7-ma’ruza Namlikka nisbatan o’simliklarning ekologik guruxlari
Reja:
Namlikka nisbatan o’simliklarning ekologik guruhlari
Kserofitlar
Psixrofitlar va kriofitlar
Mezofitlar
Gidrofitlar
O’simliklar qoplamining taqsimlanishida suvning ahamiyati
Tayanch so’z va iboralar: kserofit, sklerofit, sukkulent, psixrofit, kriofit, mezofit, gigrofit, gidrofit, o’rmon
Namlikka nisbatan o’simliklarning ekologik guruhlari. O‘tgan asrning oxirida A. Shimper va Ye. Varming suv rejimiga munosabatiga ko‘ra, o‘simliklarni 3 ta ekologik guruhga: gigrofitlar, mezofitlar va kserofitlarga bo‘lishni taklif etganlar. Biz yuqorida aytib o‘tgan quruq iqlim sharoitida o‘sadigan o‘simliklar uchun tipik bo‘lgan morfologik belgilar bu guruhlarning har aysisi uchun u yoki bu darajada xosdir. Quyida bu guruhlarga mansub o‘simliklarning gigromorf mezomorf va kseromorf tuzilishi haqida fikr yuritamiz.
A.P.Shennikov (1950) Shimper va Varmingan keyin o‘simliklarni quyidagi guruhlarga bo‘ladi: 1) gigrofitlar-soya va yorug‘da o‘sadigan; 2) kserofitlar-bular sukkulentlarga-suv zapas qiladigan to‘qimalari bo‘lgan seret, sersuv o‘simliklarga va sklerofitlarga- quruqroq, ingichka, qattiq o‘simliklarga bo‘linadi; 3) psixrofitlar-shimolda yoki baland tog‘li zonada nam va sovuq joylarda o‘sadigan o‘simliklar; 4) kriofitlar-shimolda yoki baland quruq va sovuq joylarda o‘sadigan o‘simliklar; 5) mezofitlar-namgarchilik o‘rtacha bo‘ladigan sharoitda o‘sadigan, gigrofitlar bilan kserofitlar orasidagi o‘simliklar. Ushbu klassifikatsi asoslanib, o‘simliklarning quyidagi asosiy tiplari bilan tanishamiz.
Gigrofitlar. Gigrofitlarga quruqlikda o‘sadigan o‘simlnklar kiradi, ularning ontogenezi suv bilan yaxshi ta’minlangan va havo namligi yetarli bo‘lgan sharoitda o‘tadi. Shuning uchun ular kuruqlikda yashash uchun hech qanday alohida anatomik-morfologik yoki fiziologik moslashuvga ega emas. Tropik o‘rmonlarning nam va issiq sharoitida o‘sadigan, shuningdek, bizdagi salqin o‘rmonlarda tarqalgan o‘simliklar gigrofitlarning tipik vakillari hisoblanadi. «Gigrofitlar» degan nomning o‘zi ular suv bug‘i bilan to‘yingan havo sharoitida o‘sishini ko‘rsatadi. Mo‘’tadil zonadagi gigrofitlarni 2 guruhga bo‘lish mumkin: a) soya o‘rmonlarda o‘sadigan yupqa bargli gigrofitlar (adoksa, cho‘pxina va boshqalar) havoning yerga yakqin qatlamidagi namni saqlaydi. Havo quruq bo‘lsa, ular tez so‘lib qoladi; b) ochiq joylarda o‘sadigan yorug‘sevar gigrofitlar uchun tuproq va havo doim nam bo‘lishi kerak (kalujnitsa, boltiriq va boshqalar). Ular suv rejimining o‘zgarib turishiga kam moslashgan bo‘lib, tez so‘lib qoladi va suv bilan yaxshi ta’minlanmagan sharoitda ularning hayot faoliyati keskin pasayib ketadi. Bu o‘simliklarning kam shoxlanadigan ildizi va barglari aerenxima bilan ta’minlangan bo‘ladi. Barglaridagi ustunsimon parenxima va sklerenxima kuchsiz rivojlangan, kutikulasi esa bilinmaydi. Og‘izchalari ko‘pincha barglarining ikkala tomonida joylashadi, lekin ular orqali transpiratsiyaning tartibga solinishi kuchsiz ifodalangan. Bularning hammasi barglarning va butun o‘simlikning gigromorf tuzilish belgilaridir.
Kserofitlar. Bu ekologik guruhning xossalari gigrofitlarnikiga qarma-qarshi bo‘ladi. Kserofitlar havo va tuproqning uzoq davom etadigan va anchagina kuchli quruqligiga aktiv holatda chidaydi. Ular quruq issiq iqlim zonalari (adirlar, cho‘llar, O‘rta dengiz oblastlari boshqalar) uchun tipik hisoblanadi. Issiqsevar kserofitlar (termokserofitlar) nam iqlim zonalarida ham, lekin, odatda kuchli isiydigan janubiy yonbag‘irlarda, ya’ni mezofitlar va gigrofitlar uchun noqulay bo‘lgan joylarda uchraydi. Kserofitlarning noqulay namlik sharoitiga chidamliligi ularning ayrim anatomik-morfologik belgilariga bog‘liq. Ana shu belgilariga ko‘ra, kserofitlar 2 guruhga: sukkulentlar va sklerofitlarga bo‘linadi.
Dostları ilə paylaş: |