Bu jadvaldan ko`rinib turibdiki, ba`zi taksonomiyalarda Blum taksonomiyasining aynan o`zini yoki uning bir qismini takrorlanadi xolos. L. Vandeveld taksonomiyasida esa faqat «sintez» toifasi «yaratuvchanlik» bilan almashtirilgan xolos. Ayrim taksonomiya yaratuvchilar «muammoni hal qilish»ga ham alohida e`tibor berganlar. Bu yo`nalishda Gilford boshqalarga nisbatan chuqurroq izlanib, konvergent muammo bir necha variantli yechimga ega bo`lgan hollarni aks ettiradigan tafakkur turlarini ajratib ko`rsatadi. Gilford bu ikki operasiyadan tashqari inson qobiliyatlarining uch omili: bilish, xotira va baholashni ham farqlab ko`rsatadi.
Shuni ta`kidlash lozimki, Gronland taksonomiyasidan boshqa birorta taksonomiyalarda tafakkur alohida toifa sifatida ko`rsatilmagan, barcha mualliflar esa, qiziquvchanlik va motiv kabi o`zgaruvchanlikni chetlab o`tganlar. Shuning bilan bir qatorda ularning hammasi bilimga, uni egallash va tushunishga alohida e`tibor berganlar. Xotiraga faqat Gilfordgina o`zgaruvchi sifatida qaragan, uning taksonomiyasidagi «yaratuvchanlik» tafakkurni rivojlantirishga yo`naltirilgan. Kognitiv sohada yaratilgan taksonomiyalarni taqqoslar ekanmiz, bu sohada Blum taksonomiyasidan mukammalrog`i yaratilmaganligini alohida e`tirof etish lozim.
2. Affektiv (hissiyotli-qadriyatli) soha. Unga oddiy idrok qilish, qiziqish, qadriyatlar yo`nalishlari va munosabatlarni o`zlashtirishga tayyor bo`lishdan boshlab, to talabani atrof-dunyoga nisbatan hissiy-shaxsiy munosabatda bo`lishini shakllantiruvchi maqsadlar kiradi. qiziqish va moyillikni, u yoki bu kechinmalarga hamdard bo`la olish, voqyealarga bo`lgan munosabat, uni anglash va faoliyatda namoyon bo`lishini shakllantirish maqsadlari ana shular jumlasidandir. Yuqoridagi jadvalda ko`rganimizdek, zamonaviy taksonomiyalarda yakuniy natijani bevosita o`lchash uchun, unga erishishga olib boruvchi yo`llar va bosqichlarni ajratib ko`rsatish, ya`ni «yomon bo`lsa ham yo`l afzal» qabilida ish tutish zarur ekan. Affektiv sohada yakuniy natijaga olib boruvchi oraliq bosqichlarni ajratib ko`rsatish birmuncha murakkabdir, chunki bu sohada asosan ko`p variantli (divergent) o`zgaruvchilar amal qiladilar. D. Kratvol, V. Blum va B. Masiilar 1956 yilda yaratgan taksonomiya, affektiv (hissiyot) soha maqsadlarini o`ziga xos, «jarayonli» qamrab olishga urinishlardan eng muvaffaqiyatlisi bo`lib hisoblanadi. Uning mavjud besh qismi quyidagicha ifodalanadi:
I. Idrok etish:
1) anglash,
2) idrok qilishga istak vujudga kelishi va yoki unga tayyor bo`lish,
3) ixtiyoriy diqqat.
II. Ta`sirga javob berish:
bo`ysunuvchi tarzda javob berish,
ixtiyoriy tarzda javob berish,
ta`sirga javob berishdan mamnuniyat hosil qilish.
III. qadriyatli yo`nalishlarni o`zlashtirish:
qadriyatli yo`nalishlarni qabul qilish (fikr paydo bo`lishi),
IV. qadriyatli yo`nalishlarni tashkil etish:
o`z munosabatini baholash, qadriyatli yo`nalishlar tizimini yaratish.
V. qadriyatli yo`nalishlar yoki ular majmuini faoliyatda aks etishi:
umumiy ko`rsatmalar berish,
qadriyatli yo`nalishlarni to`la o`zlashtirish va ularning faoliyatda aks ettirilishi.
Bu taksonomiya, subyekt tomonidan muhit yoki san`at asarlaridagi estetik ildizlarni, ularning ta`siri javob berish (II) orqali ongiga singdirib olish (I), baholash (III) va bu baholashni tashkil etish (IV)- qadriyatli yo`nalishlar tizimi va dunyoqarashni tanlay olishni aks ettiradi (V). Bu yerda yaqqol ifodalangan ikkita umumiy darajani ajratib ko`rsatish mumkin:
biror ta`sirga javob berishni tanlashga tayyor bo`lish va uni qabul qilish darajasi,
2) to`la o`zlashtirish darajasi. U qadriyat yo`nalishini baholash, tashkil etish va mustahkamlashni qamrab oladi.
Mualliflar, hissiyotli jarayonning bunday tarkibiy tuzilishini yaratishda «internalizasiya» - biror xulqni dastlab yuzaki, so`ngra esa uni to`la his etib o`zlashtirish tushunchasini ishlatganlar. qadriyatlarning bunday, asta-sekin, borgan sari yuqori darajaga ko`tarilib o`zlashtirilishi natijasida, ular mustahkam ishonchga aylanadilar. O`zbekiston yoshlarini mustaqillik mafkurasi va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning bosqichma-bosqich olib borilayotganligi bunga yaqqol misoldir. 1964 yildan so`ng bir necha olimlar (Vilson, Vilyams, Gronlund, Smit) tomonidan ham affektiv sohaga oid taksonomiyalar yaratilgan. Lekin ular Kratvolning yuqorida bayon etilgan taksonomiyaga sezilarli o`zgartirish kirita olmaganlar. Shunday bo`lsada, Kratvol taksonomiyasida ham ayrim kamchiliklar mavjud. Xususan, unda subyektning estetik va ahloqiy mamnuniyat hosil qilgandagi ichki kechinmalari o`z ifodasini topmagan. Bu holat polyak-filosof R. Ingardenning 1957 yillarda olib borgan tadqiqotlarida aniqlangan.
3. Psixomotor (harakatga oid) soha. Bu sohaga, u yoki bu harakat (motorli) faoliyatda manipulyasiya (harakat yo`nalishlarini tez va chaqqon o`zgartirish), asab-muskullarni muvofiqlashtirib boshqarish (koordinasiya) ni shakllantirishga oid maqsadlar kiradi. Bu o`rta maktabdagi o`quv maqsadlarining juda oz qismini qamrab oladi xolos. Yozuv, og`zaki nutq malakalari hamda jismoniy tarbiya va mehnat (kasb) ta`limi doirasidagi malakalar ana shular jumlasidandir. Lekin, kasb-hunar kollejlarida talabalarga kasb o`rgatish jarayoni maqsadlarini aynan shu maqsadlar tashkil qiladi. Psixomotor soxasiga oid yaratilgan taksonomiyalar 2- jadvalda keltirilgan.
Jadvalda ko`rsatilgan to`rtta taksonomiyadan ikkitasi - Simpson va Beldvin taksonomiyalari deyarli bir-biriga o`xshashdir. Ularda faoliyatning birinchi bosqichi fikran idrok qilish bo`lib, u ikkinchi bosqichda fikran va hissiyotli sozlanishga, uchinchi bosqichda esa, biror kimni rahbarligida faoliyat ko`rsatishga olib keladi. To`rtinchi bosqichda pirovard natijada majmuilashgan faoliyatni shakllanishiga imkon yaratuvchi avtomatlashgan faoliyatni anglatadi. Deyv dastlabki ikki bosqichni chetda qoldirib, nusxa ko`chirishni esa xarakatlarni avtomatlashtirish va to`la o`zlashtirishning dastlabki bosqichi deb hisoblaydi. Bruner modelida idrok e`tiborga olinmagan, faoliyat niyatlarni tanlashdan so`ngra asab tizimini moslashuvi, undan keyin esa axborotlarni anglash yo`li bilan faoliyatni to`la tashkil etish ta`minlanadi.