Ma’ruza materiallari 1-mavzu: investitsiyalarning iqtisodiy mazmuni va mohiyati reja


-mavzu. Iqtisodiyot va uning real sektorini rivojlantirishda xususiy investitsiyalarning o’rni va ahamiyati



Yüklə 0,71 Mb.
səhifə42/125
tarix14.12.2023
ölçüsü0,71 Mb.
#178725
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   125
Инвестиция ва инновациялар Маърузалар

7-mavzu. Iqtisodiyot va uning real sektorini rivojlantirishda xususiy investitsiyalarning o’rni va ahamiyati
Reja:

7.1. Iqtisodiyotning real sektori tushunchasi mazmuni va uning milliy iqtisodiyot rivojidagi ahamiyati. Iqtisodiyotning real sektori tarkibiy tuzilishi va shakllanishi.


7.2. Tuzilmaviy islohotlarning iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o’zgarishlarga ta’siri va ahamiyati. Iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirish omillari va unda investitsiyalarning tutgan o’rni.
7.3. Xususiy investitsiyalarning mazmuni va mulkiy asoslari. Xususiy mulkning iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirishdagi ahamiyati.
7.4. Iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirishda davlat va xususiy sektorning ishtiroki. Xususiy investitsiyalar yordamida iqtisodiyot va uning real sektorini rivojlantirishning xorij tajribalari.
7.5. O’zbekistonda iqtisodiyot va uning real sektorini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari va samaralari. O’zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlardan ko’zlangan maqsad va uning amalga oshirilishi natijalari.
7.6. O’zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyot va uning real sektorini hamda mamlakat investitsiya faoliyatini rivojlantirishdagi o’rni va ahamiyati. Iqtisodiy inqiroz va iqtisodiyotni diversifikatsiyalash sharoitida xususiy investitsiyalardan samarali foydalanishning ustuvor yo’nalishlari.


Tayanch iboralar: xususiy investitsiyalar, iqtisodiyotning real sektori, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, iqtisodiyotni diversifikatsiyalash.


7.1. Iqtisodiyotning real sektori tushunchasi mazmuni va uning milliy iqtisodiyot rivojidagi ahamiyati. Iqtisodiyotning real sektori tarkibiy tuzilishi va shakllanishi

Mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiyotning real sektori jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda.


Mamlakatni jahon hamjamiyatidagi o’rnini real sektorning rivojlanish darajasi va raqobatdoshligi belgilaydi. Iqtisodiy adabiyotlarda real sektorga turlicha ta’rif beriladi:
1. Iqtisodiyotning real sektori – bu iqtisodiyotning yirik tarkibiy qismi bo’lib, u turli ishlab chiqarish sohalarini o’xshash tavsiflar, iqtisodiy maqsadlar, funktsiyalari orqali birlashtiradi va nazariy hamda amaliy jihatdan iqtisodiyotni boshqa qismlaridan farq qiladi53.
2. Iqtisodiyotning real sektori – bu iqtisodiyotning material-buyum mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi, nomaterial boylikni yaratuvchi va xizmat ko’rsatish sohalarini o’z ichiga oladigan soha. Real sektorga moliya-kredit, birja faoliyati kirmaydi54.
3. Iqtisodiyotning real sektori kapitalni spekulyativ harakatini istisno qilgan holda iqtisodiyotni tuzilmaviy qayta qurish va iqtisodiy o’sish jarayonlarini birlashtiradigan soha55.
4. Iqtisodiyotning real sektori – kommertsiyaga asoslangan seriyali va yirik miqdorda mahsulot va tovarlar ishlab chiqaruvchi, jumladan, bino va inshootlarni qurish, aloqa, telekommunikatsiya, transport xizmatini amalga oshiruvchi kichik, o’rta va yirik korxonalar yig’indisidir56.
Real sektor iqtisodiyoti tarkibi bu – milliy iqtisodiyotdagi tovar va xizmatlar ko’rsatuvchi turli tarmoq va sohalar yig’indisidan iborat bo’lib, ular o’zaro aloqada va bog’liqlikda iqtisodiy faoliyatda bo’ladilar. Real sektor iqtisodiyoti ichki va tashqi bozorga ne’matlar ishlab chiqaruvchi, zamon va bozor talabidagi o’zgarishlarga nisbatan moslanuvchan iqtisodiy subektlar faoliyati yig’indisidan iboratdir. Iqtisodiyotda real sektorning samarali faoliyat yuritishida moliyaviy sektor muhim o’rin egallaydi. Moliyaviy sektor bu – qarz olish va uni qaytarish bilan bog’liq bo’lgan amaliyotni ijro qiladigan vositalar va institutlar to’plamidir. Moliyaviy tizim mulk egaligini kapitaldan ajratish imkoniyatini beradi. Moliyaviy sektorga banklar, sug’urta kompaniyalari, fond birjalari, moliyaviy investitsiya kompaniyalari, lombardlar va boshqa moliyaviy institutlar kiritiladi.
Real sektorda YaIMning asosiy qismi yaratiladi va uning moddiy ishlab chiqaruvchi eng muhim tarkibiy qismi sanoat va qishloq xo’jaligi hisoblanadi. Moddiy ishlab chiqarish sohasida iqtisodiy resurslar qayta ishlanib, moddiy ne’matlar va iste’mol tovarlari yaratiladi. Ularning rivojlanishi aholi daromadlarini oshishi, turmush farovonligini o’sishi uchun imkoniyat yaratib, ta’lim, tibbiyot, madaniyat sohalari rivoji uchun moddiy va moliyaviy asos yaratadi. Iqtisodiy rivojlangan, hozirda «informatsion, postindustrial» deb nomlanuvchi davlatlarda xizmat ko’rsatish sektorida ish o’rinlari soni keskin ko’payib, moddiy ishlab chiqarish sohasiga nisbatan deyarli 2 marta ko’pdir. Shu bilan birga, qishloq xo’jaligi, qazib olish sohalaridagi ish o’rinlari mutlaq va nisbiy kamaydi57.
Fan va texnika sohalarining rivojlanishi, iqtisodiyotni informatsiyalashtirish, bio va nonatexnologiyalarning tezkor rirojlanishi natijasida real sektorda yangi sohalar yaratildi. Jumladan, kompyuterlar uchun dasturlar yaratish real sektorning muhim sohasiga aylanib bormoqda. Hatto, AQSh, Hindiston, Rossiyada ushbu soha korxonalarini yaratish uchun alohida shaharlar barpo etilmoqda (AQShda «Kremniy vohasi», Hindistonda – Bangalor, Rossiyada – Skolkovo)58. Ayni paytda iqtisodiyot sektorlarining investitsion jozibadorligi ko’plab omillarga bog’liq va u alohida xususiyatga ega. Iqtisodiyot sektorida yuzaga kelgan vaziyatni baholash birinchi galda hal qilinishi lozim bo’lgan muammolarni, nomutanosibliklarni aniqlaydi. Tarmoq tuzilishidagi nomutanosibliklar iqtisodiy o’sishga, aholi turmush darajasini yuksaltirishga to’sqinlik qilayotgan asosiy sabablardan biri bo’ladi. Shu sababli ham iqtisodiy islohotlarning dastlabki davridan boshlab O’zbekiston iqtisodiy mustaqilligining eng muhim sharti sifatida iqtisodiyot tarmoq tuzilishini tubdan o’zgartirish yo’li tanlab olindi. Iqtisodiyot tarkibiy tuzilishini tubdan o’zgartirish – bu milliy manfaatlarni ta’minlovchi, iqtisodiy o’sishga yo’l beruvchi va nihoyat, aholi farovonligini muttasil oshib borishini ta’minlovchi yangicha ishlab chiqarish tuzilmasini yaratishdir. Chunki tarkibiy tuzilishda chuqur o’zgarishlarni amalga oshirish makroiqtisodiy barqarorlikka erishishning, istiqbolda O’zbekistonning barqaror iqtisodiy o’sishini va aholi farovonligini ta’minlashning, jahon iqtisodiy tizimiga qo’shilishning eng asosiy shartlaridan biridir. Tarkibiy o’zgarishlar uzluksiz yuz beradi, ularni rag’batlantirish iqtisodiy siyosatning muhim yo’nalishi bo’lib qoladi. Hozirgi davr yangi texnologiya asri sifatida yangi tarkibiy o’zgartirishlarni yuzaga keltiradi. Shu bois tarkibiy o’zgarishlarni ta’minlash islohotlarni chuqurlashtirishning muhim jihati deb baholash zarur. Islohotlar barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlashi zarur. Ammo, buning uchun butun iqtisod tayanchi bo’lgan o’zak tarmoqlarni qo’llab-quvvatlab, ularning inqiroziga yo’l bermaslik o’zbek modelining muhim talabidir. Islohotlarni chuqurlashtirish o’zak tarmoqlarni barqaror o’sishini ta’minlashni anglatadi. Iqtisodiyotning real sektorini yangilash tarmoqlarning yangi pog’onaga ko’tarishga va mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishiga katta hissa qo’shadi.
Iqtisodiyotni isloh qilishning «o’zbek modeli» milliy iqtisodiyotga xos xususiyatlarni har tomonlama hisobga olishga asoslanadi. Ulardan biri - sarmoyalarni jalb etish yo’li bilan iqtisodiyotning real sektoriga madad berishdir. Iqtisodiyot tarkibini isloh etish bu – milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish uchun eng zarur bo’lgan resurslarni etkazib beruvchi tarmoqlar majmuidir. Ularga neft, neft mahsulotlari va boshqa energiya resurslari, tabiiy gaz, ko’mir ishlab chiqaruvchi sohalar, tog’-metallurgiya kompleksi, kimyo, mashinasozlik, samolyotsozlik va avtomobilsozlik sanoatlari kiradi. Iqtisodiyot tarkibini o’zgartirish butun milliy iqtisodiyotga xizmat qiladi va texnik taraqqiyotni ta’minlaydi. O’zbekistonda iqtisodiyot tarkibini o’zgartirish davlatning ko’magida rivojlandi. Chunki, bu tarmoqlarni yirik sarmoyalar hisobidangina rivojlantirish mumkin.
Mamlakatimizda barqaror va samarali iqtisodiyotni shakllantirish borasida amalga oshirib kelinayotgan islohotlar bugungi kunda o’zining ijobiy natijalarini namoyon etmoqda. Jumladan, qisqa vaqt ichida iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish, aholi daromadlari o’sishini ta’minlash, samarali tashqi savdo hamda investitsiya jarayonlarini kuchaytirish, qishloq xo’jaligini isloh qilish, qichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini barqaror rivojlantirish hamda bank-moliya faoliyatini mustahkamlashda ahamiyatli yutuqlar qo’lga kiritildi.
Olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatimizda aholi jon boshiga nisbatan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hajmi yildan yilga o’sib bormoqda. Biroq tarmoqlarni modernizatsiyalash va qayta texnologik jihozlash bo’yicha olib borilgan tadbirlarda, ularning bajarilishida va korxonalarni rivojlantirishda bir qator muammolarga ham duch kelmoqda. Jumladan:
• jahonda vujudga kelgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz va xomashyo narxining ko’tarilishi natijasida investitsiya mablag’larining belgilangan tadbirlarni qoplamasligi;
• xorijiy davlatlardan ajratiladigan kredit limitlarining chegaralanganligi, shuning uchun dasturdagi belgilangan investitsiyalarni o’zlashtirish masalalarining qayta ko’rib chiqilishi;
• pudratchilar tomonidan bajariladigan ishni juda qimmat bahoga belgilanishi, ajratiladigan mablag’lari bu ishlarni qoplamasligi sababli, ishni bajarish uchun mablag’ni o’zlashtirilmaganligi va shu kabidir.
Yuqoridagi muammolarni hal etishda milliy ishlab chiqaruvchilardan mavjud imkoniyatlarni hisobga olib, ichki va tashqi omillardan maksimal darajada foydalangan holda faoliyatni tashkil etish talab qilinadi.


7.2. Tuzilmaviy islohotlarning iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o’zgarishlarga ta’siri va ahamiyati. Iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirish omillari va unda investitsiyalarning tutgan o’rni

Milliy iqtisodiyotning real sektori sohalarining rivojlanishi ko’p jihatdan jalb etilayotgan investitsiyalarning hajmiga va bu o’z navbatida mintaqalarning investitsion jozibadorlik darajasiga bog’liq. So’nggi yillarda iqtisodiyotimiz YaIM ning o’sish darajasi o’rtacha 6,0 % ni tashkil etmoqdaki, bu barqaror o’sish aynan real sektor tarmoqlariga investitsiyalar jalb etish ko’lamining ortishi bilan amalga oshmoqda. Iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, korxonalarning investitsiya faoliyatini jadallashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish dasturlarini amalga oshirishda xorijiy investitsiyalar, avvalo, to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarning o’rni beqiyosdir. Bunda ilg’or texnologiyalarni tatbiq etish, yangi ish o’rinlari yaratish va shu asosda mamlakat iqtisodiyotining barqaror va bir maromda rivojlanishini ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko’rsatadiki, chet el investitsiyasi jalb qilinishi mazkur davlatlarning yuksak darajada taraqqiy etishida hal qiluvchi omillardan biri bo’lgan.


Tuzilmaviy islohotlar hududlar, tarmoqlar va korxonalar bo’yicha o’tkazilib, ular o’zaro bog’liqdir. Hududlar bo’yicha islohotlar aholi, hudud va investor manfaatlarini hisobga olgan holda moliyaviy resurslarni samarali ishlatishga imkon beruvchi hududda olib boriladigan chora-tadbirlar majmui. Tarmoqlar bo’yicha islohotlar esa bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishini ta’minlovchi tarmoqlar, sanoat mahsulotlarini eksport qilish, import o’rnini bosuvchi ishlab chiqarishni rivojlantirish, ilmiy-texnika taraqqiyotini investitsiya yo’li bilan qo’llab-quvvatlash hisoblanadi. Davlat tuzilmaviy investitsiya siyosatida yangi tarmoqlarni tashkil etish va rivojlantirish, aholining iste’mol tovarlari, ish joylarga bo’lgan talabini qisqa vaqt ichida yuqori darajada ta’minlashga erishish yo’lida quyidagi vazifalarga amal qilmoqda:
-eskirgan ishlab chiqarishlarni sekin-asta muomaladan chiqarib tashlash;
-mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlash;
-to’lov qobiliyatiga ega bo’lgan va talabga mos holda ishlab chiqarish tuzilmalarini yaratish;
-ishlab chiqarish resurslaridan va ilmiy-texnika salohiyatidan imkon qadar yuqori darajada foydalanishni ta’minlash;
-mamlakatning ekologik va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash va uni kuchaytirish;
-samarali, raqobatga asoslangan ishlab chiqarishlar, bozor infratuzilmasi, xizmat ko’rsatish soxasi va intellektual faoliyatlar rivojlanishini uyg’unlashtirish;
-iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish va yangi tarmoqlarni barpo etish;
-aholining ish bilan bandligini va hamda iqtisodiy faolligini oshirish;
-hududlar ijtimoiy infratuzilmasini to’liq shakllantirish.
Tuzilmaviy islohotlarni olib borishda muhim strategiyalar ishlab chiqarilgan bo’lib, ularning mohiyati kichik iqtisodiy subyektlar rivojlanishini qo’llab-quvvatlashdan iborat. Mazkur ishlarni amalga oshirishda xorijiy investitsiyalarni jalb etish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda siyosiy barqarorlik, investitsiya muhitini juda qulayligi xorijiy investorlar uzoq muddatli investitsiya loyihalarini tuzishda asos bo’lmoqda. Bundan tashqari, jalb etilgan chet el investitsiyalar va kreditlar uchun kafolatlar taqdim etish, soliq va bojxona tariflari bo’yicha imtiyozlar, zayom va foiz stavkalarini subsidiyalash kabi shart-sharoitlar yaratilmoqda, o’nlab qonuniy hujjatlar amal qilmoqda.
Hukumatimiz tomonidan qulay investitsiya siyosatini olib borish maqsadida quyidagi tamoyillarga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda: tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish; respublika iqtisodiyotiga to’g’ridan-to’g’ri kapital qo’yilmalarning keng jalb qilinishini ta’minlovchi huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sharoitlarni yanada takomillashtirish; yurtimizga jahon darajasidagi texnologiyalarni olib kiruvchi, milliy xo’jalikning zamonaviy tuzilmasini tashkil etishga ko’maklashuvchi chet el investorlariga nisbatan qulay sharoitlar yaratish siyosatini izchil olib borish; eng muhim ustuvor yo’nalishlarga mablag’larni yo’naltirish59. Bundan ko’rinadiki, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, zamon talablariga mos bo’lgan tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va ayniqsa, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining keyingi to’lqinlari zarbasiga ijtimoiy-iqtisodiy talofatlarsiz bardosh berish, ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bilan bog’liq masalalarni hal etishda kompleks yondashuvlarga urg’u berilmoqda. Birinchi prezidentimiz ta’kidlaganidek, “... jahon zaxira valyutalarining beqarorligi, moliya-bank tizimi kredit qobiliyatining keskin pasayishi va investitsiyaviy faollikning susayishi bilan bog’liq murakkab muammolar ko’plab davlatlar iqtisodiyotning tiklanish va o’sish sur’atlariga ta’sir ko’rsatmoqda”60.
Investitsiya siyosati nafaqat kapital mablag’lar miqyosini oshirishni, balki ularning takror ishlab chiqarish tarkibiy tuzilmasini takomillashtirishni, investitsiyalarni ko’proq samarali va raqobatdosh ishlab chiqarishlarga yo’naltirishni ko’zda tutadi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etishga hududiy jihatdan yondashuv Respublikaning har bir hududining rivojlanishini ta’minlashga imkon beradi. Bu borada respublika hukumati tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb etilishini rag’batlantirish maqsadida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun hudud va investitsiya hajmi nuqtai nazaridan imtiyozlar belgilangan.
Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida keskin farqlanishni oldini olish borasida ko’rilayotgan choralarga qaramasdan, hozirgi vaqtda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va faoliyat yuritishida hududiy nomutanosibliklar kuzatilmoqda. Bu esa o’z navbatida eksport-import operatsiyalari hajmlarida katta farqlanishni yuzaga keltirmoqda. Andijon, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahri eksport darajasi yuqori va barqaror bo’lgan hududlarga kiradi. Mazkur 3 ta hududda xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan yirik mashinasozlik, metallurgiya va to’qimachilik tarmoqlari korxonalari joylashganligi sababli ularda respublikaning barcha xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar eksportining 80 foizi shakllantiriladi. Ushbu korxonalar, asosan, real sektorning engil sanoat, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, poligrafiya sanoati, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlar tarkibida tashkil etildi. So’nggi yillarda xorijiy investitsiyalarning xizmat ko’rsatish sohasiga ham kirib borayotganlik holati kuzatiladi. Biroq real sektor tarmoqlariga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalarning juda oz qismi ilmtalab texnologiyalar yaratish sohasiga tegishliki, bu jalb etilayotgan investitsiyalarning jalb etilish yo’nalishlarini jiddiy qayta ko’rib chiqishni talab etadi.



Yüklə 0,71 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   125




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin