o‘zgarishi bilan milliy faollikning shakllari ham o‘zgarib, takomillashib boraveradi.
Odamlar o‘rtasidagi jamoatchilik, hamkorlik, xayrixohlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlarda namoyon bo‘layotgan qadriyatlar. Inson tirik mavjudot sifatida tabiatning mahsulidir. Lekin u inson sifatida faqat jamiyatda, odamlar o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy munosabatlar ta’sirida shakllanadi. Jamoadan ajralib qolish kishilarda xudbinlik, jamiyatdagi huquqiy, axloqiy munosabatlarni mensimaslik singari xislatlarni kuchaytiradi. Binobarin, odamlar jamoasi o‘rtasidagi insonparvarlikka asoslangan munosabatlarning kamol topishi ham jamiyat va shaxs kamolotining eng muhim omillaridandir. O‘zbeklardagi mahalla-kuychilik, qo‘ni-qo‘shnichilik, qarindosh-urug‘chilik, do‘st-birodarlik odatlarida odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni yuksak insonparvarlik mezonlari asosida tashkil etishga imkon beradigan jihatlar ko‘pdir. Bunday munosabatlarda namoyon bo‘ladigan qadriyatlar dunyodagi barcha xalqlarda ham bor. Lekin ular mazmun jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lsa ham, shakl borasida turli-tumandir.
Kishilarning yoshi, kasbi, jinsi va irqiy hususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar. Albatta, qadriyatlarning bu turkumini alohida ajratib olib qaramasa ham bo‘ladi. Lekin inson hayotining turli davrlari, faoliyat sohalariga nazar tashlar ekanmiz, bu sohalarda ham e’tiborga sazovor bo‘lgan qadriyatlar va ularning mezonlari borligini ko‘ramiz.
Chorvador bepoyon dalalarni, dehqon esa sug‘orish mumkin bo‘lgan yerlarni ko‘proq qadrlaydi. Kishilar biror ijtimoiy, tabiiy narsa va hodisaga ko‘pincha o‘z kasb-hunarlari, manfaatlaridan kelib chiqib baho beradilar. Qadrlangan narsagina qadriyat bo‘lganidek, qadrlashning o‘zi ham qator ijtimoiy, iktisodiy, tabiiy omillar bilan belgilanadi. O‘zbek ayollari asrlar davomida atlas ko‘ylakni qadrlaganidek, erkaklar ko‘k, qora, yo‘l-yo‘l beqasam va satindan tikilgan choponlarni qadrlab kelganlar. Yoshlarning modalarga, musiqa va ashulaning sho‘x turlariga e’tiqod qo‘yishi ham qadriyatlarga nisbatan bo‘lgan mezonlarning yosh, kayfiyat bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlaridir. Keksa kishilar ko‘pincha nasihat bilan bog‘langan, chuqur falsafiy g‘oyalarni bildiradigan kuy va ashulalarni yoqtiradilar. Yoshlarni esa kuy va ashulalarning ko‘proq o‘yin-kulgi bilan bog‘liq bo‘lgan tomonlari o‘ziga jalb etadi. Lekin yosh o‘tishi bilan milliy ruhiyat yoshlarning kalbi va e’tiqodida tobora katta o‘rin tuta boshlaydi.
Yoshlar va keksalar, erkaklar va ayollar, turli kasb egalari uchun xos bo‘lgan qadriyatlar ham mohiyati jihatidan jamiyat va inson kamoloti uchun xizmat qiladigan ma’naviyatdir. Yukorida bayon etilgan qadriyatlar, o‘z navbatida, umuminsoniy, mintaqaviy, milliy, diniy qadriyatlarga bo‘linadi.
Sayyoramizda yashagan, yashayotgan barcha kishilar millati, irqi, ijtimoiy guruhi, yoshidan qat’i nazar, tug‘iladi, yashaydi va o‘ladi. Kishilarning turmush sharoitlarida, kasb-hunarida, faoliyatida, yoshida farq bo‘lsa ham, ularning hammasida bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan tub mohiyatli jihatlar ham bor. Har bir inson yaxshi yashashga, oila qurishga, farzand ko‘rishga, boshqalar bilan yaqin do‘st, qadrdon bo‘lishga intiladi, farovon turmush qurishga, madaniyat, fan, texnika yutuqlarini egallashga, baxtli bo‘lishga harakat qiladi. Umuminsoniy qadriyatlarning ildizlari barcha davrlar, jamiyatlar, mamlakatlarda mavjud bo‘lgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy munosabatlar, kishilarning mehnati, turmush sharoiti va uning darajasi, niyat va intilishlari, maqsad va manfaatlaridagi birlikdir. Har bir davr, mamlakat va millatning bu sohalardagi o‘ziga xos jihatlaridan tashqari umumiy tomonlari ham bor. Umuminsoniy qadriyatlar deb barcha insonlarning tarixi, merosi, istiqloli, istiqboli va manfaatlarida mavjud bo‘lgan tutash, umumiy zaminlar va manfaatlar asosida tashkil topgan, taraqqiyotning yangi bosqichida ham barchaning manfaatiga mos keladigan ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy hodisalar va boyliklarga aytiladi.