5. Qorishmalarni tayyorlash va tashish Qurilish qorishmalari beton-qorishma zavodlarida, lar tayyorlash markazlarida yoki qorishma qorish uzellarida tayyorlanadi. Qurilish maydoni zavoddan uzoqda joylashganda va bajariladigan ishlar hajmi kam bo‘lganda qorishma ob’ekt yaqinida joylashgan mexanizatsiyalashtirilgan qurilmalarda tayyorlanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qorishmalarni tayyorlash jarayoni tashkil etuvchi materiallarni tayyorlash, ularni o‘lchash (dozalash) va aralashtirishdan iborat bo‘ladi. Portlandsement, ohak, gips va boshqa bog‘lovchilar Davlat standarti talablariga javob berishi kerak. Qum zarurat bo‘lsa elanadi, yuvish usulida chang, loy miqdori meyorga keltiriladi. Ohak va giltuproq xamiri zarur quyuqlik darajasida tayyorlanadi. Qorishma harakatchanligini meyorga keltirish uchun tarkibiga kiritiladigan plastifikatorlar va kimyoviy qo‘shimchalar tegishli konsistensiyagacha suyultiriladi.
Qorishmalarni tayyorlashda mineral bog‘lovchilar massasi bo‘yicha, qum va suv hajm bo‘yicha o‘lchab solinadi.
Qurilish qorishmalari 150, 375 va 750l sig‘imli davriy ishlaydigan qorishma qorgichlarda tayyorlanadi (8.4-rasm). Qorishma qorgichlarda og‘ir qorishmalar 1-2 minut, engil qorishmalar esa 4 minut davomida aralashtiriladi.
Hozirgi vaqtda qurilish qorishmalari quruq qorishmalar markazida suv qo‘shmasdan tayyorlanib, qurilish maydonlarida maxsus qorishma qorgichlar vositasida plastik qorishmaga aylantirilishi mumkin.
Qurilish qorishmalari istemolchiga maxsus uskunalangan avtotsisternalarda, avtosamosvallarda tashiladi.
Quruq qorishmalar maxsus avtopritsep qorishma qorgichlarda tashiladi va qurilish maydonlarida suv bilan aralashtirilib binolarga uzatiladi. Qorishma yuqori qavatlarga maxsus ko‘tarmalar, nasoslar yoki pnevmotransport vositasida etkazib beriladi.
Qurilishga keltirilgan qorishma partiyasi pasportida qorishma partiyasining nomi va nomeri, uning hajmi, tayyorlangan sanasi, markasi, tarkibi, harakatchanligi va suv ushlashlik xususiyati ko‘rsatilishi kerak.