3.Fanni o‘rganish manbalari «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» fanini o‘rganish manbalari turli tuman bo‘lib, qadimgi arxeologik topilmalar, moddiy ne’matlar, qoya va bino devorlaridagi rasmlar, chizmalar va xalq og‘zaki ijodi namunalari muhim ahamiyatga ega. Ammo bu fanning eng muhim manbalari bo‘lib, qo‘lyozmalar, davlat arboblari, olim, donishmand, mutafakkirlarning yozib qoldirgan kitoblari xalq qiluvchi o‘rinni egallaydi. Jahon iqtisodiy tafakkurida qadimgi qo‘lyozmalar o‘ta ahamiyatlidir. Masalan, O‘zbekiston fanlar akademiyasi sharqshunoslik institutida arab, fors, qadimgi turk tillarida yozilgan yigirma besh mingdan ortiq qo‘lyozma mavjud. Lekin bu qo‘lyozmalarni o‘rganishda ma’lum ob’ektiv va sub’ektiv kamchiliklar mavjud. Xuddi sutning qaymog‘ini olish oson bo‘lganidek, bu qo‘lyozmalardagi ensiklopedik g‘oyalardan muhimlarigina o‘rganilgan, iqtisodiyot tafakkuri bilan bog‘liq bo‘lgan materiallar hali o‘z tadqiqotchilarini kutib yotibdi. 1997 yili va 2002 yili nashr etilgan kitoblarimizda va 2004 yili chiqqan monografiyada O‘rta Osiyo mutafakkirlarining iqtisodiy g‘oyalari ma’lum darajada o‘z aksini topgan. Asosiy iqtisodiy g‘oyalar, ayniqsa hozirgi zamon iqtisodiy ta’limotlari ma’lum shaxslar tomonidan yozilgan asarlari orqali bizgacha yetib kelgan, ularni o‘rganish, taxlil qilish, xulosa chiqarish orqali iqtisodiy ta’limotlar majmuasi yuzaga kelgan.
Yetakchi g‘arb olimlari ko‘p hollarda bir nechta buyuk shaxsning g‘oyalariga alohida urg‘u berishadi: bu Adam Smit, Karl Marks, Alfred Marshall va Jon Keynsdir.
Bu olimlarning iqtisodiy g‘oyalarida mavjud ta’limotlarning ko‘pchiligi o‘z in’ikosini topgan va ular jahon iqtisodiy g‘oyalari rivojiga alohida hissa qo‘shgan shaxslardir.
Iqtisodiy ta’limotlar tarixi fani bo‘yicha yaratilgan adabiyotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu masala o‘zbek o‘quvchilari uchun eng noziq masala deyish mumkin.
1997 yili «Fan» nashriyoti tomonidan e’lon qilingan o‘quv qo‘llanmadan (2000 nusxa) so‘ng, 2001 yilda Toshkent moliya instituti tomonidan ham qo‘llanma (300 nusxa) bosilib chiqqan.
2001 y. K.Yuldoshev va K. Muftaydinovlar tomonidan «Iqtisodiy ta’limotlar tarixidan» nomli qo‘llanmada Sharq iqtisodiy g‘oyalari tahlil etiladi. Yu.B.Yusupovning rus tilida (1999) chop etilgan ma’ruzalar matni ham diqqatga sazovvordir.
2002 y. Dastlabki darslik ham yaratildi.
Ilmiy davrlash
Iqtisodiy ta’limotlar tarixini o‘rganishda ma’lum davrlash tizimidan foydalaniladi.
Taniqli iqtisodchi olim J.K.Gelbreyt: «Amalda iqtisodiy g‘oyalar o‘z davri va vujudga kelish joyining maxsuli bo‘lib, ular bilan chambarchas boglangandir; bu g‘oyalarni ular tushuntirib berayotgan dunyodan mustaqil ravishda ajratib qarash mumkin emas; bu dunyo esa doimo o‘zgarishda bo‘ladi, agar bu g‘oyalar o‘z maksadlariga to‘la javob berishni ko‘zlasalar, doimo shunga mos ravishda o‘zgarib turishlari kerak», deb yozgan edi.
Kapitalizm, bozor munosabatlari davrida xo‘jalik va ijtimoiy hayotda baynalmilallik (internatsionalizm) kuchayganligi tufayli, iqtisodiy fikrning rivojlanishi ham yagona jahon jarayoniga aylana boshladi. Okibatda, klassik iqtisodiy maktab asoschilari Uilyam Petti, A.Smit va D.Rikardoning qarashlari qisqa vaqt ichida butun jahonga ma’lum bo‘ldi, vaholanki undan avvalgi ko‘pgina nazariyalar ayrim mamlakatlarda ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmasdan «o‘lik mol» sifatida yotgan.
Qadimdan to hozirgi davrgacha minglab turli-tuman iqtisodiy g‘oya, qarash, konsepsiya, nazariya, ta’limotlar vujudga kelganligi aniq. Ularning barchasini to‘la o‘rganish alohida mavzu, maxsus muammo. Shu maqsadda yangi-yangi tadqiqotlar olib borish, tahlil etish va umumlashtirib e’lon qilish zarur, bu yakin kelajak vazifasi sifatida qabul qilinishi mumkin.
Ammo hozirgi davrgacha jamlangan barcha iqtisodiy g‘oyalarni ma’lum sistemaga solish va shu asosda o‘rganish maqbuldir. Ammo o‘tgan davr hodisalari va g‘oyalarini hozirgi zamon qarashlari «qolipi»ga zo‘rma-zo‘raki kelishtirish, moslashtirish mumkin emas. Bu tarixni vulgar zamonaviylashtirishga, o‘rganilayotgan davrning xususiyatlarini inkor etishga olib keladi.
Bu fan doim rivojlanishda bo‘lib, bir-birini to‘ldiruvchi evolyusion (mavjud g‘oyalarning yanada chuqurroq takomillashuvi) va inqilobiy (butunlay yangicha konsepsiyalar vujudga kelishi) yo‘llari mavjud. Inqilobiy o‘zgarishga misol sifatida A.Smit va uning izdoshlari g‘oyalari, marjinalistik to‘ntarish, yangi klassik yo‘nalish (A.Marshall), J.M.Keynsning iqtisodiy qarashlarini keltirish mumkin. O‘tish davri iqtisodiyoti bo‘yicha g‘oyalar hozirgi davrning muhim qarashlari majmuasiga kiradi va nihoyatda dolzarbdir, bu masala bizda O‘zbekiston misolida qarab chiqildi.
Taniqli davlat arbobi Uinston Cherchill (1874-1965) «Qaerga borishimizni bilish uchun, qaerdan kelganligimizni bilishimiz kerak», deb aytgan edi. Bu g‘oya nihoyatda ahamiyatli bo‘lib, bosib o‘tilgan yo‘lni to‘g‘ri baholash va kelajak istiqbolini ko‘zlash hakida gap boradi.
Iqtisodchilarning tadqiqotlaridagi asosiy bosh g‘oya - jamiyat, insoniyat, ayrim shaxslarning boyligi masalasidir. Maqsad bir, lekin unga eltadigan yo‘llar nihoyatda xilma-xil ekanligini ko‘ramiz. Ilk kapitalistik munosabatlar vujudga kelgan davrgacha (XV asr) bo‘lgan iqtisodiy g‘oyalardagi umumiylik shuki, barcha donishmandlar va ularning yozgan asarlarida mehnat va yer boylikning asosiy vositasi ekanligi turli yo‘llar bilan talqin etiladi, ularda ishlab chiqarish sohasi asosiy deb hisoblangan.
XV-XVII asrlarda (qisman XVIII asr boshlarida) yangi iqtisodiy ta’limot - merkantilizm vujudga keldi. Merkantilizm to‘g‘risida qisqa ma’lumot beradigan bo‘lsak, uning mohiyati iqtisodiy siyosatda mamlakatda va davlat xazinasida nodir metallarni ko‘proq to‘plash, ta’limotda esa muomala (savdo, pul oboroti) sohasidagi iqtisodiy qonuniyatlarni izlashdir, ya’ni avvalgi davrdagi g‘oyalardan keskin farq qiladi.