Ma’ruzalar matni 1-Mavzu. «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» fanining predmeti va o‘rganish usuli reja



Yüklə 1,27 Mb.
səhifə9/77
tarix07.01.2024
ölçüsü1,27 Mb.
#204938
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   77
ИТТдан маърузалар лотин

Platon (Aflotun) «Davlat» va «Konunlar» asarlarida ideal davlat qanday bo‘lishi kerakligini ochib bermoqchi bo‘ldi. Uningcha bu davrda xususiy mulk va erkin xo‘jalik tashabbusiga o‘rin yo‘q. U aholini uch toifaga ajratgan:
1. Faylasuflar - davlatni boshqaruvchilar;
2. Harbiylar - davlatni boshqarish apparatining bir qismi bo‘lib, ular biror mulk egasi bo‘lish huquqiga ega emas, iste’mol qilish esa ijtimoiy harakterga ega bo‘lishi kerak.
3. «Qora» toifa - dehqon, hunarmand va savdogarlardan bo‘lib, ular mulk egasi bo‘lishi kerak.
Bu olimning mehnat taqsimoti, tovar, pul va savdogarlarning ajralib chiqishi o‘rtasidagi aloqadorlik to‘g‘risidagi fikrini o‘sha davr uchun buyuk kashfiyot deb baholash mumkin. Ammo Aflotun qulchilikka asoslangan natural xo‘jalikni himoya qildi, pul funksiyasini muomala doirasidagina deb bilishga harakat qildi, pulni jamiyatdagi dushmanlikning bosh sababchisi deb bildi; u sudxo‘rlik operatsiyalarini inkor etdi va baholarni me’yorda saqlash yo‘li bilan savdogarlarning foydasini chegaralashni talab qildi. Aflotun qullarni fuqarolar deb tan olmadi va ularni biror toifaga kiritmadi (demak, ular mulk egasi ham bo‘lishi mumkin emas). Qullar mayda ishlab chiqaruvchilar va savdogarlar bilan birga 2-toifa ahlining cheklanmagan talab-extiyojlarini to‘la-to‘kis qondirishlari kerak edi. Shunday qilib, Aflotun o‘zining ideal, ya’ni bekamu-ko‘st davlatini barpo etar ekan, qulchilikni abadiy saqlash tarafdori edi.
Aristotel qadimgi Gresiyadagi q-uldorlarning eng yirik mafkurachisi edi. Uni jahongir Iskandar Zulqarnaynning tarbiyachisi va o‘qituvchisi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Avval Makedoniyada yashagan olim, keyin Afinaga ko‘chib o‘tgan. Olimning iqtisodiy g‘oyalari «Nikomaxov ahloqi» va «Siyosat» kitoblarida mavjud. U «Qul - tirik qurol, qandaydir tirik mulk» degan edi. Uning fikricha, jamiyatning quldor va qullarga bo‘linishi - bu tabiiy va qonuniy ahvol bo‘lib, odamlarning tabiatan turli-tumanligidandir. U «haqiqiy boylik» (qiymat) ni tan olgan, uni iste’mol qiymatlarining yig‘indisi deb bilgan va bu bilan bog‘liq faoliyatni iqtisodiyotga tegishli soha deb bilgan. Quldorlik xo‘jaligini mustahkamlash uchun o‘rtacha ta’minlangan quldorlar sinfini yuksaltirish kerak, buning uchun davlat tomonidan odil almashinuvni ta’minlash zarur. Olim masalani ahlokiy ravishda hal etishga urinsa-da, birinchi marta almashuv qiymatini tahlil etdi va qiymatning mehnat nazariyasi kurtaklarini yaratdi. Tovarlarning almashuv qiymati tovar bahosining yaratilish shakli ekanligini tushunib yetdi. K.Marksning formulalarini qo‘llaydigan bo‘lsak, T-T munosabati T-P-T ga aylanadi va 5 ta «loja» 1 uyga yoki ma’lum mikdordagi pulga tenglashtirilishi mumkin. Platonga nisbatan Aristotel pulning mohiyatini kengroq va chuqurroq anglab yetdi. Ammo u tovar ishlab chiqarishining rivojlanmaganligi va qiymatni to‘la tushunmaganligi tufayli tovarlar pul tufayli bir-biri bilan solishtirilishi mumkin degan xato xulosaga keldi. Natural xo‘jalik tarafdori bo‘lgan olim muomalaning T-P-T shaklinigina tan olgan (talabni qondirishga mo‘ljallangan holat), savdo va sudxo‘rlik tabiatga zid bo‘lib, bularni pul qilish san’atiga xos narsa deb bilgan va uni xrematistikaga (boylikni o‘rganish)tegishli degan.
Aristotel uchun ideal (bekamu-ko‘st) xo‘jalik - bu uncha katta bo‘lmagan dehqonchilik xo‘jaligi (unda albatta qullar ishlagan) bo‘lib, u deyarli kerakli barcha mahsulotni yaratuvchi (natural xo‘jalik) bo‘lishi shart edi. Ayrim yetishmagan narsalarni esa qo‘shnilardan «odil almashuv» asosida olish kerak.
Bu olimning xizmati shundaki, u birinchilardan iqtisodiyotning ayrim kategoriyalarini berdi va ma’lum darajada ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishni aniqladi. Aristotelning iqtisodiy tizimi bilan A.Smitning «Xalqlar boyligi» asaridagi fikrlar hamoxangligini qurish, qiymat qonunining hosil bo‘lishi mexanizmini tushunish mumkin.
Qiymat (qimmat) iqtisodiyotning asosiy kategoriyasi hisoblanadi. Tarixan uni talqin etishda ikki yo‘nalish bor. Birinchi yo‘nalishda tovar qiymati ob’ektiv bo‘lib, uning manbai shu tovarni ishlab chiqarish uchun sarflangan mehnat miqdori hisoblanadi. Ikkinchi yo‘nalishda qiymat tushunchasi sub’ektiv narsa bo‘lib, odamlar tomonidan tovarning foydaliligi boshqa biron foydalilik bilan solishtirish tufayli yuzaga keladi (marjinalizm).
Aristotelning g‘oyalarida ikkala yo‘nalish kurtaklari mavjud. U qiymat qonuni muammosini qo‘yadi, lekin unga to‘la javob topa olmaydi. U almashuvda tovar qiymatlari tenglashtirilishini ko‘radi. «Nikomaxov axloki» asarida u shunday fikr yuritadi: «Jamiyat ikki vrachdangina tashkil bo‘lmaydi, balki vrach va dehqondan, umuman bir xil va teng bo‘lmaganlardan tashkil topadi. Ana shunday odamlarni bir-biriga tenglashtirish zarur. Shuning uchun almashuvga uchraydigan barcha narsalarni tenglashtirish, solishtirish zarur. Xullas, hamma narsa biror narsa bilan ulchanishi kerak. Etikdo‘z mahsulotining dehqon mahsulotiga, dehqon mahsulotining etikdo‘z mahsulotiga bo‘lgan to‘g‘ri munosabati, to‘g‘ri tenglamasi topilishi kerak». Lekin o‘sha narsa nima ekanligi aytilmaydi. Savolga javob izlab u o‘z fikrini shunday davom ettiradi: «biz nima uchun almashamiz, chunki menga sening tovaring, senga esa mening tovarim kerak», degan oddiy xulosaga keladi. Tovarlarning tengligi pul tufayli amalga oshadi, deydi u. Hamma narsa biron narsa bilan o‘lchanishi kerak. Bu avvalo ehtiyoj, u barcha narsani bog‘lovchi asos. Ehtiyojni almashtirish uchun (odamlar kelishuVI bilan) pul - chaka paydo bo‘ldi. Aristotelning bu fikrida hozirgi zamon marjinalizm g‘oyalari yotadi, ya’ni tovarlarning foydaliligi asosiy o‘ringa chiqadi.
Bu olimning iqtisodiyot (ekonomika) ni xrematistikaga qarama-qarshi qo‘yishi harakterlidir. U o‘ylab topgan «xrematistika» matni «xrema» so‘zidan olingan bo‘lib, mulk, egalik mazmuniga ega. Aristotel iqtisodiyot (ekonomika) deganda hayot uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar (iste’mol qiymatlari) ni ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy xo‘jalik faoliyatini tushunadi (dehqonchilik, hunarmandchilik va mayda savdo). Bu almashuvni ham o‘z ichiga oladi, ammo zarur shaxsiy talab-ehtiyojlarni qondirish chegarasidan chiqmasligi kerak. Bu faoliyat chegaralari ham tabiiy soha bo‘lib, insonning ongli shaxsiy iste’moli doirasida bo‘lishi kerak.
Xrematistika esa (amaliyotda kam qo‘llaniladi) «sudxo‘rlik va jamg‘arish «san’ati»dir.
Antik davrda hali sanoat kapitali mavjud emas edi, ammo savdo va sudxo‘rlik (pul) kapitali sezilarli rolni o‘ynagan. Shularni hisobga olib, olim savdo bilan bog‘liq bo‘lgan mol-mulk orttirish san’atida maqsadga erishish borasida hech qachon chegara bo‘lmaydi, chunki cheksiz boylik va pulga egalik asosiy maqsaddir, deydi. Pul oboroti bilan shug‘ullanuvchilarning hammasi o‘z kapitalini cheksiz o‘stirishga intiladilar (notabiiy soha).
Aristotel bularni notabiiy deb hisoblagan, ammo sof «ekonomika» ham bo‘lmasligini yetarli tushungan, ming afsuslar bo‘lsinki, ekonomikadan doimo xrematistika o‘sib chiqadi va bu asta-sekin tabiiy holatga aylangan. Aristotelning bu g‘oyasi tarix sinovidan o‘tmadi. Olimlar qanchalik urinmasinlar (bu harakat o‘rta asrda ham bo‘lgan), xrematistikani qanchalik notabiiy deb hisoblamasinlar, kapitalizm munosabatlari rivoji bilan u «tabiiy huquq»ka aylana boshladi. Xatto XVII-XVIII asrlarda «iqtisodiy odam» yetishib chiqdi, uning barcha xatti-harakatlari faqat boyish bilan bog‘liq edi.
M.a. III asrda Qadimgi Rim (hozirgi Italiya) da quldorlik munosabatlari o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgan edi. Rimning boshqa yerlarni bosib olish uchun olib borgan urushlari tufayli yirik imperiya yuzaga keldi, ko‘plab qabila va xalqlar qullikka mahkum etildi. Asosan asirlardan iborat bo‘lgan qullarning ahvoli Gresiya qullarinikidan og‘irroq bo‘lgan. Yana bir o‘ziga xos hususiyat shundaki, agar Gresiyada qullar ko‘proq hunarmandchilik va savdoda ezilgan bo‘lsa, Rimda kullar asosan qishloq xo‘jaligida ekspluatatsiya qilingan. Ishlab chiqarishning quldorlik usulidagi qarama-qarshiliklar shu yerda eng keskin tus oldi va oxir-oqibatda kolonatning paydo bo‘lishiga olib keldi. Aholining kambag‘al tabaqalari asrlar davomida yerga egalik qilish uchun keskin kurash olib bordilar. Bu holat Rimdagi iqtisodiy g‘oyalarga ta’sir etmay qolmadi, qullikka asoslangan yirik latifundiyalar bilan birga quldorlik xo‘jaliklari - villalardan samarali foydalanish muammolari bosh masala edi.
Shu davrdagi olim va mutaxassislarning asarlarida bir qancha yangi iqtisodiy g‘oyalar ilgari surildi. Bu g‘oyalarning rivojiga e’tibor berilsa, quldorlik tizimining yemirilishi bilan unga bo‘lgan munosabat ham o‘zgardi. Katon Starshiy (m.a. 234-149 yy.) yirik yer egasi bo‘lgan, «Dehqonchilik» nomli asarida u qullikka asoslangan natural xo‘jalikni himoya qildi. Katon o‘z talablarini o‘zi ta’minlovchi yoki asosan iste’mol qiymati ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklarni tan olar edi (natural xo‘jalik himoya qilinadi). U faqat ortiqcha mahsulotnigina sotish kerak, xo‘jalikda ishlab chiqarish mumkin bo‘lmagan narsalarnigina sotib olish zarur, degan g‘oyani qo‘llaydi. U qul mehnati asosida xo‘jalikni yuritishning yangi uslublarini ham ishlab chiqdi. Uning fikricha, qullar yoshligidan sotib olinish kerak, shunda qullarni tarbiyalash, ishga o‘rgatish oson bo‘ladi (yoshi kattalarda bu ish qiyin kechadi), qullar orasida adovat urug‘i sepilsa, ularda egasiga nisbatan ig‘volar yo‘qoladi. Qullar qattiq intizom asosida ishlatilishi, arzimas gunoh uchun jazolanishi, ishiga qarab boqilishi va qiyintirilishi taklif etiladi.
Bu davrda natural xo‘jalik bilan birga bozor munosabatlari ham rivojlanayotgan edi. Bozorni qo‘llagan Katon shu bilan birga yollanma mehnatga dushman bo‘lgan. U qul mehnatini to‘g‘ri tashkil etishga alohida ahamiyat beradi. Bayram kunlari ish hayvonlariga dam berilgan holda, qullar ishlashga majbur etilgan. Kasallangan xo‘kiz davolangan, qulni esa «eski arava» sifatida sotib yuborish tavsiya etilgan.
Dehqonchilikda qul mehnati tobora kam samarali bo‘layotganligini ko‘rgan Katon yaylov xo‘jaligini, keyinchalik savdo va sudxo‘rlikni qo‘llab-quvvatlagan. Qiymatdan ortiq mahsulotni foyda deb bilgan va uni to‘la ravishda ishlab chiqarish harajatlariga qo‘shgan (xato fikr). «Yuqori foyda olish uchun yuqori baholar kuni kelishini bamaylIXotir kutish kerak», deydi u.
Dehqonlar qo‘lidagi yerlar tortib olinib, yirik latifundiyalar vujudga kela boshladi, erkin Rim aholisi, dehqonlar va armiya soldatlari yersizlandi. Bu holat yirik yer egalari - patritsiylar va dehqon-plebeylar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirdi, oxir-oqibatda aka-uka Grakxlarning agrar islohotiga sabab bo‘ldi. Ular yersiz yoki kam yerli dehqonlarning yirik yer egalariga qarshi kurashini himoya qildilar. Ammo bu ishni quldorlik tuzumini saqlagan holda va yirik yer egalarini cheklash yo‘li bilan hal etmoqchi bo‘ldilar. Yer egalarining qo‘lidagi yerning bir qismini kesib va davlat fondidagi yerdan foydalanib kam yerli dehqonlardan ozod dehqonlar tabaqasi barpo etish ko‘zda tutilgan, eng muhimi bu toifa quldorlarning ishonchli tayanchi bo‘lishi kerak edi.
Aka-uka Tiberiy va Gay Grakxlarning agrar islohoti bo‘yicha, davlat yeridan foydalanuvchilarning har biri 500 yuger (125 gektar), har yo‘li uchun 250 yuger, ammo bir oila uchun 1000 yugerdan ortiqcha yer olish taqiqlangan. Undan ortiq yerlar musodara qilingan va 30 yugerdan bo‘linib, kambag‘al fuqarolarga berilgan, lekin bu yerni birovga sotish man etilgan. Bu qonun qabul qilindi, ammo uni amalga oshirishga yirik yer egalari va senat qarshilik qildi. Tiberiy Grakx m.a. 132 yilda qasddan o‘ldirildi, Gay (ukasi) Grakx m.a. 123-122 yy.da bu islohotni amalga oshirish uchun ishni davom ettirdi, bir qancha demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirdi (Rimda arzon non sotish), oqibatda 80 ming fuqaro yer uchastkasi oldi. Islohot vaqtincha muvaffaqiyat keltirdi, m.a. 111 y. davlat yerlarini sotishga yo‘l berildi, yerlar xususiy mulkka aylandi (m.a. 121 y.da Gay ham jangda halok bo‘lgan).
Quldorlik tuzumi inqirozga uchragan va tushkunlikka tushgan davrda rimlik agronomlar Varron (m.a. 116-27 yy.) va Lyusiy Kolumella (I asr) lar quldorlik xo‘jaligini ratsionallashtirish muammolarini ishlab chiqdilar. Shu bilan birga olim va arxeolog bo‘lgan Varron «Qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida» degan kitobida bu sohaning ahamiyatiga katta o‘rin beradi, qishloqdan shaharga intilganlarni qoralaydi. U dehqonchilik bilan chorvachilikni birga rivojlantirishni ma’qul deb biladi. Varron ular o‘rtasidagi «buyuk ittifoq» tarafdori edi. Buning asosiy sababi shundaki, Italiyada don nisbatan arzon edi, chorvachilikning foydasi esa ancha yuqori bo‘lgan. Shu bilan birga, Varronning fikricha, har bir xo‘jalik o‘z-o‘zini ta’minlashi kerak, u bozor munosabatlariga kam e’tibor qilgan, qullar ekspluatatsiyasi tarafdori bo‘lgan va ularni «gapiruvchi qurollar» deb bilgan. U qullarning siyosiy jihatdan xavfli ekanligini tushungan va imeniyolarda bir millatga tegishli qullarni ko‘p saqlamaslik kerak deb tavsiya etgan (chunki birlashib harakat qilishlari oson).
Kolumella o‘zining qishloq xo‘jaligiga oid yirik asarida qullar mehnatining samarasi pastligini ta’kidlaydi (birovga ishlaydi-da!). Uning fikricha, qullar yerni yaxshi ishlamaydilar, yer yuqori hosil berishi uchun qayg‘urmaydilar. U erkin mayda ishlab chiqaruvchilarning mehnati qullarnikidan yuqori bo‘lishini isbotlab berdi, yirik quldorlik latifundiyalariga nisbatan mayda dehqonchilikni afzal deb hisobladi. Bu davrda yirik latifundiyalarning inqirozi aniq bo‘lib qoldi, rivojlanish faqat ekstensiv yo‘l bilan bordi, ya’ni hosil qo‘shimcha yer hisobigagina oshdi. Qullar imkoni boricha yerni ishlamaslikka intilgan. Kolumella bunday yerlarni erkin kolonlarga bo‘lib berish yaxshiroq samara beradi, degan to‘g‘ri xulosaga keldi, uningcha mayda ishlab chiqarishga o‘tish kerak edi (hozirgi davrga solishtirib ko‘ring).

Yüklə 1,27 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin