«Ziji Jadidi Ko`ragoniy » asosan ikki qismdan keng muqaddima va 1018 sobita yulduzlarning o`rni va holati aniqlab berilgan. Jadvallardan iborat. Asarning bosh muqaddima qismi astronomiyaning nazariy masalalari, Sharq xalqlaridagi yil xisobi usullari, astronomiyaning amaliyoti, sayyoralar nazariyasi hamda astronomiya va astrologiya masalalariga bag`ishlangandir.
«Ziji jadidi Ko`ragoniy»dan tashqari Ulug`bek «Tarixi arba` ulus» («To`rt ulus tarixi») nomli tarixiy asar hamda musiqa ilmiga bag`ishlangan beshta risola ham yozgan. Uning «Tarixi arba` ulus» asari turkiylarning ajdod va avlodlari, mug`ul qabilalari hamda Chingizxon vafotidan keyin tashkil topgan Ulug` yurt, Jo`ji, Chig`atoy va Elxoniylar ulusining qisqacha tarixiga bag`ishlangan.
XV asrda Movarounnaxr va Xurosonda tarix fani ham keng rivoj topdi. Hofizi Abro`, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Isfizoriy, Davlatshox. va boshqa ko`pgina tarixchilar Temuriylar davlatining ikki poytaxti Samarqand va Hirotda yashab ijod qildilar. Ularning asarlari Temuriylar davlatining tarixiga doir juda qimmatli va nodir manbadir.
«Zubdat tavorix» muallifi Hofizi Abro`, «Matlai sa`dayn va majmai baxrayn»ni yozgan Abdurazzoq Samarqandiy o`z asarida Temur va Temuriylar hukmronlik qilgan davr voqealarini yoritdilar. Mirxond «Ravzat us-siyar va Xondamir «Habib us-siyar» kitoblarini yozib, o`z asarlarining bir qismini Sulton Xusayn xukmronlik qilgan davr voqealari bayoniga bag`ishladilar. O`sha davr tarixnavislaridan Muinuddin Isfizoriy esa Hirot tarixini yozdi.
XV asrda Movarounnahrning poytaxti Samarqandda ilmiy tadqiqotlar olib borgan mashhur olimlarning ijodiy faoliyati, astronomiya va matematika fanlari soxasida qilgan kashfiyotlari, yaratgan nodir asarlari bilan ilm-fan taraqqiyotiga qo`shgan hissalarining salmog`iga qarab fikr yuritilsa, Ulug`bekning astronomiya maktabini o`z davrining akademiyasi deyish mumkin.
Ulug`bek tevaragiga uyushgan 100 - dan ortiq olimni o`z bag`rida yetishtirgan, nomi jahonga mashhur Samarkand rasadxonasi shu vazifani o`tagan. «Samarqand akademiyasi» dastavval bundan 225 yil muqaddam mashhur frantsuz faylasufi, yozuvchi va tarixchi olimi Volter (1694—1778) tomonidan e`tirof etilgan. Volter bu xaqda: «Ulug`bek Samarqandda bo`lib akademiyaga asos soldi, Yer kurrasini o`lchashga buyurdi va astronomiya jadvallarini tuzishda ishtirok etdi», deb yozgan edi, Darhaqiqat, «Samarqand akademiyasi» 1010 yili Xorazmning qadimiy poytaxti Gurganchda tashkil etilgan o`ziga xos akademiya — «Donishmandlar uyi» («Ma`mun akademiyasi»)dan keyingi ikkinchi «Dor ul-ilm» edi. Bu Dor ul-ilmniig poydevori bo`lgan Ulug`bekning astronomiya maktabi o`rta asrlar musulmon Sharq hamda endigina uyg`onayotgan Yevropa astronomiya fanining rivojiga katta ta`sir ko`rsatdi.