suv yuzasida suzib yuruvchilar, ya’ni ikki muhit-suv va havo bilan bog‘liq, lekin tuproqda aloqasi bo‘lmagan o‘simliklar (Lemna minor, Splrodela, Salvinia va boshqalar);
suvga botib, lekin muallaq holda yashaydigan o‘simliklar (Lemna trisulca, Sorgassum), ya’ni faqat suv muhiti bilan bog‘liq bo‘lgan o‘simliklar, ular suvning yoritilgan va aeratsiya protsessi yaxshi boradigan qatlamida yashaydi. Bunga ularning oqim bo‘ylab tez tarqalishi imkon beradi.
suvga botgan holda, ildiz chiqaradigan, ya’ni ikki muhit suv va tuproq bilan bog‘liq bo‘lgan o‘simliklar. Bunga Elodea, Vallisner’ia, Zostera, ba’zi bir Potamogetonlar kiradi.
suv yuzasida suzib yuradigan, ildiz chqaradigan (3 ta muhit bilan bog‘liq bo‘lgan) o‘simliklar. Bu guruhchaga Nymphaea, Nyphar, Potamogeton, Sparganiumning ba’zi turlari va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Ular barglarining ho‘l bo‘lmasligi o‘ziga xos xususiyatidir. Masalan, Nymphaea barglari mum gubor bilan qoplanganligi uchun yuzasida suv tomchilari to‘kilib qolmay, tushib ketadi; bu esa barg og‘izchalari (ustitsalari) ning ho‘llanishdan saqlanishida muhim ahamiyatga ega;
suv yuzasiga chiqib turadigan, ildiz chiqaradiganlar («amfibiya» o‘simliklar), odatda suvning sayoz joylarida o‘sadi, ularning poyasi bilan barglari suv yuzasidan ancha ko‘tarilib turadi (Oryza sati'ya, Scirpus, Typha, Spartina, Taxodium va boshqalarda). Bu guruhning ba’zi o‘simliklari (masalan, o‘qbarglilar) uchun geterofiliya, ya’ni suvda va ochiq joylashgan barglarining shakli bir-biridan farq qilishi o‘ziga xos xususiyatdir. Ularning ko‘pchiligi gigrofitlarga yaqin turadi.
Gidrofitlarning ba’zi ekologik-fiziologik xususiyatlarini ham ko‘rib chiqamiz.
Yorug‘lik yaxshi tushadigan joyda o‘sadigan suv o‘simliklari ancha yuqori fotosintez intensivligiga ega bo‘ladi (masalan, elodeyada); bu esa ekosistema bo‘lgan suv havzasini kislorod bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Transpiratsiya protsessi faqat suv yuzasida suzib yuradigan va suvdan chiqib turadigan barglarda kuzatiladi. Bunday barglardagi transpiratsiya intensivligi gigrofitlar yoki mezofitlarda boradigan transpiratsiya intensivligiga yaqin bo‘ladi. Suvga botib o‘sadigan va suv yuzasida suzib yuradigan gidrofitlarda osmotik bosim juda past bo‘ladi; ular, odatda, namlikning pasayishiga juda sezgir bo‘ladi va tezda so‘lib qoladi. Ko‘pchilik gidrofitlar vegetativ yo‘l bilan juda tez ko‘payadi (masalan, elodeya, ryaska), bu esa ularning juda tez tarqalishiga imkon beradi. Elodeyaning juda ham tez tarqalib, o‘rnashib olishi yaxshi ma’lum. Chunonchi, u Kanadadan G‘arbiy Yevropa orqali juda qisqa muddat ichida Uralga tarqalgan.
Dostları ilə paylaş: |