Qimmatli qog'ozlarning birlamchi bozori vujudga keldi va ikkilamchi bozori dinamik rivojlana boshladi. Bu - mamlakat, shuningdek chet el potentsial investorlari uchun qulay investitsion iqlim yaratila boshlangani haqida gapirish uchun imkon beradi. Xorijiy investorlar uchun soliq bo'yicha butun bir imtiyozlarning qabul qilinishi ham bunga katta yordam berdi, bu esa, butun dunyo kapitalini O'zbekistonga «tortish» (jalb qilish), uni xalq xo'jaligi tarmoqlarining qudratini o'stirish uchun yo'naltirishga imkon beradi.
Milliy valyutaning joriy etilishi O'zbekiston Respublikasi mustaqilligini ta'minlash va mustahkamlashda muhim ijtimoiy-iqtisodiy rol o'ynadi. Bizning mamlakatimizning o'z pul birligiga ega bo'lishi pul tizimining shakllantirilishiga, asosiy printsiplari Prezident va hukumat tomonidan bozor qayta qurishlari endigina boshlangan vaqtda ishlab chiqilgan o'z islohotlar dasturining real amalga oshirilishiga asos soldi. O'z puli va to'lov makoni, ikki bosqichli bank tizimining yaratilishi makroiqtisodiy barqarorlashtirish siyosatini olib borish uchun zarur bo'lgan barcha shart-sharoitlarni yaratdi, bunda Markaziy bankning monetar siyosatiga asosiy rol ajratildi
Markaziy bank tarixi
O'zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to'g'risida» (1991 y.)gi Qonuniga muvofiq Markaziy bank respublikaning davlat, emissiya va rezerv (zahira) banki maqomiga ega bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi bank tizimining tashkil etilishi va faoliyat yuritishi uchun huquqiy asos zamini yaratildi, uning tarkibiy qismlari belgilab berildi, aktsiyadorlik tijorat banklari, shuningdek xususiy kapitalga asoslangan tijorat banklari tizimi (tarmog'i) hamda chet el kapitali ishtirokidagi banklarni yaratish, xorijiy banklar filiallari va vakolatxonalarini ochish uchun imkoniyat yuzaga keldi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumi (Rayosati) tomonidan 1992 yil 28 fevralda tasdiqlangan Markaziy bank Ustavi (Nizomi)da O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki respublikaning bosh banki bo'lib hisoblanishi, shuningdek u xalqaro moliya tashkilotlari avuarlari uchun depozitariy ekanligi, respublika mulki bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisob berishi aniq-ravshan qayd etib qo'yilgan.
Banklar faoliyatini xizmat ko'rsatish turlarini maksimal darajada kengaytirish, ularning sifatini yaxshilash, mijozlarni kompleks o'rganish va ularga xizmat ko'rsatilishini ta'minlaydigan xalqaro andozalarga o'tkazish ishlari olib borilmoqda. 1995 yil iyul oyida Toshkent shahrida O'zbekiston banklari assotsiatsiyasining birinchi Ta'sis s'ezdi bo'lib o'tdi. Uning maqsadi barcha banklarni bozor islohotlarini amalga oshirishning ikkinchi bosqichi vazifalarini hal etish uchun markazlashtirilgan holda yo'naltirishdan iborat bo'lib, u milliy iqtisodiyotni barqaror va jadal rivojlantirishni ta'minlashga da'vat etdi. S'ezdda O'zbekiston bank tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi qabul qilindi.
Xalqaro eng yuqori mezonlarga muvofiq keladigan bank tizimi, hech qanday mubolag'asiz, mustaqil qadriyat hisoblanadi, zeroki aynan u bozor sharoitlarida butun iqtisodiyotning ahvolini, pirovard natijada esa, aholi farovonligi va siyosiy barqarorlikni belgilab beradi.