Ta'rifga ko'ra, bu O'rta asrlarda Evropada keng qo'llanilgan va birinchi navbatda erga egalik qilishga asoslangan va to'lov, xizmat ko'rsatish va himoya evaziga ushbu erlardan chiqib ketadigan huquqiy, harbiy va siyosiy strategiyalarning kombinatsiyasi. Insoniyat tarixining uzoq vaqt davomida ko'plab hukumat, madaniy, ijtimoiy va siyosiy tizimlar mavjud edi. Ba'zilar ming yillar davomida, boshqalari asrlar davomida, boshqalari esa dunyoning chekka burchaklaridagi qisqa mashhurlik uchun ishladilar. Insoniyat jamiyati asosan sinov va xatolarga yo'l qo'yadigan odat bo'lib kelgan va o'tmishdagi har bir qadam bizni hozirgi holatga olib keldi.
Sharq mamlakatlarida feodal munosabatlar III-VIII asrlarda shakllana boshladi. Bu yerlarda pul, mehnat munosabatlari biroz yengillashdi. Davlat xususiy egalik va foydalanish uchun yer ajrata boshladi. Xususiy yer egaligining turli shakllari saqlangani holda davlat asosiy va unumdor yerning egasi sifatida, zarur paytda xususiy xo‘jaliklarning barcha ishlariga bemalol aralashish, yer soligini yig‘ish huquqini yo‘qotgan emas. Shu sababli Sharqda «davlat feodalizmi»ning turli shakllari saqlandi va iqtisodiy qarashlarda ham o‘z aksini topdi. Iklim va turar-joy sharoiti tufayli, bu yerlarda dehqonchilik asosan sun’iy sug‘orish asosidagina olib borilishi mumkin edi (Farbiy Yevropa bilan solishtiring). Ba’zi olimlarning fikricha, Sharqda yerga xususiy mulkchilikning yo‘qligi va buning asosiy sababi sun’iy sug‘orish ekanligini aytadi. Yer bor bo‘lgani bilan sug‘orishsiz hosil olish mumkin emas edi. Sug‘orish inshootlari qurish, ta’mirlash jamoa Ixtiyorida bo‘lgan, qishloq jamoasi saqlangan. Sharqda yerga xususiy mulkchilik bo‘lganmi, degan muammo xanuzgacha hal etilmagan. Bizningcha, ko‘proq yerdan foydalanish huquqi bo‘lgan. Bu mintaqada yerni suvdan ajratib bo‘lmaydi.
Ilk feodal munosabatlar va shu davrdagi iqtisodiy g‘oyalarning asosi Qur’oni karimda (arabcha qiroat, ya’ni o‘qish) aks etgan (VII-VIII asrlar). VI asrning oxiri-VII asrning boshlarida Arabistonda feodal munosabatlarning shakllanishi tufayli yagona davlat barpo etishga da’vat kuchaydi. Bu harakat so‘nggi din - Islomda o‘z aksini topdi. Islom ta’limoti payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Kur’oni karimda mujassamlangan. Islomdagi yo‘l-yuriqlar hayotning barcha sohalarini qamrab olgan bo‘lib, shu jumladan iqtisodiyotga doir masalalarga ham keng o‘rin berilgan. Qur’oni karimdagi asosiy g‘oyalardan biri barcha musulmonlarning bardoshligi bo‘lib, arab qabilalari shu bayroq atrofida birlashdi. Halol mehnat, dehqon, hunarmandlar mehnati ulug‘landi, barcha boylik shu asosda paydo bo‘lishi uqtirildi. Bu muqaddas kitobda Allox taolo savdoga katta ahamiyat bergan, sudxo‘rlikni, ya’ni ribo’ (sudxo‘rlik foizi) ni harom qilgan, mulkning muqaddasligini, birovning mulkiga xiyonat va xatto xasad qilishni katta gunox degan. Islomda jamiyatning tengsizligi taqdiri azaldan deb tan olinadi, ammo halollik va to‘g‘rilikka buyuriladi va yolg‘on ishlatish, o‘g‘rilik va mehnatsiz daromad topish man qilinadi. Allox taoloning Qur’oni karimda qarz olish va berish, merosni taqsimlash (4-sura, 8-oyat), yetim-yesirlarga muruvvat, xayr-exson qilish (3-sura, 128-oyat) haqidagi oyati karimalaridan kelib chiqadigan g‘oyalar hamda soliq turlari va miqdori ham katta ahamiyat kasb etadi. Yetimlar xaqiga xiyonat qilish eng katta gunohlardan deb e’lon qilingan. Shuningdek, o‘zaro yordam ham (5-sura, 3-oyat) zarur, lekin yomon ishlarda va dushmanlikda emas deyiladi. Oyati karima va hadisi shariflarda turli kasblarni egallash, ayniqsa dehqonchilik, qo‘ychilik bilan shug‘ullanish, mehnat qilish zarurligi marhamat qilingan.
Islom aqidasida isrofgarchilikka qarshi kurash Kur’oni karimdagi «Yenglar, ichinglar, xadya qilinglar, ammo isrof qilmanglar» degan oyatlar asosida olib boriladi (bu hozirgi davrda eng aktual masalaga aylangan). «Daryo bo‘yida taxorat qilsalaringiz ham suvni isrof qilmanglar» kabi qoidalar aynan hozirgi zamon iqtisodiyoti va ekologiyasi uchun nihoyatda ahamiyatli.
Islom huquqshunosligida foydaning eng yuqori miqdori 10 foiz qilib belgilangan (buni boshqa fikrlar bilan solishtiring).
Sharq iqtisodiy tafakkurining rivojlanishida arab mutafakkiri Ibn Xaldun Abdurrahmon Abu Zayd(1332-1406)ning hissasi benihoya katta (Tunisda tug‘ilgan, Fes sultonida xattot-kotib bo‘lgan). 1382 yili Qohiraga kelib mudarrislik qilgan, keyinroq qozi bo‘lgan. Asosiy asari «Kitob-ul-ibar» («Ibratli misollar kitobi»-1370y.). U birinchilardan bo‘lib tarixiy ijtimoiy taraqqiyotning moddiy tamoyillarga asoslanishi haqida fikr yuritdi, g‘arb olimlari Makiavelli, Monteskega katta ta’sir ko‘rsatdi.
Olimning konsepsiyasi «ijtimoiy tabiat»ga yaqin, jamiyat rivoji (evolyatsiyasi) oddiylikdan sivilizatsiya saridir.
Ibn Xaldunning bu asaridan tarjima «Ijtimoiy fikr» jurnalining 1998 yil 1-sonida (158-165-betlar) keltiriladi. Asarning «Kitobi avval» qismida «inson jamoasining farqli tomonlarini: shoxlik hoqimiyati, odamlarning daromadlari»ni o‘rganish asosiy vazifa qilib qo‘yilgan. Olim: «Insonga xos bo‘lgan jihatlarga yashash uchun mablag‘, narsa topishga intilish, bu uchun mehnat qilish zaruriyati ham kiradi», deb yozadi. Davlatning yashash davr va bosqichlari keltiriladi, u beshga bo‘linadi va nihoyatda ibratlidir. Mehnat qilinmasa «bozor munosabati ham barham topadi».
«Davlatning kuchi va qudrati, aholining soni boylik va farovonlikka bog‘liqdir», deb yozadi olim (Smit goyasi). Soliqlar zarurligi uqtiriladi, soliqlar yana aholining o‘ziga qaytib keladi. «Aholining boylik manbaini bozor va savdo munosabatlari tashkil etadi», deganda olim xuddi bugungi iqtisodiy g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi. Merkantilistik g‘oya klassik maktab fikrlari bilan to‘ldiriladi. «Savdogar moliga narx qo‘yishda barcha sarf-harajatlarni hisoblab narx yozadi». Olimning bexosiyat, mevasiz daraxtlar ekishdan chetlanish xaqidagi fikri ham qimmatlidir.
Soliqlarni faqat davlat, ayrim xukmdorlar foydasiga yig‘ish jamiyat tanazzuliga olib kelishi aytiladi.
Ibn Xaldun dastlab birgalikda «ishlab chiqarish» faoliyatiga katta e’tibor berdi, jamiyat moddiy qiymatlar «ishlab chiqaruvchilar» jamoasidan iborat deydi. U «Odamning kelib chiqishida mehnatning o‘rni»ni ochib berishga harakat qilgan. Hunarmandchilik, fan va san’atning rivoji bevosita «mehnat unumdorligining o‘sishi» bilan bog‘liq deydi. «Oddiy» va «murakkab» mehnat farqlangan, mehnat bo‘lmasa, buyum ham bo‘lmas edi, degan muhim xulosa chiqariladi. Olim fikrlarida «zaruriy» va «qo‘shimcha mahsulot», «zaruriy va qo‘shimcha mehnat» tushunchalari farqlanadi. U «tovarning iste’mol qiymati» va «qiymat» tushunchalarini ta’rifladi. Zamon va makonda o‘z zamondoshlaridan ancha ilgari bu g‘oyalarni berdi.«Oldi-sotdi bitimi asosida teng ayirboshlash qoidasiga amal qilinishi kerak, bunda sarflangan mehnatning teng yarmi ayirboshlanadi», «agar bu hunarmandchilik mahsuli bo‘lsa - unga sarflangan mehnatiga teng», «daromad qiymati esa sarflangan mehnat ushbu buyumning boshqa buyumlar ichida tutgan o‘rni va uning odamlarga zarurligi bilan belgilanadi». Bunda tovarlarni tenglashtirish mehnatni tenglashtirish shaklida yuzaga chiqadi, ya’ni mehnatning roli va tovarning foydaliligi ham hisobga olinmoqda, bu juda muhim (marjinal g‘oya bor).
Qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik bilan birga savdoni hayot uchun tabiiy zarurat deb bilgan va fiziokratlardan ilgarilab ketgan.
Tovar qiymatiga xomashyo qiymati, mehnat vositalari, oraliq tovar ishlab chiqaruvchilar mehnatining qiymati kiradi. U aytadiki, ayrim hunarlar boshqa xunarlarni o‘z ichiga oladi: masalan, duradgor yog‘ochdan ishlangan buyumlarni, to‘quvchi yigirilgan ipni ishlatadi va hokazo, ya’ni ishlab chiqarishning ijtimoiyligi isbotlab beriladi. Tovar-pul munosabatlari tahlil etilgan, narxlar bozorga olib chiqilgan tovarlar massasi (talab-taklif)ga bog‘liqligi aytilgan. Nonga baholarni mo‘tadil ushlab turish, farovanlik manbai ekanligi ko‘rsatiladi. Soliq tizimini tartibga solish kerakligi qayd etiladi; uningcha soliq pasayishi ijtimoiy hayotni yuksaltiradi.
Bundan deyarli 600 yil avval bozor tushunchasiga izox beriladi. Ibn Xaldun fikricha: «Bozor - bu hunarmandchilikni mukammallashtirish va mehnat unumdorligini oshirishning garovidir».
Klassik o‘rta asr davridagi iqtisodiy g‘oyalar kanonik, ya’ni qonuniy doktrinalar asosida rivoj topdi. Bu sohada cherkov, ruhoniylar katta faoliyat ko‘rsatdilar. XII asrning o‘rtalarida boloniyalik monax-roxib Grotsian «Kanonik huquqlar to‘plami»ni tuzdi, unda bir qancha iqtisodiy g‘oyalar ham berilgan. Ular umumiy mulkchilikni ideal deb baholab (e’tibor bering, xususiy mulk emas), xususiy mulkchilik xudo tomonidan odamlarning gunolari uchun vujudga keltirilgan, degan g‘oyani ilgari surdilar. Boylar xayr-sadaqa berishga chaqiriladi. Xudoga ma’qul bo‘lgan faoliyatlarga faqat dehqonchilik va hunarmandchilik kiritilib, sudxo‘rlik, ayniqsa, foyda olish uchun savdo qoralanadi (Islom dinidagi g‘oya bilan solishtiring).
Kanonistlarning bosh iqtisodiy g‘oyasi asosida xudo tomonidan belgilangan «adolatli baho» to‘g‘risidagi ta’limot yotadi.
Italiyalik roxib Foma Akvinskiy (1225-1274) ta’limotida iqtisodiy g‘oyalar ma’lum tartibga solingan. U o‘zining asarlarida qullik va krepostnoylikni oqlaydi, bunda u Aristotel va muqaddas kitoblarga asoslanadi. U xudoni barcha boyliklar egasi deb e’lon qiladi, lekin xususiy mulkchilik ham himoya qilinadi, chunki bunda insonning o‘z toifasi, tabaqasiga mos ravishda yashashiga imkoniyat yaratiladi. Davr taqozosiga mos (natural xo‘jalik hukmron) ravishda davlat o‘z-o‘zini ta’minlash g‘oyasini qo‘llaydi, natura shaklidagi boylikka asosiy e’tiborni qaratadi, oltin va kumushlarni sun’iy boylik deb biladi. Mehnatsiz yaratilgan boylik (savdo, sudxo‘rlik) harom deb hisoblangan.
Asosiy va xudo tomonidan belgilangan bu narsa «adolatli baho» masalasi edi. Kanonistlar amalda bahoni mehnat sarflarining yig‘indisidan iborat deb tan olganlar. Agar proporsional tenglik saqlanmasa jamiyat yemirilishi mumkin, degan to‘g‘ri xulosa chiqariladi. Savdo foydasi va foiz olish «adolatli baho» bo‘yicha almashuvni buzadi, shu sababdan yirik savdo va sudxo‘rlikni taqiqlash talab etiladi. Foma Akvinskiy «adolatli baho» masalasini foydalar, to‘g‘rirog‘i naf, manfaatlar tengligi asosida hal etdi va uni sub’ektiv vaqt deb baholadi. U aytadiki, agar narsa biror odam foydasiga, lekin boshqa odam ziyoni hisobiga o‘tsa, bu holda buyumni o‘zining haqiqiy bahosidan yuqoriroq sotish huquqi paydo bo‘ladi. Shu bilan birga bu buyum baribir haqiqiy egasidaligidan qimmatroq sotilmaydi, chunki qo‘shimcha baho, shu buyumdan xoli bo‘lgan ziyonni qoplaydi. F.Akvinskiy yuqori tabaqa aholisini mehnatkashlar manfaatini himoya qiluvchilar qilib ko‘rsatadi. Shu sababli bu tabaqaga buyumlarni o‘z haqiqiy bahosidan qimmatroq sotishga ruxsat beradi. Protsent (foiz)ni tavakkalchilik to‘loVI yoki qarz oluvchiga beriladigan «beg‘araz sovg‘a» deb tushuntiradi. U rentaning ekspluatatorlik mohiyatini bo‘yab ko‘rsatadi va renta yer egasiga o‘z qo‘l ostidagilarni boshqarishdagi mehnati uchun to‘lanadigan xaq deb baholaydi. Bu bilan cherkov (yeri bor) va feodallarning manfaatlarini himoya qiladi.
Bunday iqtisodiy g‘oyalar Fransiyada (Nikola Orem), Angliyada (Djon Boll) ham vujudga keldi. Shuni alohida qayd etish zarurki, bu iqtisodiy qarashlar sinfiy harakterga ega bo‘lgan, yuqori tabaqalarning faoliyatini ma’qullagan. Ikkinchi tomondan norozi dehqonlar harakati ham kuchaygan. Angliyada Uat Tayler (1381), Germaniyada Tomas Myunser (1524-1525) rahbarligida dehqonlar qo‘zg‘oloni bo‘lgan, ular krepostnoylikni, boshqa majburiyatlarni bekor qilishni talab etganlar. Shu davrda cherkov boyligi ham keskin oshgan. Tenglik to‘g‘risidagi g‘oya buzilganligini ko‘rgan xalqning bir qismi ruhoniylarning shoxona hayot kechirayotganiga qarshi chiqdi.
Shu davrda feodalizm yo‘lidan borayotgan Rossiyada ham iqtisodiy g‘oyalar vujudga keldi. IX asrda tashkil topgan Qadimgi Rus davlati - Kiev Rusida chop etilgan «Russkaya pravda» qonunlar to‘plamida dastlabki yozma fikrlar berilgan. Unda jamiyatning sinfiy differensiatsiyasi, yer egalari, savdogarlar manfaati himoya qilinadi, knyazlik manfaati uchun savdogarlar, sudxo‘rlar, qarzdorlarni noo‘rin sarf-harajatlardan tiyish zarurligi haqida gapiriladi.
Ma’lumki, XII-XIV asrlarda Rossiyada feodal tarqoqlik ro‘y berdi (13 ga yaqin alohida knyazlik). Bu davrda cherkov yer egaligi atrofida diniy shaklda kurash bordi. XVI asrdan boshlab ijtimoiy-siyosiy kurash publitsistik tus oldi. Shunday publitsistlardan biri Yermolay edi, monax - roxibligida Yerazm nomini olgan. Yermolay Yerazm o‘z asarlarida dvoryanlikni himoya qildi va yirik savdo hamda sudxo‘rlikka qarshi chiqdi. U boyarlarni boshqalar hisobiga doim bayramdagidek hayotini tanqid qildi, yerni esa faqat davlatga hizmat qilayotgan (ya’ni dvoryan) odamlarga berish kerak, degan to‘g‘ri g‘oyani ilgari surdi (boyarlar markazlashgan davlatga bo‘ysunishni istamagan va votchina egasi, tarqoqlikning asosiy sababchisi edilar). Haqiqatda ham Ivan Groznыy, hatto Petr I davrida ham votchinani (ya’ni boyarlarni) yo‘q qilish uchun kurash bordi, oxir-oqibatda dvoryanlik va pomeshchiklik yutib chiqdi va Rossiya yagona davlatga aylandi.
Yermolay Yerazmning iqtisodiy qarashlarida dehqon mehnati boylik manbai degan qoida yotadi. Shu sababli u davlatda dehqonlar toifasini birinchi o‘ringa qo‘yadi va ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash zarur deb hisoblaydi. Ammo u dehqonlar ekspluatatsiyasining asosi pul majburiyatlarida deb bilgan, shu sababli bu majburiyatlar natural renta holida bo‘lishi va hosilning beshdan bir qismi (20 foizi) bilan cheklash, yom (pochta) majburiyatlarini esa savdogarlar zimmasiga yuklashni taklif etdi. U mehnat unumdorligini oshirish to‘g‘risida qayg‘ursa-da, tovar munosabatlari rivojiga qarshi bo‘lgan, ya’ni o‘zi o‘ziga qarshi edi, chunki u erkin boy savdogarlar savdosi tarafdori edi. Ye. Yerazm natural majburiyatlarni cheklash sinfiy kurashga chek qo‘yadi, degan noto‘g‘ri fikrda bo‘lgan.
XVI asrning o‘rtalarida yaratilgan «Domostroy» asarida shaharliklarning faoliyatiga oid qonun-qoidalar majmuasi berilgan. Unda hoqimiyat va cherkov, oila, xizmatkorlarga munosabat qoidalari keltiriladi. Ko‘pgina maslahatlar ichida xo‘jalik yuritish, savdo, soliq to‘lash qoidalari bor. Asarda ro‘y bergan sotsial-iqtisodiy o‘zgarishlar, boy shaharlik psixologiyasi o‘z aksini topgan.
Bozor bilan yaqin munosabat (savdo-soliq)lar qatori, mahsulotlarni ko‘plab zaxira qilish (zapas) kerakligi (natural xo‘jalik belgisi) uqtiriladi. Hunar va savdoni o‘rganish, xo‘jalikni boshqarish, mehnat va shaxsiy tashabbus rag‘batlantiriladi.
Rossiyada XVII-XVIII asrning boshlarida yirik o‘zgarishlar ro‘y berdi, kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari paydo bo‘la boshladi. Farbiy Yevropadagi merkantilistlardan (quyida ko‘riladi) farqli ravishda rus iqtisodchilari muomala sohasiga kam e’tibor qiladilar, pul - boylik degan fikrga qo‘shilmadilar. Ular mamlakat ichida tovar almashuvini kuchaytirish tarafdori edilar, tashqi savdoni esa asosan sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish quroli deb qaraganlar. Bu g‘oyalar A.A.Ordin-Nashchokin (taxm. 1605-1680), Yu.Krijanich (1617-1683), I.T.Pososhkov (1652-1726) asarlarida bayon etilgan.