Tasniflash (turkumlash, klassifikatsiya) tushunchalarni bо‘lishning alohida turidir. Tasniflash predmetlarni ma’lum bir turlarga (kichik sinflarga yoki ayrim predmetlarga) ajratishdan iborat bо‘lib, bunda har bir tur boshqalariga nisbatan о‘zining aniq va qat’iy о‘rniga ega. Tasniflash natijalari har xil jadvallar, tuzilmalar, grafiklar, kodekslar va shu kabilarda о‘z aksini topadi.
Mantiq fanida sun’iy va tabiiy tasniflar farq qilinadi. Sun’iy tasnif predmetlarning birorta umumiy belgisiga kо‘ra amalga oshiriladi. Unga misol qilib kutubxonadagi kitoblar katalogini kо‘rsatish mumkin. Tabiiy tasnifni amalga oshirish uchun bо‘lish asosi qilib predmetlarning birorta muhim belgisi olinishi lozim. Ana shuning uchun ham u predmetlarning ayrim muhim xossalari haqida fikr yuritish, qonuniy bog‘lanishlarini aniqlash imkonini beradi. Bunga Mendeleyevning “kimyoviy elementlar davriy jadvali”, “Darvinning Jonli tabiat predmetlari tasnifi misol bо‘la oladi.
Tasniflashda tushunchani bо‘lish qoidalariga amal qilish zarur.
Tasniflar nisbiy turg‘un xarakterga ega. Ular bilish va kundalik turmush jarayonida uzoq yillar davomida ishlatiladi.
Albatta, bilimlarimizning taraqqiy etishi, yangi bilimlarning vujudga kelishi kо‘p hollarda tasniflarga tuzatishlar kiritish, ba’zan esa butunlay yangisi bilan almashtirilishini taqozo etadi. Shunga qaramay, tasniflash mavjud bilimlarimizni tizimga solish vositasi sifatida bilishda о‘zining muhim ahamiyatiga ega bо‘lib qoladi.
Tushunchalarni ta’riflash (definitsiya) Ta’riflash (yoki definitsiya) tushunchaning mazmunini ochib beruvchi mantiqiy amaldir. Ta’rif aniqlanuvchi va aniqlovchi qismlardan tashkil topadi. Aniqlanuvchi qismni mazmuni ochib berilishi lozim bо‘lgan tushuncha, aniqlovchi qismni esa, aniqlanuvchi tushunchaning mazmunini ochib beruvchi tushunchalar tashkil etadi. Masalan, «mantiq tо‘g‘ri tafakkur shakllari va qonunlarini о‘rganuvchi falsafiy fandir» degan ta’rifda «mantiq» aniqlanuvchi qism, qolganlari esa aniqlovchi qismni hosil qiladi. Ta’riflash bilishda quyidagi asosiy vazifalarni hal qilishda yordam beradi: 1) tushunchada aks etuvchi predmetning muhim belgilarini kо‘rsatadi; 2) tushunchani ifoda qiluvchi sо‘zning (terminning) ma’nosini ochib beradi; 3) termin hosil qilishga imkon beradi. Yuqoridagi vazifalardan qaysi birining hal qilinishiga qarab nominal va real ta’riflar farq qilinadi.