Turli neftkimyoviy jarayonlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan kimyoviy reaktorlar bir-biridan konstruktiv tuzilishi, o‘lchamlari, tashqi ko‘rinishlari jihatidan farq qiladi. Biroq ular o‘rtasidagi mavjud bo‘lgan farqlarni hisobga olmagan holda, reaktorlarni umumiy sinflash uchun kerak bo‘lgan belgilarni ajratish mumkin. Bunday holat reaktorlar haqidagi ma’lumotlarni tartibga solish, ularning ish rejimlarini matematik yo‘l bilan ifoda etish va hisoblash uslubini tanlashni osonlashtiradi.
Kimyoviy reaktorlarni sinflash va ularning ish rejimlarini aniqlash uchun quyidagi prinsiplar eng ko‘p ishlatiladi: 1) reaksion muhitning harakat rejimi (reaktordagi gidrodinamik sharoit); 2) reaktordagi issiqlik almashinish shart-sharoitlari; 3) reaksion aralashmaning fazaviy tarkibi; 4) jarayonni tashkil etish usuli; 5) jarayon ko‘rsatgichlarining vaqt davomidagi o‘zgarish xususiyati; 6) konstruktiv alomatlar.