Amir Temur davrida davlat va iqtisodiyotni boshqarish.
Amir Temur (1336-1405) davlat va iqtisodiyotni boshqarishda o‘ziga xos maktab yaratgandi. Sohibqiron davlatida devoni buzurg (bosh vazir) dan tashqari har bir Viloyatda Devon deyiluvchi boshqarma bo‘lgan. U davlatning butkul ishlarini: soliq yig‘ish, tartib saqlashni, ijtimoiy binolar - bozorlar, hammomlar, yo‘llar, suv inshootlari tarmoqlarini nazorat qilardi. Xalqning xulq-atvori kuzatib turilardi. Uning xodimlari vaqti-vaqti bilan so‘roq, tekshirish, taftish va tergov ishlarini olib borishardi. Ayniqsa, toshu-tarozi to‘g‘riligi, odil baho tekshirilgan, qallob va tovlamachilar qat’iy jazolangan, eng muhimi bu ish to‘ppa-to‘g‘ri bozorda, xalq oldida amalga oshirilgan. Savdogarlarga olib kelingan mol ustiga 10 foizgacha narx quyish mumkin bo‘lgan. Temur saltanatini idora qilish uchun turli vazirlar faoliyat ko‘rsatgan. Shunday vazirlardan birinchisiga yer soliqlari, boj, o‘lpon-soliq undirish hamda mirshablik yumushlarini boshqarish yuklatilgan. Bu vazir mamlakatdagi muhim ishlarni, kundalik muammolarni hal qilgan, raiyat ahvolini kuzatgan, Viloyatlardan olingan hosil, soliq, o‘lponlarni taqsimlagan.
Ikkinchi vazir sipox vaziri hisoblanib, sipoxiylarning maoshlari va tanxo (bu yerda - toju-taxt uchun qilgan xizmatlari evaziga beriladigan in’om ma’nosida)larni boshqargan.
Uchinchi vazir esa egasiz qolgan, o‘lib ketgan va qochganlarga tegishli mollarni, kelib-ketayotganlar, savdogarlar mol-mulkidan olinadigan zakot va bojlarni, mamlakat chorvasini boshqarib, bularning barchasida to‘plangan daromadlarni omonat tarzida saqlagan. Agar g‘oyib bo‘lganlar va vafot etganlarning mol-mulki bo‘lsa, ularni o‘z merosxo‘rlariga topshirgan.
To‘rtinchi vazir saltanat ishlarini yurituvchi vazir bo‘lib, u saltanatdagi jami idoralarning kirim-chiqimlari, xazinadan sarf qilingan harajat, xatto otxona va saroydagi boshqa jonzotlarga qilingan harajatlardan ogox bo‘lib borgan. Vazirlar Devonbegiga buysungan.
A.Temurning davlat va iqtisodiyot sohasidagi asosiy fikrlari «Temur tuzuklari»da to‘la bayon etilgan. Tuzuklar Amir Temurning 1342-1405 yillar oralig‘idagi faoliyatini aks ettiradi va ikki qismdan (maqoladan) iborat. Birinchi qismda asosan yagona davlat barpo etish, uni mustahkamlash, qo‘shni (27) yurt va mamlakatlarni zabt etish masalalari yoritilgan bo‘lsa, ikkinchi qismda sohibqiron nomidan aytilgan o‘ziga xos vasiyat, pand-nasihat, turli sohalardagi, shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiyotga oid fikr-mulohazalar keltirilgan.
A.Temur mamlakatda gadoylar bo‘lmasligi kerak, degan qat’iy qoidaga amal qilgan va uning yo‘lini ham belgilab bergan. Gadoylarning barchasi to‘plangan va ularga bir yillik kerakli yemish, kiyim-kechak berilgan, ularni biror foydali ish bilan shug‘ullanishga jalb etilgan. Odatda, ko‘pchilik gadoylikni tark etib, biror faoliyat bilan kun ko‘rgan. Gadoylikni tark etmaganlar qul qilib sotilgan yoki mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
A.Temur vafotidan keyin Shoxrux va Ulugbek (1394-1449) podsholigi (1409-1449) davrida iqtisodiyot yaxshi rivojlandi. Ayniqsa qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-sotiq munosabatlari o‘sdi. Bu Movarounnahrda (arabcha «daryo ortidagi» (mamlakat) degani) 1428 yilda Ulug‘bek tomonidan o‘tkazilgan pul islohoti bilan bog‘liqdir. Jamiyatda pulning ahamiyatini yaxshi tushungan holda uning qadr-qimmatini oshirish uchun harakat qilingan. O‘sha davrda muomaladagi fulusiy chaqa pullar yengil vaznda bo‘lib, savdo rivojiga to‘siqlik qilgan. Ulug‘bek yengil vaznda zarb etilgan va muomalada yurgan barcha oltin va kumush chaqa pullarni man etdi. Eski chaqalarni yangisiga almashtirib, ichki savdoning mayda mis pullarga bo‘lgan talabini qondirish uchun u bir vaqtning o‘zida Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz, Toshkent, Shoxruxiya va Andijon shaharlarida zarbxonalar tashkil etib, bir xil vazndagi salmoqli mis fuluslarni zarb ettirib, muomalaga kiritdi. Eski chaqalar qisqa vaqt davomida yangi pullarga almashtirilib olingach, mis pullar zarbini markazlashtirish maqsadida boshqa shaharlardagi zarbxonalarga barham berildi. Faqat Buxoro zarbxonasi (poytaxt Samarqandda emas) saqlab qolindi. Xalq orasida «fulusi adliya», ya’ni adolatli chaqa nomi bilan shuhrat qozongan bu yangi mis fuluslar mamlakatning barcha shahar va qishloqlarida keng muomalaga kirib, davlatning ichki savdosini nakdina bilan to‘la ta’minlay boshladi. Ichki chakana savdo-pul munosabatlaridagi tanqislikni fulusning vazni va qiymatini oshirish bilan hal etilishi o‘rta asrlar sharoitida nodir va favqulodda voqea bo‘lsa-da, har holda Ulug‘bekning bunday islohoti mamlakatda hunarmandchilik buyumlarining ichki chakana savdosi uchun keng yo‘l ochib berdi. Ayni vaqtda tashqi savdodan keladigan daromadni oshirish maqsadida «tamg‘a» boji ham birmuncha oshirildi, ya’ni hozirgi til bilan aytilganda proteksionizm siyosatidan foydalanildi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy (1441-1501) ijodida ham iqtisodiy g‘oyalar muhim o‘rinni egallaydi. Uning asarlarida va faoliyatida ayniqsa tijorat, savdo masalalari ancha mukammal yoritilgan. A.Navoiy asarlarida savdogarlik ishi ma’qullanadi, lekin tovlamachi va chayqovchi faoliyati qattiq tanqid qilinadi. A.Navoiy davlat arbobi sifatida mamlakatni tinch saqlash, obodonlashtirish ishiga katta hissa qo‘shdi. U tirikligida mingta inshoot qurishga va’da bergan va va’dasining ustidan chiqqan, ko‘pgina madrasa, shifoxona, hammom, ko‘prik, rabot va boshqalarni o‘z hisobidan qurdirgan. Mehnatning inson va jamiyatdagi o‘rniga, do‘stlikka yuksak baho bergan.
Davlat arbobi va qomusiy olim Zaxiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) va uning avlodlari tomonidan ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarda katta ishlar amalga oshirilganligi bizga tarixiy bitiklardan ma’lum. Xususan, Boburning «Boburnoma» asarida, «Mubayyin» kabi to‘plamlarida iqtisodiyotga oid ma’lumotlarga, shu jumladan soliq siyosatiga katta o‘rin berilgan. «Zakot to‘g‘risidagi katta kitob» da esa o‘sha davrdagi soliq, uning turlari to‘g‘risida qimmatli fikrlar bildiriladi. Bu asarlarni mutaola qilar ekanmiz, ulardan mamlakatimizning bugungi hayotida ro‘y berayotgan iqtisodiy islohotlarni, o‘zgarishlarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish va amaliyotda foydalanish uchun yangi fikrlar, maslahatlar topamiz. Ayniqsa, iqtisodiyotga oid, uning umumiy asoslari bo‘lmish ishlab chiqarish, shuningdek savdo va tijoratga oid, soliq va boj to‘lovlari bilan bog‘liq bo‘lgan qarashlari bizni qiziqtiradi. E’tirof etish kerakki, garchi bizning hayotimizda Boburning davlatni boshqarish, ishlab chiqarish va savdoni tashkil etish masalalariga doir alohida asari yoki uning o‘z hukmronligi davrida yurgizgan iqtisodiy siyosatiga oid birlamchi manbalar bo‘lmasa ham, ilmiy bilish va idrok etish kuchiga suyangan holda shunday xulosaga kelamizki, u buyuk mutafakkir, qomusiy olim sifatida iqtisodiy qonunlarning mohiyatini, iqtisodiyotning jamiyat va davlat hayotidagi belgilovchi ahamiyatini chuqur tushungan. Shuning uchun ham u dolzarb va adolatli farmonlar va xukmlar chiqarib, ilmiy jihatdan asoslangan iqtisodiy siyosat yurgizgan, buning oqibati o‘laroq u hukmronlik qilgan davrda davlatda osoyishtalik, milliy totuvlik, siyosiy-ijtimoiy taraqqiyot qaror topgan. Shu bois ham Bobur asos solgan saltanat bir necha asr davomida yashadi va tarixda o‘chmas iz qoldirdi. Bobur va uning vorislari davrida soliq masalalari muhim o‘rinni egallagan .
Boburning «Mubayyin» asari to‘la ravishda qonunlar va iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan. Asarning nomi ham «qonunlar izohi» ma’nosiga ega.