Neft va gaz mashinasozligida apparatlar va ularning elementlarini termik ishlov berish quyidagi maqsadlar uchun amalga oshiriladi:
berilgan mexanik xossalarga erishish;
plastik deformatsiya natijasida hosil bo‘lgan qoldiq kuchlanishlarni bartaraf qilish, jihoz ish qobiliyatini oshirish va korrozion darz ketish xavfini kamaytirish;
payvandlashda hosil bo‘lgan mo‘rt qatlamchalarning xossalrini tiklash;
umumiy korroziyaga bardoshlilikni oshirish va boshqalar.
Po‘latlarning mustaxkamligi, tayyorlanayotgan detallarning ishonchliligi va jihozlarning uzoq muddat xizmat qilishini tavsiflovchi asosiy kriteriylardan biri ularning mexanik xossalari hisoblanadi va bu xossalar po‘latlarning strukturalari va tarkiblariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. Chunki po‘latlarning tarkibida turli miqdorda uglerodning va legirlovchi elementlarning bo‘lishi bir xil rejimda termik ishlov berishda bir biridan farq qiladigan strukturalarning shakllanishiga olib keladi.
Neft va gaz konlari uchun mashina va jihozlarni ishlab chiqish hamda ulardan foydalanishda yuzaga keladigan nosozliklarni bartaraf etishda, neft va gaz texnologiyalarini takomillashtirish va yangi texnologiyalarni qo‘llashda, yuzaga kelgan texnologik muammolarning yechimlarini topish kabilarda ilmiy asoslangan yondoshuvlar, eng zamonaviy texnologik jarayonlarni va jihozlarni sohada qo‘llashda erishilgan yutuqlar asoslarida amalga oshirilishini taqazo qiladi.