3. Fanning funktsiyalari va rivojlanishining asosiy bosqichlari.
3.1. Fanning funktsiyalari.
Fan funktsiyalarining tasnifi muammosi hanuzgacha bahsli bo`lib qolmoqda. Bu holat qisman fan o`z zimmasiga yangi va yangi funktsiyalarni olib rivojlangani, qisman u ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida amal qilib, ob`ek-tiv va shaxssiz qonuniyat haqida emas, balki fan-texnika taraqqiyotining barcha yutuqlarini amalga tatbiq etish haqida o`ylay boshlagani bilan izohlanadi.
Fan funktsiyalari:
Haqiqiy bilimni yaratish funktsiyasi fan binosini quruvchi asosiy funktsiya hisoblanadi. U kichik funktsiyalar: tavsiflash, tushuntirish, prognoz qilishga bo`linadi.
Fanning loyiha-konstruktsiyalash funktsiyasi borliqni amalda o`zgartirish bosqichidan oldin keladi va har qanday darajadagi intellektual izlanishning ajralmas qismi hisoblanadi. Loyiha-konstruktsiyalash funktsiyasi mutlaqo yangi texnologiyalarni yaratish bilan bog’liq bo`lib, bu bizning davrimizda o`ta muhim ahamiyat kasb etadi
Fanning madaniy-texnologik funktsiyasi insonning bilish faoliyati sub`ekti sifatida materialga ishlov berish, uni o`zlashtirish va bilish jarayoniga jalb qilish bilan bog’liqdir.
Fanning madaniy funktsiyasi faqat samarali natija, ya`ni ilmiy faoliyat natijalari madaniyatning umumiy salohiyatini ham tashkil etishi bilan bog’liq emas. Fanning madaniy funktsiyasi o`zining serqirraligi bilan kuchli. U avvalo insonni faoliyat va bilish sub`ekti sifatida shakllantirishni nazarda tutadi.
Fan jamiyatdagi jarayonlarni ijtimoiy tartibga solish funktsiyasi jamiyat ehtiyojlariga ta`sir ko`rsatadi, oqilona boshqarishning zaruriy shartiga aylanadi. Har qanday yangilik dalillar bilan ilmiy asoslashni talab qiladi. Fanni madaniy-ijtimoiy tartibga solish mazkur jamiyatda shakllangan ta`lim va tarbiya tizimi orqali hamda tadqiqotchilik faoliyati va fan etosiga jamiyat a`zolarini jalb qilish yo`li bilan amalga oshiriladi. Fanni olimlar hamjamiyati rivojlantiradi. Shu sababli fan muayyan ijtimoiy va kasbiy tashkilotga, rivojlangan kommunikatsiyalar tizimiga ega bo`ladi. Frensis Bekon o`z davrida shunday deb qayd etgan edi: «Fanning takomillashuvini biron-bir odamning qobiliyati yoki uddaburonligidan emas, balki bir-birining o`rniga keluvchi ko`plab avlodlarning izchil faoliyatidan kutish lozim». Olim– doim u yoki bu ijtimoiy-madaniy muhit vakili. Mavjud ilmiy-ijodiy imkoniyatlarga butun ijtimoiy-madaniy maydonning ta`siri fanning «soflik» darajasini ko`rsatadi. Olim faoliyatining e`tirof etilishi unga ilmiy daraja va unvonlar berilishi bilan bog’liq. Fanda eng nufuzli mukofot Nobel mukofoti hisoblanadi.
Fan va texnika taraqqiyoti davrida fanning o`rni va ahamiyati tinimsiz o`sib bordi. Natijada uni ichki differentsiatsiyalashning yangi shkalasiga ehtiyoj tug’ildi. Katta fanda ayrim olimlar evristik izlanish faoliyatiga– yangi g’oyalarni ilgari surishga, ayrim olimlar analitik va eksplikatsion faoliyatga– mavjud g’oyalarni asoslashga, ba`zi olimlar– ularni tekshirishga, yana bir toifa olimlar esa– olingan ilmiy bilimni amalga tatbiq etishga ko`proq moyil ekanligi ayon bo`lib qoldi.
Sotsiologlarning hisob-kitoblariga ko`ra, fan bilan aholining faqat 6-8% shug’ullanishga qodir. Ba`zan tadqiqotchilik faoliyati va oliy ta`limni qo`shib olib borish fanning asosiy va empirik jihatdan aniq belgisi hisoblanadi. Bu fan kasbiy faoliyatga aylanib borayotgan sharoitda juda o`rinlidir. Ilmiy-tadqiqotchilik faoliyati zarur va barqaror ijtimoiy-madaniy an`ana sifatida e`tirof etiladi. Bu faoliyatsiz jamiyat normal mavjud bo`lishi va rivojlanishi mumkin emas. Fan har qanday ma`rifatli davlat faoliyatining ustuvor yo`nalishlaridan birini tashkil etadi.
Fanning bunyodkor kuch funktsiyasi jamiyatning iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish uchun o`z imkoniyatlarini bevosita ro`yobga chiqaradi. Bunda u odamlar xo`jalik-madaniy rivojlanishining muhim omili sifatida amal qiladi. XVIII–XIX asrlardagi sanoat to`ntarishi natijasida yuzaga kelgan yirik mashinali ishlab chiqarish fanning bevosita bunyodkor kuchga aylanishi uchun moddiy negiz bo`lib xizmat qildi. Har bir yangi kashfiyot ixtiro uchun asosga aylanadi. Ishlab chiqarishning rang-barang tarmoqlari fanning turli tarmoqlari ma`lumotlarining bevosita texnologik qo`llanilishi sifatida rivojlana boshlamoqda. Bu tarmoqlarga tijorat keng kirib kelmoqda. Boshqa erkin kasblardan farqli o`laroq, fan bir lahzada iqtisodiy foyda keltirmaydi va bevosita naf ko`rish bilan to`g’ridan-to`g’ri bog’liq emas, shu sababli tirikchilik uchun mablag’lar topish muammosi olim uchun har doim juda muhim bo`lgan. Hozirgi zamon fanining rivojlanishiga ko`p miqdorda mablag’lar kiritish va bunda ular o`zini tez oqlashiga umid qilmaslik talab etiladi.
Fanning siyosat vositasidagi funktsiyasi jamiyatning mafkuraviy ehtiyojlariga javob berishda amal qiladi. Rasmiy fan jamiyatning asosiy mafkuraviy mo`ljallarini qo`llab-quvvatlash, mavjud hokimiyat va mafkura o`zining imtiyozli mavqeini saqlashiga yordam beruvchi intellektual dalillar va amaliy vositalar taqdim etishga doimo majburdir. Bu jihatdan fan mafkuradan«ruhlanishi», uni o`zida mujassamlashtirishi lozim. T.Kun ta`biri bilan aytganda, «olimlar boshqotirmalarni echishni o`rganadilar va buning orqasida katta mafkura turadi». SHu sababli fanning betarafligi haqidagi xulosa doimo qizg’in munozaraga sabab bo`ladi.
Fanning ijtimoiy funktsiyasi fan metodlari va uning ma`lumotlaridan ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishning keng ko`lamli rejalarini tuzish uchun foydalanilishini nazarda tutadi. Fan o`zini ijtimoiy kuch funktsiyasida davrimizning olamshumul muammolarini(tabiiy resurslarning kamayishi, atmosferaning ifloslanishi, ekologik xavf miqyosini aniqlash) hal qilish chog’ida namoyon etadi. O`zining bu funktsiyasida fan ijtimoiy boshqaruv bilan bog’lanadi.
Dostları ilə paylaş: |