Ma’ruzalar matni 1-Mavzu. «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» fanining predmeti va o‘rganish usuli reja



Yüklə 1,27 Mb.
səhifə68/77
tarix07.01.2024
ölçüsü1,27 Mb.
#204938
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   77
ИТТдан маърузалар лотин

6. INSONIY RIVOJLANISh KONSEPSIYaSI

Keyingi davrda BMT tomonidan «Insoniy rivojlanish konsepsiyasi» ilgari surildi, unga to‘laroq to‘xtalishni lozim topdik, chunki undagi qoidalar respublikamiz uchun ham nihoyatda ahamiyatlidir. Iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi daromadning ko‘payishi va insoniy farovonlikning yaxshilanishi orasidagi aloqani aniqlashda muhim xizmatni ado etadi. Bunday bog‘lanish nafaqat iqtisodiy o‘sishning miqdoriga, balki sifati va qanday taqsimlanishiga ham bog‘liqdir. iqtisodiy o‘sish va odamlar hayoti orasidagi bog‘lanish oqil siyosat - ijtimoiy maqsadlar uchun to‘lovlar, daromad va aktivlarni qayta taqsimlashga qaratilgan fiskal siyosat orqali yaratilishi kerak. Bunday bog‘lanish qashshoqlikni kuchaytiruvchi avtomatik tarzda ishlovchi bozor iqtisodiyoti sharoitida mavjud bo‘la olmaydi. Ammo biz ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Daromad ko‘payishi bilan insonlar hayotining yaxshilanishi orasidagi avtomatik bog‘liqlikni inkor etish iqtisodiy o‘sishni inkor qilish emasdir. Iqtisodiy o‘sish kambag‘al jamiyatlar uchun qashshoqlikni kamaytirish va umuman yo‘qotishda juda muhim. Lekin bunday o‘sish sifatining ahamiyati uning hajmidan muhimroq. Dono milliy siyosat iqtisodiy o‘sishni odamlar hayotini yaxshilashga o‘gira olishi kerak. Buni qanday qilib amalga oshirish mumkin? Bu iqtisodiy va siyosiy hoqimiyatda katta strukturaviy o‘zgarishlarni talab qilishi mumkin, bu sohada insoniy rivojlanish paradigmasi juda inqilobiydir. U ko‘p mamlakatlarda amaldagi hoqimiyat tizimini qayta ko‘rib chiqishni talab etadi. Iqtisodiy o‘sish va odamlar farovonligi orasida bog‘liqlikning kuchayishi ko‘p vaqt talab etuvchi yer reformasi, soliqlarning progressiv tizimi, asosiy ijtimoiy yordamning kuchaytirilishi, uni barcha muhtoj aholiga yetib boradigan qilish, odamlarning iqtisodiy va siyosiy faoliyatlari yo‘lidagi to‘siqlarning yo‘qotilishi va ularning boylikka ega bo‘lish huquqini tenglashtirish va bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq, iqtisodiy va siyosiy sa’y-harakatlardan eng ko‘p ozor chekishi mumkin bo‘lganlarga vaqtinchalik ijtimoiy xavfsizlik tizimini joriy qilish kabi bir qancha chora-tadbirlarni talab etishi mumkin. Bunday siyosiy faoliyat fundamental va har bir mamlakat uchun farqlidir. Ammo ba’zi bir xususiyatlar hamma mamlakatlar uchun umumiy.


Birinchidan, inson muammolari markaziy muammoga aylanadi. Rivojlanish odamlar farovonligining oshishi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi va tushuniladi. Har qanday faoliyat unda qancha odam qatnashganligi va foydalanganligi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Rivojlanish siyosatining muvaffaqiyatli bo‘lishining burilish nuqtasi sifatida ishlab chiqarishning ko‘payishi emas, balki insonlar hayotining yaxshilanishi olinadi.
Ikkinchidan, insoniy rivojlanish ikki tomondan iborat ekanligi nazarda tutiladi. Birinchisi - yaxshi sog‘liq, salomatlik, chuqur bilim va hunarlar kabi insoniy qobiliyatlar majmuasi bo‘lsa, ikkinchisi - ish bilan ta’minlanganlik, ishlab chiqarish faoliyati, siyosiy faoliyat va hordiq chiqarish kabi erishiladigan qobiliyatlarga ega bo‘lish yo‘lidagi odamlar dunyoqarashini oshirishdir. Bu ikkala tomon me’yorining insoniy rivojlanish tomonidan tartiblanmaganligi insonlar rejalarining talafotida o‘z aksini topadi.
Uchinchidan, pirovard maqsadlar va ularga erishish usullari orasida aniq farq o‘tkazilishi zarur. Odamlar maqsad sifatida qaralishi kerak bo‘lsa-da, unga erishish usullari yoddan chiqmasligi kerak. Yalpi milliy mahsulotning (YaMM) o‘sishi ko‘pgina insoniy farovonlik ko‘rsatkichlari o‘sishining muhim omilidir. Ammo iqtisodiy o‘sishning harakteri va taqsimlanishi odamlar hayotini boyitishga nisbatan o‘lchanishi zarur.
To‘rtinchidan, insoniy rivojlanish faqat iqtisodiyotni emas, balki butun jamiyatni qamrab oladi. Siyosiy, madaniy va ijtimoiy omillarga iqtisodiy omillarga kabi e’tibor beriladi.
Beshinchidan, odamlar rivojlanishning maqsadi va erishish omili ekanligi tan olinadi. Odamlar materialistik mashina uchun qulay yem emas, balki rivojlanishning oxirgi maqsadi ekanligi doim yodda bo‘lishi kerak. Odamlar tovar ishlab chiqarishning «insoniy kapital» niqobi ostidagi quroli emasligi ko‘zda tutilishi kerak.
Xo‘sh, mamlakatning insoniy rivojlanish darajasi qanday baholanadi? Bu muammoning zamonaviy yechimlariga bir oz to‘xtalamiz. Mamlakatning rivojlanganlik darajasini baholashning yaqingacha yagona usuli jon boshiga YaMM bo‘lganligi sababli, mukammalroq ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichni kashf qilish davr talabi edi. Izlanishlar natijasida insoniy rivojlanish indeks (IRI) ko‘rsatkichi kashf etildi. IRI inson rivojlanish darajasini ko‘rsatuvchi uch asos - umrboqiylik, ta’lim va yashash darajalaridan iborat integral ko‘rsatkichdir. Uzoq umr ko‘rish kutilayotgan hayot davomiyligi orqali o‘lchanadi. Ta’lim darajasi ko‘rsatkichning 2/3 qismini tashkil etuvchi katta yoshlilar savodxonligi va 1/3 qismini hosil qiluvchi ta’limning o‘rtacha davomiyligi ko‘rsatkichlari orqali ifodalanadi. Yashash hayotning mahalliy qiymati (sotib olish pariteti yoki RRR) ga nisbatan to‘g‘rilangan jon boshiga real yalpi ichki mahsulot (YaIM) orqali baholanadi. Nimaga faqat uch ko‘rsatkich? - degan savol tug‘ilishi tabiiy. Inson hayotining hamma jabhalarini aks ettirish a’lo bo‘lar edi. Ammo ma’lumotlarning to‘liq emasligi bir oz cheklanishlar tug‘diradi va bu ma’lumotlarga ega bo‘linganda, balki ularni ham hisobga olish ayni muddao bo‘lar edi. Ammo ko‘proq ko‘rsatkichlarni qo‘shish har doim ham yaxshiroq natijalarga olib kelavermaydi. Ularning ba’zi birlari ishlatilayotgan ko‘rsatkichlar bilan korrelyatsiya qilingan bo‘lishi mumkin. Bolalar o‘limi darajasi, masalan, kutilayotgan hayot davomiyligida o‘z aksini topgan. O‘z garuvchilarning ko‘proq sonini qo‘shish umumiy manzarani xiralashtiradi va asosiy yo‘nalishlardan chalg‘itadi.
Insoniy rivojlanish tushunchasi so‘nggi yillarda barqaror rivojlanish g‘oyasi bilan to‘ldirildi. Buning ma’nosi shuki, hozirgi avlodning insoniy rivojlanish jarayoni kelajak avlod insoniy rivojlanishi hisobiga ro‘y bermasligi darkor. Barqaror rivojlanish konsepsiyasi dastlab atrof-muhitni muhofaza qilish harakati tomonidan kiritildi, bu harakat namoyandalari rivojlanish tushunchasi «avlodlar o‘rtasidagi munosabatlar» kabi g‘oyani ham o‘z ichiga olishini himoya qilmoqdalar. Tabiiy resurslarning kamayib borishi kelajak avlodlar rivojlanishi muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. «Barqaror rivojlanish» konsepsiyalari atrof-muhit va tabiiy resurslar doirasidagina qo‘llanilishi mumkin bo‘lmay, balki insoniy imkoniyatlar, «insoniy kapital»ga qo‘yiladigan investitsiyalarga ham tegishlidir.
Insoniy rivojlanish konsepsiyasi BMT Taraqqiyot Dasturi (FNDP) tomonidan izchil targ‘ib qilinib kelmoqda. Bu sohadagi izlanishlar yillik «Insoniy rivojlanish bo‘yicha hisobotlar» (Human Development Report) ko‘rinishida chop etilmoqda. 1988 yilda boshlangan o‘n yillik BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan barqaror ijtimoiy rivojlanish o‘n yilligi deb e’lon qilingan. Bu o‘n yil davomida ijtimoiy masalalarning ko‘pgina jabhalariga tegishli o‘nta bo‘tunjahon anjumanlari o‘tkazilishi mo‘ljallangan. 1995 yil mart oyida Kopengagenda o‘tkazilgan oliy martabali ijtimoiy rivojlanish konferensiyasi va 1995 yil sentabr oyida Pekinda o‘tkazilgan ayollar muammolariga bag‘ishlangan konferensiyalar (1995 yilgi «Insoniy rivojlanish bo‘yicha hisobot» erkak va ayollar orasida tenglikka erishish masalalariga bag‘ishlangan) ana shular jumlasidandir. Har ikkala anjumanda o‘ta muhim zamonaviy masalalarga javob topishga harakat qilindi. Xususan, Kopengagen anjumanida 160 ga yaqin davlat boshliqlari ishtirok etdi. Unda Butunjahon Ijtimoiy Deklaratsiyasi qabul qilindi va harbiy sohaga sarf qilinayotgan harajatlarni insoniy rivojlanish maqsadlariga safarbar qilish yo‘llari muhokama qilindi.
1995 yildan boshlab BMT Taraqqiyot Dasturi milliy darajada ham «Insoniy rivojlanish bo‘yicha hisobot»larni nashr qilishda yangi mustaqil mamlakatlarga ko‘mak bera boshladi. 1995 yil uchun ana shunday hisobotning O‘zbekistonda chop etilishi bu sa’y-harakatlarning muvaffaqiyatli tugaganidan dalolat beradi. Eslatib o‘tilgan bu hisobot O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon insoniy rivojlanish borasida erishilgan yutuqlar va yo‘qotilishi kerak bo‘lgan kamchiliklar haqidadir. Kelajakda shunday hisobotlarni doimiy asosda chop etish mo‘ljallanmoqda. Bu ezgu yo‘lda BMT Taraqqiyot Dasto‘rining ko‘rsatayotgan yordami beqiyosdir (O‘zbekistonda 2000 yilgi Dastur ham e’lon qilindi).
Bunday hisobotlar o‘zbekistonlik mutaxassislar va BMT ekspertlarining birgalikdagi mehnatining mevasidir. Bu hisobotlar keng dunyo ommasiga taqdim etiladi va O‘zbekistonda insoniy rivojlanish qay holda ekanligini dunyoga bildiradi.
O‘zbekistondagi ijtimoiy rivojlanish konsepsiyasining asosini aynan inson va uning manfaatlari tashkil etadi. U insonni pirovard maqsad va rivojlanish asosi deb qaraydi. Hozirgi davrdagi mavjud konsepsiyalar hoh markazlashtirilgan iqtisodiyotda moddiy mahsulotning yoki bozor iqtisodiyotida ichki mahsulotning o‘sishi bo‘lsin, tovar ishlab chiqarishni eng asosiy maqsad deb bilgan. Undan tashqari, bu asosiy maqsad, ya’ni jon boshiga tovar ishlab chiqarishning o‘sishi, jismoniy kapitalni jamg‘arish hisobiga erishilgan. Ya’ni eskicha fikrlash doirasida qo‘shimcha o‘sish pirovard maqsad bo‘lsa, investitsiyalar esa unga erishish vositasi hisoblangan.
Har qanday jamiyatlarning rivojlanishida ularning bir holatdan boshqasiga o‘tish davrlari eng mushkul, og‘ir bo‘lib hisoblanadi. Bu bir hayot tarzining bo‘zilishi va yangisining yaratilishini davomida vujudga keladigan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy harakatlardagi murakkabliklar bilan bog‘liqdir.
Jamiyatni bunday tubdan o‘zgartirish beozor o‘tishi mumkin emas. Bu o‘sish istar-istamas yuzlab va minglab odamlar, oilalar, milliy va jamoat guruhlari, butun davlatning ijtimoiy ahvoli, moddiy farovonligi, taqdirlariga dahldor bo‘ladi.
O‘zbekiston hukumati islohotlarining insonlar hayoti va farovonligiga salbiy ta’sirini imkoni boricha kamaytirish maqsadida yangi iqtisodiy va ijtimoiy tizimga bosqichma-bosqich o‘tish yo‘lini tanladi.
O‘zbekiston uchun hozirgi bosqichda birinchi va muhim vazifa - bu bozor islohotlarini o‘tkazishda jadallashtirishga asos bo‘lgan, makroekonomik barqarorlikni ta’minlashdir. Chunki bu aholi turmush darajasini yetarli ta’minlashning tabiiy asosini tashkil etuvchi kelgusi iqtisodiy o‘sish zaminidir. Masalaning murakkabligi shundaki, makroekonomik siyosatning kuchaytirilishi sharoitida ijtimoiy ehtiyojlarga harajatlarni keskin kamaytirishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak, chunki insoniy resurslarga qo‘yilgan mablag‘lar ularning kelajakda barqaror rivojlanish asosigina bo‘lib qolmasdan, hozirgi davrda osoyishta ijtimoiy sharoitning kafolotlanishini ham ta’minlaydi. O‘zbekiston uchun bu juda muhimdir, chunki u qo‘shni mamlakatlarda harbiy to‘qnashuvlar davom etayotgan mintaqada joylashgan. Davlat o‘tish davrining murakkabliklarini hisobga olgan holda o‘z oldiga aholining iste’mol darajasining keskin pasayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, mavjud ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash, aholini sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan ta’minlash, yangi bozor munosabatlari sharoitlariga moslashishi qiyinroq bo‘lgan aholi qatlamlarini qo‘shimcha ijtimoiy yordam bilan ta’minlash, mamlakatning har bir mehnatga layoqatli fuqarosi o‘z ijobiy kuchlarini namoyon etishi, mustaqil ravishda o‘zi va oilasi uchun yaxshi hayotni ta’minlashi uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yilgan.
O‘tishning dastlabki bir necha yilida talay qiyinchiliklar qayd etildi, ammo Hukumat iqtisodiy va ijtimoiy siyosat yurgizish yo‘li bilan aholini tushkunlik sharoitida shak-shubhasiz ro‘y beradigan asosiy larzalardan himoya qila oldi.
Mamlakat, shuningdek, boy tabiiy resurslardan foydalanishning puxta o‘ylangan yondashuvi asosida kattagina mablag‘larni jalb qilishga erishdi. Natijada ishlab chiqarishning pasayishi MDH mamlakatlariga nisbatan ancha kam bo‘ldi, 1996 yildan o‘sish boshlandi. Undan tashqari davlat ishlab chiqarish hajmlari pasayishiga qaramay, aholini ish bilan ta’minlashning yuqori darajasiga erishish uchun barcha tadbirlarni qo‘lladi. Ishlab chiqarishning pasayishi va inflyatsiyaning ko‘tarilishi tufayli real ish haqi keskin pasaydi, ammo respublika ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning keng qamrovli hukumat dasturi yo‘li bilan aholining iste’mol darajasini qo‘lladi.
Albatta aholini qo‘llovchi keng qamrovli dasturni uzoq vaqt mobaynida ta’minlash qiyin masala hisoblanadi. Ammo islohotning dastlabki bosqichida bu madad kelajakda islohotlarning amalga oshishi uchun siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash va milliy birdamlikka erishishda nihoyatda muhimdir. Respublika amalda muhim ustunliklarga ega va oqilona iqtisodiy siyosat amalga oshirilganda o‘tishni muvaffaqiyatli yakunlashi aniq.


XULOSA

Jahon xo‘jaligi, jahon bozori va integratsion jarayonlarning uzoq tarixi bor. Ayniqsa, Buyuk ipak yo‘li (m.a. II asrda) davrida aniq namoyon bo‘lgan bu jarayon XVI asrda buyuk geografik kashfiyotlar tufayli kuchaydi. II Jahon urushidan keyingi davrda esa bu xalqaro iqtisodiy munosabatlar maxsus tashkilotlar orqali amalga oshirilib, hozirgi davrni ularsiz tasavvur etish mumkin emas. «Beniluks» (1944 y.), Umumiy bozor (1957y.), Yevropa ittifoqi, OPEK (1960y.), NAFTA, EKO, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki va boshqa xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bu aloqalarni ma’lum tartibga solib kelmoqdalar.


A.Smit mehnat taqsimoti ishlab chiqarishda taraqqiyot asosi ekanligini isbotlab bergan bo‘lsa, D.Rikardo bu mehnat taqsimoti faqat ma’lum mamlakat doirasidagina emas, balki dunyo miqyosida bo‘lishi kerak, degan g‘oyani ilgari surdi. Chunki har bir davlat ma’lum sohada nisbiy ustunlikka ega bo‘ladi. «Nisbiy ustunlik», «solishtirma chiqimlar» nazariyasi xalqaro mehnat taqsimotining ob’ektiv zarurligini isbotlab berdi.
Bu borada bir qancha iqtisodiy ta’limot, nazariya va konsepsiyalar ilgari surildi.
Xalqaro iqtisodiy aloqalar bo‘yicha neoklassik (sof ta’limot) va neokeynschilik nazariyalari keng tarqalgan. «Sof» ta’limot tarafdorlari fikricha, iqtisodiy aloqalar xalqaro maydonda ham erkin bozor tamoyillari asosida rivojlanishini qo‘llaydilar (erkin raqobat, hamma uchun bir xil imkoniyat, taklif doimo talabni vujudga keltiradi, savdo balansi o‘z-o‘zini tartibga soladi va boshqalar).
Neokeynschilik ta’limoti vakillari bu jarayondagi bozor munosabatlariga davlatning faol ishtirokini ma’qul ko‘radilar.
Mustamlakachilik mamlakatlari bilan xalqaro munosabatlar bo‘yicha turli nazariyalar mavjud, ularning ko‘pchiligi metropoliya koloniyalari uchun ijobiy rol o‘ynaganligini himoya qiladi. Bevosita investitsiyalar nazariyasi mustamlakachilikda ham bo‘lib, mustaqil rivojlanish yo‘liga o‘tgan mamlakatlarda iqtisodiyotni qo‘tqarishdagi asosiy yo‘l deb hisoblanadi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar rivoji bilan birga bir qancha muammolar mavjud, bu odatda boy va nisbatan qoloq mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlardir. 70-yillarda yangi xalqaro iqtisodiy tartib qabul qilindi. Mavjud muammolarni hal etish uchun BMT tomonidan «insoniy rivojlanish» konsepsiyasi taklif etilgan.



Yüklə 1,27 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin