Ilmiy tadqiqot – bu real dunyo hodisalarini, qonuniyatini va ob`ektiv haqiqatini o`rganish (bilish) jarayonidir.
Bilim – ob`ektiv mavjudot haqidagi yoki muayyan sohaga oid ma`lumotlar majmuiga ega yoki xabardor bo`lish.
O`rganish (bilish) - ilmiy tadqiqot natijasida odam ongining, odam fikrining bilmaslikdan bilimga, noto`g’ri bilimdan to`laroq va aniq bilimlarga qiladigan murakkab harakatidir.
Ilm – kishining o`qish, o`rganish va hayotiy tajriba asosida orttirgan bilimi, ma`lumoti.
Ilmiy tadqiqot yoki ilmiy tadqiqot ishlari, har qanday ijodiy mehnat kabi uchta asosiy tashkil etuvchidan iborat:
odamning maqsadli faoliyati, ya`ni ilmiy tadqiqot mehnati;
O`rganish va izlanishning konkret usullarini va ilmiy tadqiqot vositalarini (o`lchovchi, hisoblovchi va h.k.) ishlatgan holda tadqiqot ob`ekti (ilmiy tadqiqot predmeti) haqida yangi va aniq bilimlarni o`rganish uchun odam maqsadli ilmiy faoliyatini amalga oshiradi.
Ilmiy tadqiqot predmeti – bu ilmiy tadqiqot jarayonida o`rganiladigan ob`ekt. Tadqiqot ob`ekti bo`lib moddiy dunyoning har qanday predmeti (masalan, avtomobil, jihoz, val va h.k.), hodisasi (massa almashinuv jarayoni, dvigatel silindridagi ishchi aralashmaning yonishi va h.k.) hodisalarning bir-biriga bog’liqligi (masalan, valning yeyilish darajasi va unga tushadigan yuklama orasidagi bog’liqlik va h.k.), xossalar (masalan, avtomobil dinamikasi, moylovchi moddaning qovushqoqligi va h.k.) xizmat qiladi.
Ta`limning bosh bo`g’ini – bu fan va uning doimiy rivojlanishidir. Shuning uchun ham, kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismida“fan – yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi va ulardan foydalanuvchi, ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi” deb ko`rsatilgan.
«Fan» - tadqiqot faoliyati sohasi bo`lib, tabiat, jamiyat va tafakkur haqidagi yangi bilimlar hosil qilishdan to ularni tadbiq qilishgacha bo`lgan faoliyatni o`z ichiga oladi.