Ma’naviyat (arabcha “ma’naviyat” – ma’nolar majmui) – kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, ahloqiy, diniy tasavvurlari va tushunchalari majmui. Ma’naviyat mafkura, tafakkur tushunchalariga yaqin va ular bir-birlari bilan bog‘liq tushunchalardir. Ma’naviyat – insonning ongi, aqliy qobiliyatini, ruhiy kechinmalarini yaxshiliklarga, ezgu niyatlarga to‘la qalbini ifodalovchi ko‘p qirrali tushuncha.
Mamlaktimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishi erkin fikrlaydigan, o‘z-o‘zini anglaydigan, jamiyat maqsad va manfaatlarini tushunib yetadigan, har tomonlama yetuk komil insonni tarbiyalash vazifasini davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalish qilib belgiladi. Uni amalga oshirish esa eng avvalo tarbiyalanuvchilarning ichki ruhiy ma’naviyatini boyitish va mustaqil dunyoqarashini shakllantirishni taqozo etadi. Xuddi ana shu vazifa “ma’naviyat”ni mustaqil mavzu sifatida o‘rganishni ham kun tartibiga qo‘ydi.
Ma’naviyat ko‘proq inson qalbiga, botiniy tomonga qaratilganligi bilan ajralib turadi. U esa inson qalbida ta’lim-tarbiya va ko‘p kitob o‘qish orqali rivojlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Darhaqiqat, tarbiyada tanaffusga aslo o‘rin yo‘q. Buning uchun eng samarali yo‘l yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasiga ishtiyoqni kuchaytirish kerak. Qo‘lida smartfon yoki planshet emas, kitob tutgan bolaning dunyoqarashi keng, tafakkuri yuksak bo‘ladi, turli o‘yinlar girdobiga tushmaydi. Zero, teran tafakkurli, ma’rifatli va yuksak ma’naviyatli avlodni hech kim yenga olmaydi”2, - deb ta’kidlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ma’naviyatga shunday ta’rif bergan: “ma’naviyat – insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baqquvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigshan beqiyos kuch”3.
Ma’naviyat tushunchasining ta’rifi “ma’no”, “ma’ni” so‘zlarining bugungi biz tushungan mazmuni bilan yechilmaydi. Jaloliddin Rumiyning buyuk asari behudaga “Masnaviyi ma’naviy” nomi bilan shuhrat qozongan emas. Bu yerdagi ma’no tushunchasi oliy bir mazmunni anglatmoqda, ulug‘ allomalarimiz uni “Haq asrori” deb ataganlar, agar bugungi ilmiy ifodalarga ko‘chirsak, biz zohir ko‘zimiz bilan ko‘rib turgan cheksiz zamon va makonda cheksiz va xududsiz shakllar majmuini to‘zg‘itib yubormay, g‘oyat bir murakkab tizimda ushlab turgan ichki uyg‘unlik, inson ongi hech qachon to‘liq anglab yeta olmaydigan yaxlit mohiyatdir. Shaxs ma’naviyati ayni shu behudud manbadan quvvat oladi. Allomaning yana bir ma’naviyat haqidagi fikrini keltirish mumkin: “har ne istamak, o‘zingla ham erur”4, Alisher Navoiy esa “har ne istasang, o‘zingdan istagil”, - deydi. Odam ham, hayvon ham ovqatga ehtiyoj sezadi, lekin ular o‘rtasida chegara bor. Bu chegarani his etish inson uchun hikmat olami boshlanganidir. Alisher Navoiy “ma’no ahli” deganda haqiqat yo‘liga kirgan komil insonni nazarda tutgan5. Shunday ekan, ma’naviyat insonning ruhiy olami bilan chambarchas bog‘liq tushunchadir. Ma’naviyat insoniyatning, xalqning, jamiyatning, davlatning kuch-quvvati ekan, binobarin, jamiyatning insonlarning ma’naviy madaniyati qancha yuksak bo‘lsa, mamlakat shuncha tez ravnaq topadi, boshqa ijtimoiy muammolarni hal qilish osonlashadi.
“Ma’naviyat” tushunchasi juda keng qamrovli mazmunga ega. Rus tilidagi «duxovnost» tushunchasi aynan tarjima qilinsa, ma’naviyat emas, “ruhiyat” yoki “ruhoniyat” bo‘ladi. “Ma’naviyat” «duxovnost» tushunchasining tarjimasi aynan ko‘chirilgan nusxasi emas, balki muqobilidir. Ma’lumki, Yevropa falsafasi “ahloq”, “ruh”, “iroda”, “go‘zallik” kabi tushunchalarni tadqiq etishda beqiyos natijalarga erishgan, teran tadqiqotlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, u ma’naviy hayoti yaxlit holda emas, bo‘lib o‘rganish an’anasiga sodiq qolgan. Chunonchi, nemis olimlari Gegel ta’limotida “ruh”, Shopengauer ta’limotida esa “iroda” borliqning o‘zi sifatida ahamiyat kasb etadi6.
Ma’naviyat tushunchasi kelib chiqishiga ko‘ra ikki o‘zakka borib bog‘lanishi mumkin. Birinchisi bu tushuncha arabcha “ma’ni” o‘zagidan hosil bo‘lgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ma’naviyatning ikkinchi mazmuni “ahloqiy” deb ifodalangan. Ma’naviyat nafaqat “ma’ni”ga oid mazmunda, shuningdek, “ahloq” va “ruh”, hatto “shaxsning huquqiy maqomi” mazmunlarida ham ishlatilib kelinmoqda.
Ma’naviyat – odamning ruhiy va aqliy olamining majmuidir. Tilimizda “Ba’mani odam” degan ibora bor. Bu iboraga loyiq ko‘rilish ulug‘ baxtdir. Va aksincha “Be’mani odam” deyish kuchli haqoratdir, bu – hayvonsifat deyish bilan barobar.
Ma’naviyat – jamiyatning, millatning va yoki ayrim bir kishining ichki hayoti, ruhiy kechinmalari, aqliy qobiliyati idrokini mujassamlashtiruvchi tushuncha7.
Shu ehtiyojdan kelib chiqib oxirgi “ma’naviyat”ning mohiyati, tushunchalari va rivojlanish qonuniyatlariga bag‘ishlanib respublikamiz ziyolilari o‘rtasida qizg‘in munozaralar olib borilmoqda. Bunga sabab ma’naviyatning ko‘p qirrali tushuncha ekanligidir. U inson faoliyatining barcha qirralarini, uning yaqqol ko‘zga tashlanuvchi zohiriy va yashirin, ichki ruhiy-botiniy tomonlarini ham qamrab olganligidadir. Hozirgi kunda xam munozaralar davom etmoqda va matbuotda ushbu mavzuga bag‘ishlab ko‘plab maqola va mulohazalar e’lon qilinmoqda, kitoblar chop etilmoqda.
O‘zbekiston mustaqilligining tajribasi ma’naviy sohada olib borilgan siyosatning haqqoniy va hayotiy, samarali va davomiy ekanini batamom tasdiqladi.