4.Fanni o‘rganish vazifasi va ahamiyati Iqtisodiy ta’limotlar tarixi fanining boshqa fanlardan farqli yana bir muhim xususiyati shuki, har bir g‘oya, ta’limot uni yaratgan bir yoki bir guruh insonlar, olimlar, davlat rahbarlarining faoliyati bilan chambarchas bog‘liq holda beriladi.
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Milton Fridmenning fikricha, fanni o‘rganishda olimlarning «avtobiografiya va biografiyalariga murojaat qilish, shu yo‘l bilan olimlarni aforizm va misollar yordamida rag‘batlantirish kerak, faqat sillogizm (deduktIV fikrlash) va teoremalar bilan cheklanmaslik zarur».
Yetakchi mamlakatlar taraqqiyotining asosiy omillaridan biri, bu davlatlar iqtisodiyotining bo‘layotgan o‘zgarishlarga tez adaptatsiyasidir, ya’ni moslashuVIdir.
AKSh davlati tarixida qisqa vaqt davomida iqtisodiy siyosat bir necha bor almashdi va iqtisodiy ravnaq saqlab qolindi. Buyuk depressiya (1929-1933 yy.)dan keyingi davrda AQSh prezidenti D.Ruzvelt «yangi yo‘l» kursi bilan J.M.Keynsning iqtisodiy g‘oyalarini amalda qo‘lladi (davlatning iqtisodiyotdagi roli keskin oshdi, vaholanki undan avvalgi yillari xususiy mulk (99 foiz) asosiy va yetakchi bo‘lgan). Keyinroq prezident R.Reygan davrida davlatning iqtisodiyotdagi roli ancha kamaytirilib, liberal (erkin) iqtisodiyotga keng yo‘l ochib berildi (reyganomika), oqibatda bu prezident davrida qo‘shimcha 14 million kishi tadbirkorligiga yo‘l ochib berildi, yangi-yangi millionerlar vujudga keldi. Xuddi shunday holat B.Klinton prezidentlik davrida ham qayd etildi.
Buyuk Britaniya iqtisodiyotida ham buni ko‘rish mumkin (tetcherizm). Iqtisodiy siyosat va iqtisodiy g‘oyalarning bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini isbotlovchi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Ayniqsa, «sotsialistik» deb atalgan rivojlanish yo‘lidan voz kechmagan Xitoy va Vetnam davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti ham diqqatga sazovordir. Bozor iqtisodiyoti unsurlarining keng rivojlanishiga imkon beruvchi iqtisodiy islohotlar tufayli katta yutuqlarga erishildi.
Ikkinchi jahon urushi tufayli ikkiga ajratilgan GFR va GDRlarning bu davlatlar qayta birlashgandan keyingi iqtisodiy rivoji ham juda ibratlidir. «Sotsialistik» lager vakillari ichida yetakchi bo‘lgan GDRning to‘la erkin bozor munosabatlariga o‘tishi uchun xiyla katta mablag‘ va vaqt talab etilishi aniq bo‘lib qoldi. Vaholanki, Rossiyaning taniqli iqtisodchi olimlari bozor iqtisodiyotiga o‘tishning «500 kunlik», xatto «100 kunlik» dasturlarini taklif etdilar (Shatalin, Yavlinskiy...). Bu yo‘l o‘zini oqlamadi.
Iqtisodiy ta’limotlar tarixiga, balki boshqa fanlarga ham xos bo‘lgan yana bir xususiyat shuki, iqtisodiy g‘oyalar doimo dialektik rivojlanishda bo‘lib, ularning tahliliga so‘nggi nuqta quyish qiyin. Bundan bir necha yuz yil avval yuzaga kelgan fikr va g‘oyalarning ma’nosi ustida tortishuv va baxslar hali ham davom etib kelmokda. Masalan, xanuzgacha K.Marksning qiymat (ruscha - «stoimost») to‘g‘risidagi fikri aslida qimmat (ruscha - «sennost») bo‘lgan, degan fikr mavjud. Marks asarlarini nemis tilidan tarjimada yo‘l qo‘yilgan xato tufayli jiddiy tushunmovchilik yuzaga kelgan, deyilgan (Blaug M. Ekonomicheskaya mыsl v retrospektIVe.M. ,1994).
Bu fan tarixi shuni aniq isbotlamoqdaki, ko‘pgina iqtisodiy g‘oyalar ob’ektiv xo‘jalik amaliyoti bilan chambarchas bog‘liq. Ko‘pgina olimlar avvallari (hozir ham uchrab turadi) o‘z qarashlarini mutloq universal bekami-ko‘st deb ko‘rsatishga uringanlar. Albatta, «abadiy» qonuniyatlar ham mavjud bo‘lib, ularni istalgan tizimda kuzatish mumkin, ammo ko‘p hollarda olimlar bugungi xaqiqatning tarixiyligini ilg‘ab olishga har doim qodir emas.
Yana bir muhim masala ustida to‘xtab o‘tish kerakki, avval yuzaga kelgan iqtisodiy g‘oyalarga shu kungi o‘lchovlar bilan baho beriladi va odatda ilgarigi g‘oyadagi «xato» va «kamchilik»lar aniqlanib, yangi g‘oyaning undan afzalligi «isbotlanadi».
Bunda dialektik mantiq bor albatta, lekin yuqorida ta’kidlanganidek, avvalgi g‘oyalar tufayli odatda yangi g‘oyalar yuzaga keladi, shuning uchun bu g‘oya «yaxshi», unisi «yomon» kabi baholash adolatdan bo‘lmaydi. A.Smitning mashhur asarida o‘zidan avvalgi davrda yuzaga kelgan antik dunyo, merkantilizm, fiziokratizm ta’limotlari tahlil etilgan, Yevropaning iqtisodiy tarixi sinchiklab o‘rganilgan va yangi goya vujudga kelgan.