Psixrofitlar va kriofitlar. A. P. Shennikov psixrofitlarga shimoliy kenglik va baland tog‘li zonalarning sernam va soviq iqlim sharoitiga moslashgan turlarni, kriofitlarga esa baland tog‘larning quruq va sovuq, iqlim sharoitiga moslashgan turlarni kiritadi. Lekin bu guruhlar orasida keskin chegara yo‘q. Bu guruhga mansub turlarning kseromorf strukturasi ko‘pincha sovuq tuproqlarning «fiziologik quruqligi» bilan izohlanadi. Lekin bu xilda izohlash faktlar bilan tasdiqlanmagan. Ammo sovuq joylarda (sernam sharoitdagi tundra va baland tog‘li quruq iqlimda) o‘sadigan turlarda haqiqatdan ham kseromorf struktura aniq namoyon bo‘ladi.
Baland tog‘li sharoitda psixrofitlar ancha nam, lekin sovuq (masalan, Kavkaz) mintaqalari bilan, kriofitlar esa baland tog‘larning juda quruq va ancha sovuq (masalan, Pomir, Tyanshan va O‘rta Osiyodagi boshqa tog‘lar) mintaqalari bilan bog‘liqdir. Shunday qilib, psixrofitlar va kriofitlar guruhlari juda geterogen va bir-biriga zid bo‘lgan guruhlar bo‘lib, ularning bo‘linishini ko‘pchilik ekologlar ma’qullamaydilar.
Mezofitlar. Modomiki, mezofitlar suv rejimi bo‘yicha kserofitlar bilan gigrofitlar o‘rtasida oraliq o‘rinda turar ekan, ular barglarining tuzilishida gigromorf va kseromorf tuzilish xususiyatlari mujassamlashgan bo‘ladi. Bu guruhga birinchi navbatda bizda o‘sadigan bargli daraxtlar turlarini, ko‘p o‘tloq va o‘rmon o‘tlarini, begona o‘tlarni, madaniy o‘simliklarning ko‘pchiligini kiritish mumkin.
Mezofitlar juda xilma-xil ekologik guruhdan iborat bo‘lganligi uchun A. P. Shennikov ularni quyidagi variantlarga bo‘ladi: tipik mezofitlar, kseromezofitlar (kserofitlarga yaqin turadi), gigromezofitlar (gigromorf tuzilish xususiyatlari bo‘lgan), psixromezofitlar va hokazo. Bu variantlar yashash joyining namligi harakteri bo‘yicha ham farq qiladi. Yaylovga ekiladigan o‘tlardan ajriqbosh, qizil sebarga, oqsuxta, o‘tloq betatasi va boshqalarni tipik mezofitlarga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Birmuncha quruq yerlarda kseromezofitlar, masalan, qo‘ng‘irbosh, o‘roqsimon beda va boshqalar o‘sadi. Nihoyat, o‘tloq gigromezofitlariga o‘tloq tulkiquyrug‘ini misol qilib keltirish mumkin. Mezofitlarda osmotik bosim gigrofitlarnikiga qaraganda yuqori, kserofitlarnikiga qaraganda past bo‘ladi.
Mezofitlar har xil iqlim zonalarida keng tarqalganini hisobga olib, A. P. Shennikov ularni 5 ta guruhchaga ajratadi (1950):
nam tropik o‘rmonlarning doim yashil mezofitlari asosan daraxt va butalardan iborat, tropik o‘rmonlarning epifitlari kseromezofitlar yoki giromezofitlar guruhchasiga kiradi, chunki ular daraxtlarnnng shox-shabbasi holatiga bog‘liq holda juda o‘zgaruvchan sharoitda yashaydi;
qishki yashil daraxt mezofitlar ham asosan tropik va subtropik zonalarga mansub turlardir; ular yozgi quruq vaqtda barglarini to‘kib, tinim holatiga o‘tadi (savannalarda). Shimper (1898) ularni «tropofitlar», ya’ni o‘zgaruvchan namlik o‘simliklari deb atagan;
yozgi yashil daraxt mezofitlar mo‘’tadil zonaning daraxt va butalari bo‘lib, ular yilning sovuq davrida barglarini to‘kib, tinim holatiga o‘tadi. Albatta, ular orasida o‘xshashlik yo‘q, masalan, dub jukaga qaragaida ko‘prok kseromezofit bo‘ladi. Shuni qayd qilish kerakki, barg to‘kishni qishda suv bug‘latishdan to‘liq himoyalanish u suli deb bo‘lmaydi, chunki daraxtlar qishda ham suv bug‘latadi. Janubiy yozgi yashil o‘simlik turlaridan normushk, grab va boshqalar qishki suv bug‘latishdan yanada kamroq himoyalangan bo‘ladi; mana shu xususiyatlari ularni shimol tomonga tarqalishini cheklab tursa kerak;
yozgi yashil ko‘p yillik o‘t mezofitlar o‘rmonlarimiz, yaylov va shimoliy dashtlarimizning o‘t o‘simliklari hisoblanadi, ularning himoyalangan kurtaklaridan tashqari, barcha yer ustki qismi nobud bo‘ladi (xamefitlar, gemikriptofitlar);
efemerlar va efemeroidlar arid sharoitda qisqa muddat davom etadigan namgarchilik davridan foydalanadi va ko‘pchilik xollarda o‘zining vegetatsiya davrini yozgi issiq mavsumda tugallaydi. Dashtlarimiz efemerlar va efemeroidlarga nihoyatda boy bo‘ladi. Kseromorfoz belgilari bo‘lmasligi bu xildagi o‘simliklar uchun tipik hol bo‘ladi, lekin ularning urug‘i kuchli darajadagi qurg‘oqchilik va yuqori temperaturaga bemalol chidaydi. Ularning barglari uncha qalin emas, fotosintez intensivligi yuqori bo‘ladi va shuning uchun ham qisqa muddat davom etadigan namgarchilik sharoitida bunday o‘simliklar assimilyantlarni tez to‘plash xususiyatiga ega.
Efemerlar va efemeroidlar kuzda yoki qishda 10° temperaturada va yog‘ingarchilik vaqtida unib chiqadi. Xatto O‘zbekistonning shimoliy qismida va Toshkent atrofida oktabrning ikkinchi yarmida qalin qatlam hosil qiladi. Martning ikkinchi yarmida esa (janubiy rayonlarda martning boshlarida) bu o‘simliklar juda sekin o‘sadi. Bahorda havo iliq bo‘lib, yog‘ingarchilik boshlanishi bilan ular intensiv o‘sa boshlaydi-tez orada g‘unchalaydi va gullaydi. Mevalari iyunning birinchi yarmida yetiladi.
Odatda, efemerlar va efemeroidlar bir yilda 3-4 oy davomida tinim holatda bo‘ladi. Lekin 3. P. Bochanseva ma’lumotlariga qaraganda, efemeroidlarda bu xildagi tinim davri nisbiydir va yozda yer ostida keyingi vegetatsiya davri uchun novdalari rivojlana boshlaydi. Bizning cho‘llarimiz efemer va efemeroidlarga ayniqsa boy bo‘ladi. Lekin hamma avtorlar ham cho‘l efemerlari va efemeroidlari mezofitlar guruhiga taalluqli ekanligiga qo‘shilmaydilar va ularni kserofitlar deb hisoblaydilar. Gap shundaki, bu turlar mezomorf tuzilish belgilariga ega bo‘lishiga qaramay, transpiratsiya intensivligi yuqoriligi va ayniqsa urug‘i qurg‘oqchilikka, issiqqa chidamli bo‘lishi bilan muzofitlardan farqlanadi. Shunday qilib, efemer va efemeroidlarni alohida guruh sifatida o‘rganish ma’qul.
Gidrofitlar. Bu guruhga suvda normal o‘sadigan o‘simliklar kiradi, agar ular quruqlikda ildiz oladigan bo‘lsa, u vaqtda ularning ildizi tuproqning o‘ta nam qatlamiga taraladi. Bu esa boshqa o‘simliklar uchun noqulay hisoblanadi. Kislorodning suvda eruvchanligining pastligi va suvda yoki suvga o‘ta to‘yingan tuproqda diffuziya tezligi uncha yuqori bo‘lmasligi shunday sharoit yaratadiki, unda faqat moslashgan o‘simliklar turi o‘sishi mumkin bo‘ladi.
Yashash sharoitining o‘ziga xosligiga bog‘liq holda tuqimalarining «g‘ovakligi», hujayralar oralig‘ida yirik bo‘shliqlar, havo bilan to‘la bushliqlar mavjudligi, ya’ni aerenxima ustunligi gidrofitlarning asosiy struktura xususiyatidir. Umuman, hujayralar oralig‘idagi havo to‘la bo‘shliqlar sistemasi mezofitlarda ham uchraydi, lekin u gidrofitlarda ayniqsa rivojlangan bo‘lib, ular tuzilishining o‘ziga xos belgisi hisoblanadi. O‘simliklarning suvga botib turgan qismlaridagi bushliqlar suvga botmagan barglar og‘izchalari (ustitsalar) orqali o‘zaro bog‘lanadi, bu esa gazlar almashinuvi protsessiga va ham kislorodli muhitda joylashgan organlarga kislorod kirishiga imkon beradi. Ba’zi gidrofitlarning mezalarida hali havo bo‘shliqlari bo‘ladi, bu esa ular urug‘ining tarqalishiga imkon beradi. Suvga butunlay botib o‘sadigan o‘simliklarning havo bo‘shliqlarida kun buyi kislorod to‘planishi mumkin, bu kislorod kechasi S02 to‘planishi vaqtida nafas olishga sarflanadi.
Suv osti gidrofitlari organlarining g‘ovakligidan tashqari, kuti-kula va peridermasi yo‘qligi bilan ham suv ustki gidrofitlaridan farq kiladi, shuningdek, ularda funksiyasiz og‘izchalar mavjudligi suv o‘simliklari evolyutsiya davomida yerda o‘sadigan o‘simliklardan kelib chiqqanligidan dalolat beradi. Suvga botib turadigan organlarda kutin va suberin bo‘lmasligi o‘simliklar suv va unda erigan oziq moddalarni bevosita organlari yuzasi orqali o‘zlashtirishiga imkon beradi, bu esa o‘simliklar ildizi orqali oziq moddalar o‘zlashtirishiga qo‘shimcha bo‘ladi. Naycha gidrofitlarda transpiratsiya oqimi havo oqimi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladigan organlar uchun xos bo‘lib, intensivligi bo‘yicha ahamiyatga ega emas. Shunga ko‘ra, oziq moddalarni ildizi orqali o‘zlashtirish va o‘sishni ta’minlash uchun, bizningcha, faqat ildiz bosimi yetarli darajada bo‘lishi kerak. Gidrofitlarning ildizi, odatda, kserofitlar bilan mezofitlarnikiga qaraganda kaltaroq va kam shoxlangan bo‘lib, uchida tuklar bo‘lmaydi. Nihoyat, gidrofitlarda saqlab turuvchi, mexanik va suv o‘tkazuvchi to‘qimalarning atrofiyaga uchraganligi ular uchun xosdir; mexanik to‘qimalarning kamligi o‘rnini alohida organlarning suzish xususiyati to‘ldiradi. Gidrofitlar guruhini, o‘z navbatida, quyidagi guruhchalarga bo‘lish mumkin:
Dostları ilə paylaş: |