4. Ma’naviyatni rivojlantirishda qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati
O‘tmishdagi barcha falsafiy ta’limotlarda qadriyatlarning mohiyati va ularning jamiyat taraqqiyotida to‘tgan urni masalasiga katta e’tibor berilib, ular ijtimoiy tarixiy taraqqiyotning mahsuli, jamiyat ma’naviy kamolotining muhim omili ekanligi ko‘rsatib o‘tiladi.
Faylasuflar qadriyatlar va ularning jamiyat hayoti va taraqqiyotida tutgan o‘rni masalasiga ontologik, gnoseologik, evristik va dunyoqarovchanlik nuqtai nazaridan yondashib, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatini o‘z davri talablari va imkoniyatlari doirasida ochib berishga uringanlar.
Qadriyatlar jamiyat taraqqiyotining moddiy va ma’naviy boyliklari rivojining yakuni, inson kamolotining kelajak uchun ham katta ahamiyat kasb etadigan ijobiy mahsulidir.
Insonning ob’ektiv olamga nisbatan bo‘lgan aktiv faoliyati, moddiy va ma’naviy muhit, yashash shart-sharoitlarining rivojlanishi vorislik asosida sodir bo‘lib, yangi-yangi qadriyatlarning shakllanishiga, o‘tmishdan meros bo‘lib qolganlari esa davr ruhi, yangi ijtimoiy ehtiyoj talablari asosida rivojlanishiga olib keladi. Buning natijasida ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy taraqqiyotning imkoniyatlari ham kengayadi. Jamiyat taraqqiyoti jarayonida shakllangan har qanday hodisa o‘tmishda ijobiy ahamiyat kasb etgani uchungina emas, balki istiqbol uchun yangi imkoniyatlar yaratib berishga qodir bo‘lganligi sababli ham qadriyat deb ataladi.
Qadriyatlar olamni bilish va uni amaliy o‘zgartirishning muhim omilidir. Har bir qadriyatning mohiyati va ahamiyati tabiat, jamiyat va ruhiy olam hodisalarini bilish, ilmiy umumlashtirish, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotga ta’sir etish imkoniyatlari asosida belgilanadi.
Qadriyatlar inson ma’naviy kamolotining muhim omili hamdir. Har bir millat rivojlanishidagi tarixiy voqealar, unga ijobiy hissa qo‘shgan shaxslar ham milliy qadriyatlar jumlasiga kiradi.
Qadriyatlarda ular yuzaga kelgan davrning ruhi, imkoniyatlari, talab va ehtiyojlari o‘zining yaqqol ifodasini topadi. Har bir qadriyat ma’lum konkret davr, sharoit va ehtiyojlarning mahsuligina emas, balki uning ko‘zgusi hamdir. Tarixiy taraqqiyot jarayonida davrlar o‘tishi, sharoit va imkoniyatlar o‘zgarib turishi ham qadriyatlarning mazmunida, ularga munosabatda o‘z ifodasini topadi.
Qadriyatlarga baho berishdan oldin ular yuzaga kelgan konkret tarixiy sharoitlar, o‘sha davrlarga xos bo‘lgan imkoniyat va ehtiyojlarni ham bilmoq kerak. Kechagi voqealarni bugungi talab bilan o‘lchash mumkin bo‘lmaganidek, har bir qadriyatning ijtimoiy ahamiyatini bilishga muayyan tarixiy sharoitlarni hisobga olib yondashmoq kerak.
Qadriyatlarning shakllanishi, ularga amal qilish imkoniyatlari kishilar yashagan muhit, tabiiy sharoitlar, ishlab chiqarish usuli, kasb malakalari, mehnat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, yoshi, jinsiy jihatlari, turmush tarzi bilan ham bog‘liqdir.
Umuman olganda, qadriyatlar jamiyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida shakllangan va rivojlangan, o‘tmishda, hozirgi kunda va kelajakda ham ijtimoiy taraqqiyotga ijobiy ta’sir etadigan, kishilar ongiga singib ijtimoiy ahamiyat kasb etgan moddiy, ma’naviy boyliklardir.
Qadriyatlarning obyektiv va subyektiv tomonlari mavjud.
Qadriyatlar kishilarning moddiy turmush darajasi, sharoiti, imkoniyatlari asosida shakllanadi va rivojlanadi. Bu – qadriyatlarning ob’ektiv zaminidir.
Qadriyatlar ijtimoiy, moddiy, ma’naviy hodisa bo‘lsa ham, ularning ahamiyati va mohiyati kishilarning ularga nisbatan bo‘lgan munosabati asosida belgilanadi. Qadriyat degan tushunchaning o‘zi ham qadr-qimmat, degan ma’noni bildiradi. Har bir ijtimoiy hodisaga kishilar o‘z dunyoqarashi, taraqqiyot va istiqbol muammolarini hisobga olib yondashadilar va baho beradilar.
Qadriyatlarni baholash turli xildagi manfaatlar bilan ham bog‘liqdir. Muayyan qadriyatlarga amal qilishga, ularni baholashga shaxsiy, guruhiy, milliy, umuminsoniy manfaatlar ham bevosita ta’sir etishi shubhasizdir. Bular – qadriyatlarga baho berishning sub’ektiv omili hisoblanadi.
Qadriyatlarga baho berishda jamiyat a’zolarining umumiy ma’naviy kamoloti, ijtimoiy, milliy ongning yetukligi ham katta ahamiyatga ega. Ma’naviy jihatdan yetuk shaxs, jamiyat milliy, umuminsoniy qadriyatlarning mazmuni va mohiyatini to‘g‘ri baholash imkoniga egadir.
Qadriyatlarning ijtimoiy ahamiyatini anglash kishilarning istiqbol vazifalarini to‘g‘ri tasavvur qila bilish imkoniyati bilan ham bog‘liq. Jamiyat a’zolarida yetuk ijtimoiy, milliy ong bo‘lishi, ma’naviy kamolotning yuksakligi qadriyatlarning rivojlanish imkoniyatlarini kuchaytiruvchi, ijtimoiy va tarbiyaviy samaradorligini oshiruvchi omildir.
Qadriyat va meros tushunchalari o‘zaro yaqin bo‘lsa ham, ular bir xil ma’noni bildirmaydi.
Qadriyat va meros bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lishiga karamay, har qanday meros qadriyat bo‘la olmaydi. Hozirgi kun talablari, yangi sharoit va imkoniyatlar asosida shakllanayotgan ijtimoiy, ma’naviy, siyosiy hodisalar ham qadriyat hisoblanadi.
Hozir O‘zbekistonda milliy mafkurani rivojlantirish uchun katta ishlar olib borilmoqda. Taraqqiyotning hozirgi vazifalari va millat manfaatlariga mos keluvchi bunday mafkura yaratilmoqda. Bu mafkurani yaratishda o‘tmish merosidan unumli foydalanilsa ham, u yangi davrda shakllangan qadriyat sifatida yuzaga kelmoqda.
Dostları ilə paylaş: |