2. ILK MERKANTILIZM TA’LIMOTI NAMOYoNDALARI
Ilk merkantilizm davrida chaqalar ataylab ishdan chiqarilgan, chunki bu pullar bilan faqat ichki savdo oborotini olib borish mumkin (tashqi savdoda esa mumkin emas), maqsad - pulni mamlakatda saqlab qolish.
Bu siyosatning muhim namoyandalari Angliyada U.Stafford, Italiyada G.Skaruffi va boshqalardir. Masalan, florensiyalik (Italiya) bankir B.DIvanzetti (1529-1606) pul (chaqa)ni iqtisodiy organizmning qoniga o‘xshatadi, demak, agar chaqa (pul) bo‘lmasa (qon kabi), organizm o‘ladi. Kapitalizmning o‘sishi, savdoning rivoji tufayli bu siyosat o‘zini oqlamadi (XVII asrdan boshlab XVIII asrgacha), pul balansi siyosati savdo balansi siyosati bilan almashdi. Bunda davlatdan pul olib chiqishga ruxsat berildi. Albatta oltin va kumush pullarning ahamiyati yo‘qolmagan, ammo endi imkon boricha chetga ko‘proq mahsulot sotib, aksincha chetdan kamroq keltirish siyosati olib borildi, ya’ni faol va ijobiy savdoga amal qilindi. Buni proteksionizm siyosati deyiladi (erkin savdoga qarama-qarshi). Bu siyosatni ayniqsa Angliya keng qo‘llagan.
3. RIVOJLANGAN MERKANTILIZM XUSUSIYaTLARI
Rivojlangan merkantilizm yoki savdo balansi nazariyasi XVI asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘ldi va XVII asrning o‘rtalarida asosan Angliyada avj oldi. Uning asosiy mafkurachisi Tomas Mann (1571-1641) edi. Uning fikricha, pul tashqi savdo oborotida boshlangich maskannni tashkil etadi, ya’ni P-T-P. T.Mannning fikricha har bir savdo kapitalisti o‘z pulini ma’lum foyda olish uchun oborotga qo‘yadi. Shunday yo‘l bilan, ya’ni savdo yo‘li bilan boyish kerak. Tovar chiqarish miqdori (eksport), uni kiritish (import) dan ortiq bo‘lishi zarur. Ishlab chiqarishni rivojlantirish savdoni kengaytirish vositasi sifatida qaraladi. Tovar, pul, foyda va kapital orasidagi aloqadorlikning sababini topishga harakat qilingan. U Makedoniya podshosi Filipp Makedonskiyning «Kuch natija bermagan joyda pulni ishga solish kerak», degan iborasini yaxshi ko‘rgan.
Savdo balansini oshirish uchun ishlab chiqarish harajatlarini kamaytirishga e’tibor berildi, bunda birinchi navbatda yollanma ishchilarning ish haqini cheklash va umuman, xalqning turmush darajasini pasaytirish kerak, deb topildi. Ish haqini cheklash zarurligi g‘oyaVIy asosda hal etildi. T.Mann yozishicha, «mo‘l-ko‘lchilik va kuch xalqni qanchalik buzsa, ehtiyojsiz qilib qo‘ysa, qashshoqlik va muxtojlik uni shunchalik aqlli va mehnatsevar qiladi» emish. Bu albatta, savdo kapitali xodimlari har qanday yo‘l bilan imkoni boricha ko‘proq boyishi uchun yo‘l ochib berish, demakdir. XV-XVII asrlarda merkantilizm g‘oyalari (pul to‘plash siyosati, proteksionizm, xo‘jalik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va boshqalar) Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarida, Portugaliyadan to MaskoVIyagacha yoyildi. Fransiyada bu g‘oya XVIII asrning ikkinchi yarmida moliya ministri Kolber tomonidan rivojlantirildi. Fransiyada sudxo‘rlikning rivojlanishi shu siyosat bilan chambarchas bog‘liq, uning ta’siri asrlar davomida saqlanib qoldi va milliy xususiyat kasb etdi (P-P). Italiya iqtisodchilari ham (A.Serra) bu ta’limotni keng tadqiq etdilar. Agar inglizlarda bu ta’limot ko‘proq «savdo» bilan bog‘liq bo‘lsa, italiyaliklarda u ko‘proq «pul», «chaqa» shaklida namoyon bo‘lgan. Germaniyada merkantilizm kameralistika shaklida bo‘lib, XIX asr boshlarigacha rasmiy iqtisodiy doktrina edi.
Ammo merkantilizmning iqtisodiy g‘oyalari va uning nazariy asosi Angliyada ishlab chiqildi. O‘z davri uchun bu ta’limot ancha ijobiy voqea bo‘ldi.
Merkantilizmning nazariy va siyosiy siyosat sifatida milliy harakterda ekanligi o‘zining asosiga ega edi. Kapitalizmning tez rivoji faqat millik ramkalarda mumkin edi va ko‘p hollarda davlat hoqimiyatiga bog‘liq bo‘lgan, chunki davlat kapital jamg‘arilishiga yordam bergan va shu bilan xo‘jalik o‘sishini ta’minlagan. Merkantilistlarning qarashlari shu davrdagi iqtisodiy rivojning haqiqiy qonuniyat va talablarini izxor etgan. Nima uchun «boylik», ya’ni iste’mol qilinayotgan va jamlanayotgan boyliklar (ya’ni iste’mol qiymatlari) bir mamlakatda boshqasinikidan tezroq o‘sadi?
Korxona va ayniqsa davlat miqyosida boylik tezroq ko‘payishi uchun nima qilish mumkin va zarur? degan savol tug‘iladi. Merkantilistlar shu savolga javob berishga o‘rindilar.
Davr taqozosi tufayli sanoat hali feodalistik, aniqrog‘i kapitalizmgacha bo‘lgan shaklda edi va sanoat kapitali hali yetakchi emas edi, asosiy kapital savdoda to‘plandi. Shu davrda Ost-Indiya, Afrika va boshqa koloniyalarning asosiy maqsadlari savdo bilan bog‘liq edi. «Milliy boylikka» asosan va ko‘proq savdo kapitali sifatida qaralgan va asosiy iqtisodiy kategoriya - almashuv qiymatiga katta e’tibor berilgan.
Arastu, Ibn Xaldun va boshqa olimlarga tegishli bo‘lgan ekvivalent (teng) almashuv tamoyili merkantilistlarga yot edi. Aksincha ularning fikricha almashuv tabiatan tengsiz, ya’ni noekvivalentdir. Bu g‘oyaning kelib chiqishi tarixan bo‘lib, ular almashuv deganda birinchi navbatda tashqi savdo almashuvini tushunishgan, ayniqsa rivojda ortda qolgan xalqlar va mustamlakalardagi almashuv oldindan teng bo‘lmagan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, boshqa yo‘nalish (Arastu), o‘rta asrdagi tadqiqotchilardan farqli ravishda merkantilistlar qiymatning mehnat nazariyasini rivojlantirmadilar. Ularning fikricha, kapitalning o‘sishi va jamg‘arilishi almashuv tufayli, ayniqsa tashqi savdo tufayli ro‘y beradi, lekin ular ko‘p masalalarni to‘g‘ri hal etishga intilganlar. Merkantilizm bu davrda xalq manfaatlaridan yirok siyosatni olib borayotganligi ochiqdan-ochiq ma’lum bo‘lib qoldi. Ba’zi bir ingliz mualliflari, masalan J.Chayld, U.Teml boshqacha yo‘l, ya’ni ssuda kapitali miqdori (foiz)ni kamaytirishni taklif etgan. Merkantilistlarning g‘oyalari burjua siyosiy iqtisodining avvalgi davr qarashlarini aks ettiradi, chunki ular asosiy e’tiborni muomala sohasiga qaratgan edilar (boylik asosan ishlab chiqarish sohasida yuzaga keladi, buni keyinroq ko‘ramiz). Merkantilizm turli davlatlarda asosiy sohalarda bir xil namoyon bulsa ham o‘ziga xos milliy xususiyatlarga ham ega. Kapitalistik ishlab chiqarishga imkoni boricha ko‘proq aholini jalb etish muhim deb hisoblangan, chunki real ish haqi past bo‘lgan sharoitda foyda kelishi oshadi va kapital jamg‘arilishi tezlashadi.
Pul tizimini tartibga solish, bu borada davlatning rolini oshirish qo‘llangan. Ayrim mutaxassislar, T.Mann chetga nodir metallar chiqarishga ruxsat berish tarafdori edi. Uning fikricha, dehqon hosil olish uchun yerga don sepishi kerak bo‘lgani kabi, savdogar ham chetga pul olib chiqishi va unga chet el tovarlarini sotib olishi, uni ko‘plab olib kelib, yana qaytadan sotishi va yangi qo‘shimcha pul ishlab, millatga foyda keltirishi kerak. Mamlakat quyidagi xalqaro almashuv yo‘llari bilan foyda olishi mumkin: tovarlar, xizmatlar, nodir metallar eksporti yoki investitsiya shaklida kapital importi (chet eldagi kapital foydasi shaklida ham bo‘lishi mumkin). Davlat sarflari quyidagicha: tovarlar importi, yashirin import, nodir metallar importi va chet el aktivlar shaklidagi kapital eksporti. Odatda bu ikki holat teng bo‘ladi. Ammo merkantilistlar shu yo‘l bilan foyda olish mumkinligiga ishonganlar, bu biroz xato fikrdir (quyida ko‘riladi).
Merkantilizm ta’limot sifatida ham, iqtisodiy siyosatdagi yo‘nalish sifatida ham turlicha edi: eskirayotgan feodal munosabatlarga qarama-qarshi va yangi burjuaziyani qo‘llash orqali o‘z davri uchun progressiv bo‘lgan ilk kapitalizmning shakllanishiga yaxshi imkoniyat yaratdi. Ammo Fransiyada Lyudovik XIV («Davlat bu men» degan) va Kolber tomonidan manufakturalarni ko‘paytirish usuli milliy sanoatni rivojlantirish uchun emas, absolyutizmni mustahkamlash, qirol xonadonining sarf-harajatlarini qoplashga qaratildi. Germaniyadagi kameralistlar ham mavjud hoqimiyatni qo‘llash, aholini esa ularga so‘zsiz buysundirishga harakat qildilar. Merkantilizm bilan birga siyosiy iqtisod tushunchasi ham kirib keldi. Bu tushuncha fransiyalik Antuan Monkreten Ser de Vattevil tomonidan kiritildi (1565-1621). U 1615 yilda «Siyosiy iqtisod traktati» kitobini yozdi. Bundagi asosiy g‘oya - «ko‘p sotishu, kam sotib olish». Olim o‘z g‘oyalari buyicha faol merkantilist edi.
«Siyosiy iqtisod» tushunchasi va shu nomli fan XX asrning 90-yillarigacha yashab keldi, ayniqsa sobiq sotsialistik deb atalgan mamlakatlarda bu nom mashxur edi, chunki davlatning iqtisodiyotga faol aralashuvini qonuniyat darajasiga ko‘targan edi. Farbda XIX asr oxirida (A.Marshall) bu ibora «ekonomiks» shaklida qo‘llanila boshlangan (bu haqida quyida gap boradi). Angliyada qishloq xo‘jaligi va sanoatda kapitalistik o‘zgarishlar erta amalga oshgan va bunga merkantilizm ham yordam bergan bo‘lsa, Fransiyada ahvol o‘zgacha edi. Fransiyada yangi merkantilizm siyosati (Lyudovik XIV) hukumat a’zosi (moliya nazoratchisi va dengiz ishlari vaziri) Jan Batist Kolber (1619-1683) tomonidan keng olib borildi (bu siyosat kolbertizm deb ataladi). Bu davlatda feodal munosabatlar (ayniqsa mayda dehqonchilik) keng tarqalgani uchun Kolber asosiy e’tiborni sanoatga qaratdi va agrar sohani deyarli e’tiborga olmadi. Masalan, chetdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari keltirish qo‘llangan, chiqarish esa cheklangan, don narxi davlat tomonidan past ushlab turilgan.
Bu siyosatda sanoat birinchi o‘ringa qo‘yiladi va ayniqsa qishloq xo‘jaligining pasayishiga olib keldi, bu esa noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shunday haqiqatga yaqin rivoyat borki, unga ko‘ra ishbilarmonlar Kolberga shikoyat qilishgan, shunda u «nima istaysizlar» deb so‘raganda fransuzcha «laisser faier» (qilishga ruxsat bering, ya’ni o‘z-o‘zidan davom etaversin) degan ekanlar, ya’ni «bizga erkinlik bering» degani. Bu ibora hozirgi davrda ham sof erkin iqtisodiyot prinsiplarini, birinchi navbatda, davlatning iqtisodiyotga aralashmasligini talab etadi (liberalizatsiya, lesse-ferr).
Merkantilizmning yana bir shakli kameralistika (lotinchada-xazina) bo‘lib, ayniqsa, Germaniyada keng tarqalgan. Bu g‘oya tarafdorlari yirik feodallar xo‘jaliklarini boshqarish masalasini yuqori qo‘yadilar va buni idora doirasida hal qiladilar. Demak, yangi ta’limot bo‘yicha iqtisodiyotda davlat roli birinchi o‘ringa ko‘yiladi. Amalda esa turli-tuman farmon, farmoyish, qonunlar yuzaga kelib, erkin raqobatga yo‘l berilmas edi. Hunarmandchilik buyicha sex tizimi, feodallarning imtiyozlarini himoya qiluvchi qoidalar saqlab qolindi (tenglik yo‘q). Bu tizim Fransiyada XVIII asr oxirigacha, Angliyada XIX asr boshlarigacha saqlab kelindi.
Merkantilizm bozor iqtisodiyotining birinchi ta’limoti edi. Bu ta’limot barcha mamlakatlarda tarixan progressiv harakterga ega. Merkantilistlar birinchi marta boylik sifatida iste’mol qiymatini emas, balki almashuv qiymatini qabul qildilar. Ular qiymatni va demak boylikni pul bilan tenglashtirib, oddiy til bilan aytganda ko‘pol, sodda shaklda bozor-kapitalistik iqtisodiyotning siri, uning almashuv qiymatiga to‘la tobe’ ekanligini ochib qo‘ydilar. Xullas, merkantilistlar qiymatning mehnat nazariyasidan ancha uzoqda edilar. Merkantilizm (proteksionizm) siyosati kapitalning dastlabki jamg‘arilishini va demak, feodalizmdan kapitalizmga o‘tishni tezlashtirdi.
Dostları ilə paylaş: |