Aksiologik (qadriyatshunoslik) vazifasi – har bir inson uchun, oila va jamoa, millat va xalq uchun aziz va ardoqli, muqaddas va mo‘tabar sanaladigan g‘oya va tamoyil, meros va boylik, munosabat va ne’matlar bo‘ladi. Mana shular qadriyat deb ataladi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, “qadriyat deganda, biz ming yillar davomida shakllangan, odamlarning hayoti, ichki dunyosidan mustahkam o‘rin olgan, hech qaysi rasmiy hujjatlarda aks etmagan bo‘lsa-da, unga barcha amal qiladigan, insonning qon-qoniga singib ketgan an’ana va udumlarni tushunamiz. Lo‘nda qilib aytganda, odamzot bor ekan, millat bor ekan, shu millatni ifoda etadigan, asrlar mobaynida qandaydir muqaddas darajaga ko‘tarilib qolgan alomat-xususiyatlar ham u bilan birga yashaydi”8.
Hayotda odamlar turli narsalarga ko‘ngil qo‘yadilar, har xil orzu, intilish, maqsad bilan yashaydilar. Insonning bilimi qanchalik ko‘p, dunyoqarashi keng va e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, uning maqsadlari ham shunchalik ezgu va yuksak bo‘ladi. Ayrim odamlar esa, o‘tkinchi hoyu-havas, ikkinchi darajali narsalarga erishish niyatida umr va kuchlarini behuda sarflaydilar.
“Ma’naviyat asoslari” fani, qaysi tushunchalarni muqaddas sanash, shaxsiy hayotda qanday qadriyatlarga ustuvorlik berish, hayotiy maqsad va mo‘ljallarni shakllantirayotganda qanday manfaatlar va mezonlardan kelib chiqish zarurligini o‘rgatadi.
Tarbiyaviy vazifasi – tarbiyaning turli yo‘nalish va shakllari orasida ma’naviy tarbiya alohida o‘rin egallaydi. Ma’naviy tarbiyaning samarasi inson hayotining barcha jabhalarida, jamiyat hayotining barcha sohalarida namoyon bo‘ladi. Insonning mehnatga munosabati, halol va unumli mehnat qilib, farovon yashashi ham, davlat siyosatini tushunib, qonunlarni hurmat yoki inkor qilishi ham uning ma’naviyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Xalqning o‘tmish ma’naviyati ming qadar yuksak bo‘lmasin, yosh avlodga singmasa, meros bo‘lib o‘tmasa yo qabul qilinmasa – shu xalq tanazzulga uchraydi, o‘z qiyofasi va qadrini yo‘qotadi. Shu sababli ma’naviyatni tarbiyalash uzluksiz va doimiy, izchil va davomli bo‘lishi lozim, buni millatning istiqboli taqozo etadi.
Keyingi yillarda G‘arbdagi ko‘pgina mutaxassis va arboblar ma’naviyatning siyqalanishi, an’ana va urf-odatlarning qadrsizlanishidan jiddiy tashvishga tushmoqdalar. Demokratiya, ozodlik, inson huquqlari – buyuk tushunchalar, ammo ma’naviyat bo‘lmasa bular o‘z qimmatini yo‘qotadi, falsafaning me’yor qoidasiga binoan o‘z qarama-qarshisiga aylanadi.
O‘zbekistonda ma’naviy tarbiya umumxalq ishi, davlat siyosatining muhim yo‘nalishi, har bir ongli fuqaroning milliy burchi hisoblanadi. Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir”, degan hikmati ma’naviy tarbiyaga ham to‘liq taalluqlidir. “Ma’naviyat asoslari” o‘rganayotgan fan mana shunday olijanob vazifani hal etishga ko‘maklashadi.